Jahon | 12:26 / 27.11.2023
3213
4 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya Rossiya bilan chegarani butunlay yopishi mumkinligini istisno etmadi

«Agar kerak bo‘lsa, Finlandiya butun sharqiy chegarani yopadi», dedi bosh vazir Petteri Orpo davom etayotgan muhojirlar inqirozi fonida.

Foto: SIPA / SCANPIX

«Agar kerak bo‘lsa, Finlandiya butun sharqiy chegarani yopadi. O‘zining barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini. Boshpana bo‘yicha so‘rovlarni qabul qilish esa boshqa joylarda to‘planadi», - deya 26 noyabr, yakshanba kuni Finlandiya bosh vaziri Petteri Orponing so‘zlarini keltirgan Yle fin jamoat telekanali o‘z saytida.

Avvalroq, 22 noyabr kuni Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasiga Afrika va Yaqin Sharq davlatlaridan kelgan muhojirlar oqimi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan bir paytda, Orpo Helsinki faqat bitta, eng qiyin bo‘lgan nazorat-o‘tkazish punkti – mamlakat shimoli-sharqidagi «Raya-Yoosep» punktini ochiq qoldirayotgani haqida xabar bergan edi.

Finlandiya Rossiya bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarini yopdi 

Helsinki rasmiylari 18 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya bilan chegaradagi to‘qqizta nazorat-o‘tkazish punktining dastlabki to‘rttasini yopdi: «Imatra», «Niirala», «Nuyyamaa» va «Vaalimaa» nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati to‘xtatildi. Ular kamida 2024 yil 18 fevralgacha yopib turadi, dedi Finlandiya ichki ishlar vaziri Mari Rantanen. 

24 noyabr kuni Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasidagi yana uchta nazorat-o‘tkazish punkti – «Salla», «Vartius» va «Kuusamo» Finlandiya hukumati qarori bilan vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatdi.  

21 noyabr kuni Yle telekanali Finlandiya adliya kansleri o‘rinbosari Mikko Puumalaynen mamlakat Ichki ishlar vazirligi tomonidan Rossiya bilan chegarani to‘liq yopish bo‘yicha tayyorlangan qonun loyihasini rad etgani haqida xabar berdi. Puumalaynen o‘z qarorini qonun loyihasi chegarada boshpana so‘rab murojaat qilish uchun yetarli imkoniyat bermasligi bilan izohladi. 

Finlandiya-Rossiya chegarasida muhojirlar sonining ko‘payishi

Joriy yilning avgust oyidan buyon Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasida Iroq, Suriya, Yaman, Somali hamda Yaqin Sharq va Afrikaning boshqa davlatlaridan boshpana izlovchilar soni keskin oshgan. Ularning aksariyatida Finlandiyaga kirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar yo‘q. Noyabr oyi boshidan beri Rossiya-Finlandiya chegarasida bunday muhojirlar soni 600 kishidan ortdi.
 
Helsinki Rossiya tomonini oqimni uyushtirganlikda aybladi. «Bu milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid bo‘lib, sharqiy chegara hududidagi hukumatlar faoliyatiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda», dedi Finlandiya chegara qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari Markku Hassinen.

23 noyabr kuni Yevropa chegara va qirg‘oqni qo‘riqlash agentligi - Frontex Finlandiya chegara qo‘riqlash xizmatini qo‘llab-quvvatlash uchun yana 50 nafar xodimi, shuningdek, patrul mashinalari va boshqa jihozlarni yuborishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berdi. 

Finlandiyaning Rossiya bilan chegarasi Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasi hisoblanib, 1340 kilometr uzunlikka ega.

Petteri Orpo 26 noyabr kuni aytishicha, hozirgi vaziyatda «Rossiya uchinchi davlat fuqarolaridan shafqatsizlarcha foydalanmoqda». «Bu odamlarni chegaraga siqib chiqarmoqda va ularga qaytishga ruxsat bermayapti», - deya Finlandiya bosh vazirining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Yle telekanali. Shu bilan birga, Orpo chegarani butunlay yopish Rossiya manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. «Bu holat tugashi barchaning manfaatiga xizmat qiladi. Finlandiyada yashovchi rossiyaliklarning Rossiyaga bora olmasligi Rossiyaning o‘zi manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi», deb ta’kidladi Finlandiya hukumati rahbari. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid