2025 yilning 1 dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va sohani yanada rivojlanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun muloqot maydoni – «Fuqarolik jamiyati haftaligi»ga start berildi.

Ta’kidlash joiz, prezident farmoniga muvofiq, har yili dekabr oyining birinchi haftasida «Fuqarolik jamiyati haftaligi» o‘tkazilishi belgilangan.

Parlament a’zolari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirok etayotgan Haftalik dastlab, fuqarolik jamiyatining 1500 nafardan ortiq vakillarini jalb etgan holda respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilib, saralangan taklif va tashabbuslar asosida bugun poytaxtda start oldi.

Qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi davr boshlandi.

2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilib, jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlab qo‘yildi. Joriy yilda sohaga oid 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga daxldor 10 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi, 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi va prezident farmonlari Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli va shiddatli islohotlarning amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan yangicha tizimi yaratildi.

Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etildi va Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Oliy Majlis Senatining 8 nafar a’zosi va Qonunchilik Palatasining 8 nafar deputatidan iborat Parlament komissiyasi faoliyatini boshladi.