O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron zarbalar almashdi

AQSh harbiylari o‘tgan oyda erishilgan tinchlik kelishuvi va davom etayotgan muzokaralarga qaramay, Eronga qarshi zarbalar berib, harbiy harakatlarni qayta boshladi.

Vashingtonning bildirishicha, so‘nggi zarbalar Eron kuchlarining Ho‘rmuzdan o‘tayotgan uchta tijorat kemasiga qilgan hujumlariga javoban amalga oshirilgan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va uning atrofidagi Eron havo mudofaa tizimlari, qo‘mondonlik va nazorat tarmoqlari, qirg‘oq radar obektlari, kemalarga qarshi raketa majmualari hamda Muhofizlar korpusining kichik qayiqlariga 80 dan ortiq zarba berganini ma’lum qildi.

Eron oliy qo‘shma harbiy qo‘mondonligi AQSh «ochiqdan ochiq tajovuzkorlik harakatini» sodir etganini ma’lum qildi va bunga «halokatli javob» qaytarishini bildirdi.

Shundan so‘ng Bahrayn va Kuvaytda sirenalar chalingani hamda ular raketa va dronlar hujumiga uchragani haqida xabarlar tarqaldi.

Muhofizlar korpusi AQShning 85 ta asosiy harbiy obektini nishonga olgan holda qo‘shma raketa va dron operatsiyasini amalga oshirganini ma’lum qildi.

Nishonga olingan obektlar qatorida Bahrayndagi AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining 5-floti bazasi va Kuvaytdagi Ali al-Salem aviabazasi ham bor.

Shuningdek, Eron mamlakat janubida «Reaper» nomi bilan tanilgan AQShning MQ-9 droni urib tushirilganini e’lon qildi. AQSh harbiylari chorshanba tongida xabarga munosabat bildirmagandi.

Bahrayn yoki Kuvayt hujum bo‘lganini tasdiqladi, ammo qurbonlar yoki jiddiy talafotlar haqida ma’lumot bermadi.

AQSh–Eron nozik sulhini sinovdan o‘tkazayotgan harbiy keskinlik – Donald Tramp Turkiyada NATO yetakchilari bilan uchrashayotgan vaqtda yuz berdi.

Tramp va Erdo‘g‘an uchrashuvi

AQSh prezidentining 11 yil ichida Turkiyaga amalga oshirgan ilk tashrifida Trampni aeroportda prezident Erdo‘g‘an dabdabali marosim bilan kutib oldi.

Har ikki yetakchi ham ommaviy chiqishlarida bir-birlarini maqtab gapirdi. Xususan, jurnalistlar bilan suhbatda Tramp Erdo‘g‘an bilan oralarida o‘zaro tushunish borligini va Anqara bilan munosabatlar hech qachon hozirgidek yaxshi bo‘lmaganini aytdi.