G‘azoda ozod qilingan asirlar, Kiyevga dronlar hujumi, Xitoydagi sirli virus - Kun dayjesti
Kun davomida jahonda sodir bo‘lgan muhim voqea-hodisalar, yangiliklarning qisqa va lo‘nda tafsilotlari bilan tanishtiramiz.
HAMAS tomonidan garovda ushlab turilgan 13 nafar isroillik ozod qilinganiga javoban Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar qo‘yib yuborildi.
Isroil 39 nafar falastinlik ayol va o‘smirni qamoqxonadan ozod qildi.
HAMAS umumiy hisobda 24 nafar kishini Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirgan: ulardan 13 nafari Isroil, 10 nafari Tailand va 1 nafari Filippin fuqarosi.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv shartlariga ko‘ra, 24 noyabrdan boshlab G‘azo sektorida kamida to‘rt kunga o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qiladi. Shuningdek, G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishi ko‘payadi.
Bundan tashqari, har kuni uchga bir nisbatda garovga olinganlarni va Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslar almashtiriladi.
Bu orada AQSh prezidenti Jo Bayden xalqaro hamjamiyatni Falastin davlatini yaratish yo‘lida faolroq ish olib borishga chaqirdi.
Rossiya Ukraina poytaxti Kiyev shahriga Shahed dronlari bilan hujum uyushtirdi.
Yarim tundan boshlab tonggacha Kiyevda portlash ovozlari eshitilib turgani xabar qilinmoqda Ukraina pabliklarida. Bu dronlarni urib tushirayotgan havo hujumidan mudofaa tizimining ishlayotgani ma’lum qilingan. Urib tushirilgan Shahed dronlarining soni 40 dan oshgan. Rossiya yaqin o‘rtada bunday zarbdor dronlar to‘pi bilan havodan hujum qilmagan edi.
Kiyev shahar meri Vitaliy Klichkoning xabar berishicha, ikkita ayol urib tushirilgan pilotsiz parvoz qurilmasi bo‘laklaridan zarar ko‘rgan besh qavatli turarjoy binosi vayronalari ostida qolgan. Ayollarni vayronalar ostidan olib chiqish uchun qutqaruvchilar jalb qilingan.
Xitoy bolalar orasida yangi sirli virus tarqalganini rad qildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoydagi shifoxonalar kasal bolalar bilan to‘lib ketgani, bolalar orasida tarqalgan pnevmoniya epidemiyasi bo‘yicha xavotir bildirib, mamlakat rasmiylaridan vaziyat bo‘yicha ma’lumot so‘ragan edi.
Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi va Pekin bolalar kasalxonasining JSST so‘roviga yo‘llagan javobiga ko‘ra, epidemiya qandaydir yangi virus sababli kelib chiqqani haqidagi xabarlar asossiz. Xitoyda bolalar orasida tarqalgan virusli epidemiyaga gripp, adenovirus, mikoplazma pnevmoniyasi va respirator-sinsitial virus kabi ma’lum patogenlar sabab bo‘lgan.
Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov «chet el agenti» deb e’lon qilindi.
Rossiya Adliya vazirligi bayonotida aytilishicha, Kasyanov «chet el agentlari» materiallarini yaratish va tarqatishda ishtirok etgan, Rossiya hukumati qarorlari haqida «noto‘g‘ri ma’lumot» tarqatgan, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi chiqqan va «xorijiy tuzilmalar tomonidan taqdim etilgan axborot platformalarida respondent sifatida ishtirok etgan».
«Chet el agentlari ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar bilan bir qatorda u Rossiya Federatsiyasining tashqi va ichki siyosatini obro‘sizlantirishga qaratilgan «Rossiya urushga qarshi qo‘mitasi» a’zosi. Rossiya Federatsiyasidan tashqarida yashaydi», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.
Mixail Kasyanov 2000 yil mayidan 2004 yil fevraligacha Rossiya bosh vaziri lavozimida ishlagan.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, «chet el agenti» deb e’tirof etilgan fuqarolar va tashkilotlar o‘z faoliyati va xarajatlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga muntazam ravishda hisobot taqdim etishi, barcha maqolalarida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ham «xorijiy agent» ekanini belgilab qo‘yishi shart.
2023 yilning eng xavfli va xavfsiz davlatlari qaysilar?
Eng xafli davlatlar ketma ketligidan Afg‘oniston, Yaman, Suriya, Janubiy Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi, Rossiya, Ukraina, Somali, Sudan, Iroq, Mali va Markaziy Afrika Respublikasi o‘rin olgan.
O‘zbekiston Global Peace Index reytingida 163 ta davlat ichida 86-o‘rinni egalladi. Yon qo‘shnimiz Afg‘oniston 163-o‘rinni qayd etgan.
Eng xavfsiz davlatlar o‘nligi esa quyidagilardan iborat: Islandiya, Daniya, Irlandiya, Yangi Zelandiya, Avstriya, Singapur, Portugaliya, Sloveniya, Yaponiya, Shveytsariya.
Mavzuga oid
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024