Tanzila Norboyeva: “O‘zbekistonda BRMga erishish bo‘yicha unikal tizim joriy qilindi”
“Qisqa davr mobaynida O‘zbekistonda [BMTning] Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha boshqa joyda uchramaydigan tajriba hamda unikal tizim joriy qilindi”, – dedi Senat raisi Toshkentdagi xalqaro forumda. Tadbirda qatnashgan BMT vakili O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining o‘rni har qachongidan ham muhimligini qayd etdi.
2015 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyo mamlakatlarida iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni yaxshilash va bu orqali butun insoniyatning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan global maqsadlar dasturini ishlab chiqqan. Xalqaro tashkilotning bu dasturi jami 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlari va 169 ta vazifadan iborat bo‘lib, uni amalga oshirish muddati 2030 yilgacha etib belgilangan.
Maqsadlar ishlab chiqilgan vaqtidayoq ko‘plab mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston tomonidan ham qabul qilingan. Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish doirasida nimalar qilinganini hisob-kitob qilish va kelgusi rejalarni belgilash maqsadida 30 noyabr kuni Toshkentdagi xalqaro forumlar saroyida parlamentlararo ikkinchi global forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda ko‘plab davlatlar parlamentlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, ekspert va mutaxassislar ishtirok etishdi.
Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva nutqi davomida bu kabi forumlar boshqa davlat vakillari bilan tajriba almashish maydoni sifatida xizmat qilishini qayd etdi va qilingan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
“O‘tgan qisqa davr mobaynida O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha boshqa joyda uchramaydigan tajriba hamda unikal tizim joriy qilindi. Avvalo, hukumat a’zolari tarkibida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.
Global barqaror rivojlanish maqsad va vazifalari hamda ularning indikatorlari milliy xususiyatlarimizga moslashtirilib, 16 ta maqsad, 125 ta vazifa va 206 ta indikator qabul qilindi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifasi – milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik hamda idoralarning samarali ishlarini tashkil etish, maqsadlarga erishishda idoralararo uyg‘unlikni ta’minlash etib belgilandi. O‘z barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishda nafaqat parlament va hukumat, balki fuqarolik jamiyati institutlari bilan ham hamkorlik asosiy yondashuvlardan biri etib belgilandi”, – dedi Norboyeva.
Qayd etilishicha, forum doirasida jami 3 ta sessiya o‘z ishini olib boradi va ularning har biri turli yo‘nalishlarni o‘zida qamrab oladi.
“Demak, [birinchi yo‘nalish] parlamentlararo hamkorlikda qaysi yo‘nalishlarda kun tartibini ishlab chiqib, belgilash.
Ikkinchi yo‘nalish bu – gender va yoshlik masalalari bo‘yicha qaysi ko‘rsatkichlarga erishildi va bundan keyingi parlamentlarning oldida turgan maqsad, ko‘rsatkichlarni belgilash. Uchinchi yo‘nalish bo‘lsa, bu – parlamentlarni jamoatchilik tashkilotlari bilan... Mana bizda davlat rahbarining tashabbusi bilan aynan mahalla instituti keskin rivojlantirilyapti. Bundan maqsad BMTning barqaror rivojlantirish maqsadlari o‘rtasida parlamentlarning jamoat tashkilotlari bilan qanday hamkorlik qilish belgilangan.
Endi forum yakuni bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Ularning har biri parlamentlarga yuboriladi, bunda jumladan, bizning parlamentning oldiga ham qo‘yiladigan qator vazifa va maqsadlar forum natijalari bo‘yicha belgilab beriladi”, – dedi Iminov.
Qolaversa, forum davomida BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchisi Konsuelo Vidal Bryus ham so‘zga chiqib, barcha rejalarga erishishdagi eng muhim omil bu mamlakatda fuqarolik jamiyatlarining ishlashi ekaniga urg‘u berdi.
“Ayollar va erkaklarni teng qadrlaydigan jamiyatlar xavfsizroq va sog‘lomroq sanaladi. Bu yerda ham fuqarolik jamiyatining faol ishtiroki qonunchilikni shakllantirish, muhim aloqalarni ta’minlash hamda aholining xabardorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining o‘rni har qachongidan ham muhim. Fuqarolik jamiyatini yaqindan jalb etishni davom ettirish orqali biz turli sohalar, jumladan, ijtimoiy himoya, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yaxshilash, inson huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, munosib ish o‘rinlarini yaratish va boshqa yo‘nalishlarda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mumkin.
Fuqarolik jamiyatining ishtiroki inklyuziv, barqaror va jamiyatning barcha qatlamlari ehtiyojlarini aks ettiruvchi siyosatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Aytmoqchimanki, biz oldinga siljishimiz davomida barqaror rivojlanish bo‘yicha maqsadlarimiz inklyuzivlik, tenglik va sheriklik tamoyillari bilan uzviy bog‘liqligini yodda tutaylik. Keling, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning barchamizni fuqarolik jamiyati faolligi va bunyodkorligi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga undagan so‘zlariga amal qilaylik”, – deya yakunlaydi o‘z nutqini Bryus.
Eslatib o‘tamiz, forum yakunida sessiyaviy yig‘ilishlardan so‘ng barcha yig‘ilgan taklif va tavsiyalar muhokama etilib, tegishli hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
07:50 / 22.11.2024
BMT RFning Dniproga ballistik raketa zarbasidan xavotirda
15:22 / 21.11.2024
Bokudagi COP29: iqlim o‘zgarishiga moslashish xarajatlarini kim to‘laydi?
13:56 / 19.11.2024