O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Xominaiy dafn qilindi

Payshanba kuni Eronning Mashhad shahrida oliy rahbar Ali Xominaiyning yakuniy dafn marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xominaiy bilan vidolashuv marosimlari olti kun davom etdi. Marosim Eron va qo‘shni Iroqning bir nechta shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Oliy rahbarning jasadi payshanba kuni ertalab vertolyotda Mashhadga olib kelindi.

Xominaiy Mashhad shahrida joylashgan Imom Rizo maqbarasi hududida dafn etildi. Shuningdek, Isroilning havo hujumi vaqtida halok bo‘lgan Xominaiyning oila a’zolari ham shu yerga qo‘yildi.

Mazkur maqbarada 2024 yilda vertolyot halokatida vafot etgan Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy ham dafn etilgan.

Marosimda o‘n minglab aholi Xominaiyning suratlari, Eron bayroqlari hamda Donald Tramp va Binyamin Netanyahuni o‘ldirishga chaqiruvchi plakatlarni ko‘tarib olgandi.

Ali Xominaiy va uning oila a’zolari joriy yil 28 fevral — urushning ilk kunida AQSh–Isroil havo hujumi oqibatida vafot etgan.

Oradan 3 oy o‘tib tomonlar sulhga kelishdi. Ammo so‘nggi kunlarda yana Ho‘rmuzda eskalatsiya boshlandi.

Erondagi Muhofizlar korpusi payshanba kuni AQSh zarbalariga javoban Iordaniyadagi Qo‘shma Shtatlarning «Azraq» aviabazasiga o‘nta ballistik raketa otganini bildirdi. Unga qadar Qatar, Kuvayt va Bahraynga ham zarbalar berilgandi.

Rossiyaning dengizdagi yo‘qotishlari

Ukraina armiyasi anneksiya qilingan Qrim hududidagi Rossiya logistika zanjiriga zarbalarni kuchaytirmoqda. Quruqlikdagi koridordan keyin yarimorolning dengiz orqali ta’minot yo‘llari ham zarba ostida qoldi.

Ukraina armiyasining dronlar bo‘linmasi qo‘mondoni Robert Brovdining ma’lum qilishicha, o‘tgan to‘rt sutka ichida Azov dengizida kamida 25 ta kema hujumga uchragan va yoqib yuborilgan. Ularning aksariyati Rossiyaning yoqilg‘i tashuvchi tankerlaridir.

Dronlar bo‘linmasi boshlig‘i «Madyar» bir necha kun ichida FVP-dronlar orqali tasvirga olingan rus kemalariga hujum qilinayotgani aks etgan o‘nlab videolarni e’lon qildi.