Jahon | 22:08 / 22.11.2023
10749
6 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda otashkesim, YeI sari odimlayotgan Ukraina va chegaralarini yopmagan Finlandiya - kun dayjesti

Dunyoda kun davomida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning qisqa va lo‘nda tafsilotlari bilan Kun.uz’ning yangi loyihasi — Jahon xabarlari dayjestida tanishtiramiz.

HAMAS va Isroil o‘rtasidagi garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Unga ko‘ra HAMAS garovda ushlab turilgan isroillik 50 nafar ayollar hamda bolalarni ozod qiladi, Isroil esa hibsda saqlanayotgan 150 nafar mahbuslarni. Otashkesim ertaga ertalabdan kuchga kiradi.

Isroil hukumati ham HAMAS bilan to‘rt kunlik otashkesim rejimi joriy etish va garovda ushlab turilganlarning bir qismini ozod qilish to‘g‘risidagi bitimni ma’qullagan.

Isroil adliya vazirligi HAMAS bilan kelishuvga ko‘ra ozod qilinadigan 300 nafar falastinlik mahbus ro‘yxatini tayyorlagan. Ro‘yxatdagi 287 kishi 18 yoshdan katta bo‘magan o‘smirlar, 13 nafari ayollar.

Darvoqe, HAMAS bilan olib borilayotgan urush Isroilga juda qimmatga tushmoqda. 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan jangovar harakatlardan so‘ng Isroil valutasi — shekel 3 foizga qadrsizlangan. Chunki Isroil armiyasi har kuni urushga 240 mln dollar sarflamoqda.

Isroil fond birjasi 11 foizga qulagan. Turizm darajasi nolga tushgan. Zavodlar to‘liq yopilgan. Maktablar, ofislar va kompaniyalar ishi to‘xtatilgan. 500 mingdan ortiq isroilliklar o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgan.

Isroilliklar o‘z hukumatiga qarshi, har kuni mamlakatda norozilik namoyishlari bo‘lib turibdi.

Mavzu yuzasidan yana bir kichik xabar: turkiyalik bir guruh advokatlar Xalqaro jinoyat sudiga Netanyahu doxil isroilning oliy martabali shaxslarini hibsga olish uchun ariza yozib murojaat qilishdi.

Albatta, G‘azodagi qayg‘uli raqamlar kundan kunga o‘sib bormoqda. Isroil hujumlari tufayli bir kunda o‘ldirilganlar soni 828 nafarga ko‘pgan. Jami o‘lganlar soni 14 ming 128 nafarga yetgan. Ularning 5840 nafari bolalar va 3920 nafari ayollar.

Endi sayyoramizdagi yana bir qaynoq nuqta — Ukrainadagi urush va uning atrofidagi voqea-hodisalarga o‘tamiz.

Rossiyaga nisbatan Yevropa Ittifoqining sanksiyalari 12-paketi tayyorlanmoqda. Chexiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketiga rossiyalik diplomatlarning Yevropa Ittifoqi bo‘ylab harakatlanishga cheklov joriy etishni taklif qildi.

Chexiya hukumatining fikricha, rossiyalik diplomatlar butun Shengen zonasida emas, faqat o‘zi boradigan davlat hududida harakatlanishi mumkin bo‘lgan vaziflar va istiqomat guvohnomasi olishi kerak.

Financial Times nao‘riga ko‘ra, taklif hali boshlang‘ich bosqichda. Murakkab yuridik masalalar tufayli bu tashabbus 12-paketdan o‘rin olmasligi ham mumkin.

Sanksiyalar o‘z yo‘liga, Rossiya Ukrainaning o‘zi okkupatsiya qilgan hududlaridan milliardlab rubl soliqlar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya federal soliq xizmatiga ko‘ra, yanvar-sentabr oyida yuridik jihatdan Ukrainaga tegishli hududlarda yig‘ilgan soliqlar miqdori 144 mlrd rublga yetgan.

Anneksiya ostidagi hududlarda 138 mingta firma va kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda, mahalliy yuridik shaxslar Rossiya huquqiy maydoniga integratsiya qilingan.

Keyingi kunlarda trendda bo‘lib turgan masalalardan biri — Finlandiya hozircha Rossiya bilan chegaralarni to‘liq yopmaydigan bo‘ldi. Mamlakat adliya vazirligi hukumatning Rossiya bilan chegarada cheklovlarni kuchaytirish to‘g‘risidagi taklifini rad etdi.

Adliya vazirligi o‘zining rad etishini chegaradagi cheklovlar uchun yetarli sabablar yo‘qligi bilan izohlagan. Shuningdek, cheklovlar joriy etish xorijdan kirib kelayotganlarga boshpana so‘rash butunlay yo‘qqa chiqarardi. Bu huquq esa Finlandiya konstitutsiyasida, Yevropa Ittifoqia qonunchiligi, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi va boshqa hujjatlar bilan mustahkamlangan.

Kiyevga safar qilgan Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan sammit chog‘ida Yevroittifoq rahbarlari bilan Ukrainaning hamjamiyatga qo‘shilishi haqidagi muzokaralar boshlanishi bo‘yicha ijobiy yechim topish uchun «barcha ishni qilishi»ni va’da qilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunga javoban Ukraina Yevropa Ittifoqidan «sovg‘alar kutmayotgani»ni aytgan. «Lekin, men mamlakat urush holatida turganiga e’tibor qaratilishini istardim. Biz uchun dekabrdagi qaror — motivatsiya uyg‘otuvchi va barchamizni birlashtiruvchi qaror», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga Vengriya tomonidan veto qo‘yilishi xavfini ko‘rmayotgani, biroq Kiyevdagilar «har narsaga tayyor»ligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz: avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukraina Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishdan bir necha yorug‘lik yili narida ekanini pisanda qilgan edi.

«Bryusselda budjet muhokamasi, shuningdek Ukrainaga muzokaralarni boshlash to‘g‘risidagi xato va’dalarni to‘g‘rilash bizning asosiy vazifamiz, chunki Ukraina ayni damda Yevropa Ittifoqidan bir necha yorug‘lik yili masofasida turibdi», – degan Orban.

Qozog‘iston Ilon Maskning Starlink sun’iy yo‘ldoshli internetiga ulanishni ma’qulladi.

Buning uchun Qozog‘iston hukumati aloqa sohasidagi tegishli qonunchilik hujjatlariga ham o‘zgartirish kiritmoqchi. Qozog‘iston aloqa vaziri Bag‘dat Musinning aytishicha, bu boradagi o‘zgarishlar kelgusi yilda amalga kiritiladi. Shu paytgacha qozog‘istonlik fuqarolarga Starlink orqali internetga ulanish noqonuniy hisoblangan va jarimaga sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid