O‘zbekistonda issiqxona biznesi rivojlanishi pessimistik ssenariy bo‘yicha ketmoqda. Bu haqda East Fruit tahliliy maqola e’lon qildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, buni quyidagi statistik raqamlar va ma’lumotlar misolida ham ko‘rib chiqish mumkin.
1. O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxlari ketma-ket 4 yildan buyon o‘sib bormoqda va hozirda bu ko‘rsatkich rekord darajaga yetgan.

Grafikda keltirilgan ma’lumotlarda, ayni paytda O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxlari o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar, uch yil avvalgidan esa 3,5 baravar qimmatroq ekani ko‘rsatilgan.
2. O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxi Rossiyadagi narxlar bilan deyarli bir xil, qish mavsumida esa eksport imkoniyatlarini hisobga olmaganda, bundan ham yuqori.

3. Ketma-ket 4 yildan beri O‘zbekistondan issiqxona pomidori eksporti pasaymoqda.

2019−2022 yillarga oid raqamlar shuni ko‘rsatganki, 2022 yil oxirida issiqxona pomidori eksporti 16 ming tonnadan ortiq yoki 22 foizga qisqargan.
East Fruit prognozlariga ko‘ra, 2023 yilda ham eksportning kamayishi davom etadi va yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich taxminan 53−55 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa so‘nggi besh yil ichidagi antirekord bo‘lishi mumkin.
Nima uchun O‘zbekistondan issiqxona mahsulotlarining eksporti qisqarib bormoqda?
East Fruit tahlilchilari fikriga ko‘ra, bunga sabab – issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazdan foydalanishi bo‘yicha o‘rnatilgan taqiq.
Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda issiqxonalar gazdan uzilib, ko‘mir bilan isitish tizimiga o‘tishga majbur bo‘ldi, bu esa issiqxona biznes tizimini butunlay o‘zgartirib, samaradorlikni keskin pasaytirdi.

















