O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Eron yana zarbalar almashdi
Kecha Anqaradagi sammitda prezident Tramp Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha erishilgan muvaqqat kelishuv «tugagani», ular bilan ishlamasligini aytgandi. Shundan so‘ng, 9 iyulga o‘tar kechasi AQSh harbiylari yana Eronga qarshi zarbalar berdi.
Tramp NATO sammitidan qaytish yo‘lida Buyuk Britaniyadagi harbiy bazada jurnalistlarga bayonot berdi.
«Biz ularga juda qattiq – 20 ga 1 nisbatda zarba berdik. Har safar ular bizga zarba berganda, biz ularga 20 barobar qattiqroq qaytaramiz. Va biz buni o‘tgan kecha amalga oshirdik», dedi u.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh kuchlari so‘nggi zarbalarda Eronning taxminan 90 ta harbiy nishoniga shikast yetkazgan. Bularga havo hujumidan mudofaa tizimlari, qirg‘oqni kuzatish vositalari, raketa va dronlar saqlanadigan omborlar va harbiy logistika infratuzilmalari kiradi.
Eron davlat OAVlari janubi-g‘arbdagi Ahvaz shahrida AQSh hujumlari oqibatida uch kishi halok bo‘lgani va yana bir necha kishi jarohatlanganini bildirdi.
AQSh zarbalari asosan Eronning janubiy qirg‘oqlari bo‘ylab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan Ummon ko‘rfazigacha bo‘lgan hududlarda amalga oshirilgan.
Nishonga olingan joylar orasida Eronning eng yirik porti — Bandar-Abbos ham bor. Bu yerda Muhofizlar korpusining asosiy harbiy-dengiz obektlari joylashgan.
Shuningdek, Eronning Pokiston bilan chegarasi yaqinidagi qirg‘oqbo‘yi shaharlari — Konarak va Chobahor ham hujumga uchragan.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi payshanba erta tongda – tungi zarbalarga javoban Kuvayt va Bahrayndagi AQSh bazalarining har biriga ikkitadan hujum uyushtirganini ma’lum qildi.
Agar AQSh o‘z hujumlarini takrorlasa, ularning javob choralari mintaqadagi boshqa bazalarga ham kengayishi aytilgan.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi AQSh tahdidlari bilan emas, balki faqat «Eron tartib-qoidalari» asosida ochilishini aytdi.






