1955 yildan boshlab fazoni tadqiq etish boshlanadi va ilk sun’iy yo‘ldoshlar uchiriladi. Keyinchalik sinovlar hayvonlar bilan o‘tkaziladi. So‘ng 1961 yildan boshlab fazoga odam uchiriladi.

O‘sha paytlarda fazoni o‘zlashtirishda asosan AQSh va SSSR raqobat olib borardi. Shu sababli parvozlar bilan bog‘liq halokatlar har ikki davlatda ham sodir bo‘lgan.

1960 yilda Gagarin parvozidan avval Boyqo‘ng‘ir kosmodromida qit’alararo raketaning sinovi paytida halokat sodir bo‘ladi. Oqibatda 100 dan oshiq odam halok bo‘ladi.

Amerikaliklar uchun eng alamli halokat Arkanzas shtatidagi raketalarni saqlash shaxtasida sodir bo‘ladi va unda 50 dan oshiq odam halok bo‘ladi.

Quyida eng ko‘p odam o‘limiga sabab bo‘lgan kosmik halokatlar haqida ma’lumot beramiz.

«Chellenjyer Ss-51-L» shattli, AQSh.

1986 yilda NASA’ga tegishli «Chellenjyer Ss-51-L» shattli parvozdan so‘ng ko‘p o‘tmasdan portlab ketadi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 7 kishi halok bo‘ladi.

1970-yillarning ikkinchi yarmida amerikaliklar ilk marta ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema yasab chiqishadi. U muvaffaqiyatli parvoz qila boshlagach, 1980-yillarning boshlarida yana bir nechta shunday turdagi kosmik kema tayyorlanadi. «Chellenjyer» shattli shulardan biri edi.

Ushbu kosmik kema 1983 yilda ilk marta parvoz qilgan bo‘lsa, keyinchalik uni tez-tez uchira boshlashadi.

1986 yilda NASA «Kosmosdagi o‘qituvchi» loyihasini o‘tkazishga qaror qiladi. Bunda kosmosga astronavtlar bilan birga maktab o‘qituvchisi ham chiqishi va kosmik kema ichida turib dars o‘tishi lozim edi.

«Chellenjyer Ss-51-L»ning parvozi AQShda juda ko‘p reklama qilinadi. Telekanallar kosmik kema parvozini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatishni reja qilishadi.

1986 yil 28 yanvar kuni tong paytida Florida shtatida joylashgan Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan kosmik kema uchiriladi. Biroq oradan 73 soniyadan keyin «Chellenjyer Ss-51-L» havoda portlab ketadi.

Astronavtlar va o‘qituvchi kosmik kema portlagan paytda tirik qolishadi. Biroq ular o‘tirgan maxsus kabina soatiga 330 kilometr tezlikda suvga kelib urilgach, astronavtlar halok bo‘lishadi. Hodisani butun mamlakat tomosha qilib turardi.