O‘zbekiston | 16:03 / 01.12.2023
4653
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar uy-joylarga davlat orderlari va ma’lumotnomalar berish markazi tugatiladi

Markaz 2025 yil 1 yanvarga qadar tugatiladi. Uning vazifalari tuman (shahar) hokimliklariga o‘tadi.

Foto: Kun.uz

«Alohida uy-joyni (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismini) xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotnoma hamda davlat mulki obektini xususiylashtirish uchun buyurtmanoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash haqida» Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan boshlab xususiylashtirilgan uy-joylarga oid davlat orderlari va ma’lumotnomalar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan beriladi.

«Toshkent shahar uy-joylarga davlat orderlari va ma’lumotnomalar berish markazi» DUK Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkaziladi. 2025 yil 1 yanvarga qadar esa DUK tugatilishi belgilangan.

Hujjat bilan quyidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlanmoqda:

  • alohida uy-joyni (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismini) xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotnoma berish bo‘yicha;
  • davlat mulki obektini xususiylashtirish uchun buyurtmanoma berish bo‘yicha.

Mazkur xizmatlar DXM (davlat xizmatlari markazlari) va YaIDXP orqali ko‘rsatiladi va ular uchun yig‘im undirilmaydi.

Ma’lumotnomani olish uchun so‘rovnomaga uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, mulkdorning oila a’zosi bo‘lgan taqdirda – qo‘shimcha ravishda ushbu faktni tasdiqlovchi hujjat (mulkka egalik qilish huquqini tasdiklovchi hujjat bilan birga), vakilning vakolatini tasdiqlaydigan ishonchnoma ilova qilinadi. Uzog‘i bilan 1,5 soat ichida murojaat etuvchiga tegishli ma’lumotnoma taqdim etiladi.

Davlat mulki obektini xususiylashtirish yuzasidan berilgan buyurtmanoma bo‘yicha 5 ish kuni davomida murojaat etuvchiga tegishli holatlar tekshirilgandan so‘ng 30 kun ichida unga qo‘shimcha xabarnoma yuborilishi ma’lum qilinadi.

Hujjat 29 noyabrdan kuchga kirgan.

Mavzuga oid