O‘zbekiston | 17:51 / 29.11.2023
47982
7 daqiqa o‘qiladi

Uyingizga keladigan pasport, oshayotgan oyliklar va zilziladan ogohlantirish tizimi - 1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi. ​​​​​​​

Dekabr oyida prezident farmoniga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning ish haqi, pensiya va nafaqalari miqdori oshmoqda. Xususan, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori – 7 foizga;
  • bazaviy hisoblash miqdori – 3 foizga oshiriladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston hududida:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 1 050 000 so‘m;
  • bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 340 000 so‘m;
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 372 000 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 725 000 so‘m etib belgilandi.

Uyingizga keladigan davlat xizmatlari

Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat xizmatlari joylarga chiqib ko‘rsatilishi mumkin.

Bunda, xizmatlar – xizmat ko‘rsatuvchi xodim tomonidan murojaat etuvchining yashash joyiga borib, planshet yoki kompyuterga o‘rnatilgan texnik qurilmalar yordamida qo‘shimcha to‘lov asosida ko‘rsatiladi.

Migratsiya va transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat xizmatlarini qo‘shimcha to‘lov asosida ko‘rsatishda tegishlicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, «Call-markaz», rasmiy veb-sayt hamda mobil ilovadan foydalaniladi. Fuqarolarning xohishiga ko‘ra tayyor identifikatsiyalovchi ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini pochta orqali yoki qo‘shimcha to‘lov asosida, shuningdek, avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va davlat raqami belgilarini ularning yashash joyiga qo‘shimcha to‘lov asosida yetkazib berish xizmati ham joriy etiladi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ularning yashash joyiga borib, qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatiladi.

Endi ma’muriy bayonnoma avtomobilni ishonchnoma asosida boshqarayotganlarga ham tuzilishi mumkin

Taraqqiyot strategiyasining joriy yildagi ijrosiga doir prezident farmoni bilan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasi “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g‘oyasi asosida isloh qilinmoqda. Shu maqsadda 2023 yil 1 dekabrdan boshlab:

- transport vositasining egasiga – transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat YHXX organlarini avtomobilni boshqarish huquqini o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi berilmoqda.

Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Shuningdek, ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.

Rangli” yo‘laklar

Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab “yashil” va “qizil” yo‘lak tamoyilini bosqichma-bosqich O‘zbekistondagi barcha yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida joriy etish boshlanadi. 30 ga yaqin YPX postlarida 6 bosqichda joriy etilishi reja qilingan, jarayon 2026 yil yakunlanadi.

Bunda, yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida tashkil etiladigan:

Yashil” yo‘lakdan — belgilangan qoidalarga rioya etadigan va huquqbuzarlik sodir etmagan transport vositalari haydovchilari hech qanday to‘siqsiz va cheklovlarsiz harakatlanadi;

Qizil” yo‘lakdan — qidiruvda bo‘lgan, vazn va hajm parametrlarini buzib harakatlanayotgan yoki yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun o‘z vaqtida to‘lanmagan jarimasi mavjud bo‘lgan transport vositalari harakatlanadi.

Zilzilalardan ogohlantirish tizimi ishga tushadi

Prezident qarori bilan zilzilalar oqibatidagi talafotlarning oldini olish, kuchli zilzilalarni prognoz qilish va ularga tayyorgarlik ko‘rishning zamonaviy tizimini amaliyotga tatbiq etish maqsadida:

2023 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushirilishi lozim. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bunga mas’ul etib belgilangan.

Mazkur milliy tizim doirasida xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimiga kiritilgan stansiyalar bilan integratsiyalashuv asosida:

  • O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi;
  • zilzila o‘chog‘iga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli tebranishlar qayd etilib, respublika hududida MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori balli zilzila kuchi sezilishi aniqlanganda:
  • seysmik ma’lumotlar seysmik stansiyalardagi maxsus dasturlar orqali avtomatik tarzda tahlil qilinadi hamda zilzila parametrlari tezkorlik bilan aniqlanadi;
  • “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to‘g‘risida tezkor xabarnoma yuboriladi.

Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimini ishga tushirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Boshqa o‘zgarishlar

Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan 47 turdagi ma’lumotlarni talab qilish bekor qilinadi. Talab etilishi bekor qilinadigan ma’lumotlar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2023 yil 1 dekabrdan boshlab FIDE reytingi bo‘yicha 1800 va undan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarga, istisno tariqasida, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmasdan imtihonsiz shaxmat bo‘yicha trenerlik faoliyatini amalga oshirish huquqi taqdim etiladi.

“Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun bilan 2023 yil 1 dekabrdan ayni shu nomdagi 1999 yilda qabul qilingan qonun o‘z kuchini yo‘qotmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid