Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Fransiya hukumatini Armanistonni qurollantirish orqali Kavkazda yangi urushga undashda aybladi. Bu haqda Aliyev 21 noyabr, seshanba kuni Bokuda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyadagi yozma izohlarida ma’lum qildi. «Fransiya militaristik siyosat olib bormoqda, Armanistonni qurollantirmoqda, Armanistondagi revanshist kuchlarni rag‘batlantirmoqda va mintaqada yangi urushlarni qo‘zg‘atishga zamin yaratmoqda», — dedi Ozarboyjon prezidenti.
Boku va Yerevan o‘rtasida 30 yildan ortiq vaqtdan beri Ozarboyjonning asosan etnik armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi yuzasidan hududiy ziddiyat hukm surmoqda. Sentyabr oyida Boku tezkor harbiy operatsiya natijasida Tog‘li Qorabog‘ni o‘z nazoratiga oldi.
Tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchi tomonidan o‘qib eshittirilgan bayonotda Aliyevning ta’kidlashicha, Parij «nafaqat o‘zining sobiq va hozirgi mustamlakalarida, balki Janubiy Kavkazda ham bo‘lginchi harakatlar va ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlagan holda barqarorlikni buzyapti».
Boku Fransiyadan «aql o‘rgatmaslikni» so‘radi
Katta arman diasporasiga ega bo‘lgan Fransiya Boku tomonidan Kavkaz davlatlari o‘rtasidagi hududiy mojaroda «armanparastlik» uchun muntazam ravishda tanqid qilinadi.
Ozarboyjon rasmiylarining fikricha, Parij BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatidagi maqomini «o‘zining noxolis siyosatini olib borish uchun suiiste’mol qilmoqda, turli mintaqalarda geosiyosiy intrigalar bilan shug‘ullanmoqda va G‘arb davlat tashkilotlaridan bosim vositasi sifatida foydalanishga harakat qilmoqda». Murojaatnomada Ozarboyjon davlati rahbari Fransiyadan «boshqa davlatlarga aql o‘rgatish amaliyotiga chek qo‘yishni» talab qildi.
Armaniston-Ozarboyjon tinchlik bitimi haqida
O‘tgan shanba kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan YeXHT Parlament assambleyasining kuzgi sessiyasi ochilish marosimida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Boku bilan tinchlik bitimi asosiy tamoyillari bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ma’lum qildi. «Armaniston-Ozarboyjon tinchlik jarayoni haqida yaxshi va yomon xabarlarimiz bor. Ozarboyjon bilan tinchlikning asosiy tamoyillari kelishib olingani yaxshi», - dedi u va «asosiy yomon xabar» - Yerevan va Boku hali ham «turli diplomatik tillarda» gaplashayotganida ekanini qo‘shimcha qildi.
Oktyabr oyi oxirida Pashinyan yaqin oylarda Boku bilan tinchlik bitimi tuzish imkoniyatini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston va Ozarboyjon 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasi asosida bir-birining hududiy yaxlitligini o‘zaro tan olish to‘g‘risida kelishib olgan, unga ko‘ra Armaniston hududi 29,8 ming kvadrat kilometrni, Ozarboyjonning hududi esa 86,6 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Tinchlik shartnomasi ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishini ham anglatadi.
















