O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Hamas G‘azodagi hukumatni tarqatib yubordi
Dushanba kuni Hamas G‘azoda amaldagi hukumatni tarqatib yuborganini va hokimiyatni falastinlik texnokratlar guruhiga topshirishga tayyorligini ma’lum qildi. Hamasning bildirishicha, vazirliklarning o‘zi va tayinlangan xodimlar o‘z joyida qoladi. Shuningdek, guruh o‘z nazorati ostida qolgan G‘azo hududlarida xavfsizlik va tartibni saqlashni davom ettiradi.
G‘azo shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Hamas hukumati media idorasi rahbari Ismoil al-Slavabta nazorat organi hisoblangan «Hukumat favqulodda qo‘mitasi» tarqatib yuborilganini aytdi.
«Bu kelishilgan choralarni amalga oshirishdagi jiddiyligimizni ko‘rsatadi va ma’muriy o‘tish jarayonini osonlashtirish maqsadini ko‘zlaydi», dedi Ismoil.
Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan rejaga ko‘ra, Hamas nazoratni falastinlik texnokratlar guruhi — G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mitaga topshirishi kerak.
Mazkur Milliy qo‘mita rahbari Ali Sha’asning ma’lum qilishicha, 15 nafardan iborat qo‘mita «zarur resurslar va ish faoliyati uchun tegishli sharoitlar yaratilishi» bilan G‘azoda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor.
Tinchlik kengashi Hamasning ushbu qadami qayd etilganini ma’lum qildi. Biroq kengash yakuniy baho — amaliy ishlarga asoslanishini qo‘shimcha qildi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa Hamasning bayonotini rad etdi. «Hamasning texnokratik hukumatga joy bo‘shatishga tayyorligi shunchaki guruhning o‘zini qurolsizlantirishdan qochishiga qaratilgan», deb yozdi Saar.
Uning aytishicha, «modomiki Hamas o‘z qurollarini saqlab qolar ekan, har qanday fuqarolik hukumati Hamasning aytgani bilan ish yuritadi.
Isroil Tramp rejasining to‘liq bajarilishini, jumladan, Hamasning qurollarini topshirishini talab qilmoqda.
Hamas esa Isroilni otashkesimni muntazam buzishda va o‘z qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketish shartlarini bajarmaslikda aybladi. Shu bois Hamas Isroil G‘azodagi hujumlarini to‘xtatmaguncha qurolsizlanishdan bosh tortmoqda.
Tramp Erdo‘g‘anni xursand qilmoqchi






