Jahon | 11:20 / 06.12.2023
4356
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiyalik yuk tashuvchilar Ukraina bilan chegaradagi blokadani olib tashladi

1 dekabrdan boshlab slovakiyalik yuk tashuvchilar «Vyshne-Nemetske - Ujgorod» nazorat-o‘tkazish punkti orqali yuk mashinalarining harakatlanishini bloklab qo‘ygandi.

Foto: Picture Alliance

Slovakiyada Ukrainadan yuk mashinalarining «Vyshne-Nemetske - Ujgorod» nazorat-o‘tkazish punkti orqali harakatlanishi bo‘yicha blokada to‘xtatildi. Yuk tashuvchi transport vositalarini ro‘yxatga olish belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda, deb xabar qildi Ukraina chegara xizmati 5 dekabr, seshanba kuni

Xabarda aytilishicha, 1 dekabr kuni boshlangan norozilik aksiyasi bir kun avval mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da yakuniga yetgan. 5 dekabr ertalabki holatga ko‘ra, Ukrainaga borish uchun navbatda 625 ta yuk mashinasi to‘plangan. «Vyshne-Nemetske» nazorat-o‘tkazish punktidagi yuklama sezilarli darajada oshgan, chunki ko‘plab yuk mashinalari haydovchilari Polshadagi tashuvchilar tomonidan o‘rnatilgan blokada sharoitida Ukrainaga borish uchun Slovakiyani tanlashni boshladi, deb ogohlantirdi Ukraina chegarachilari.

«Vishne-Nemetskoye» chegara punkti ochilgani haqidagi ma’lumotni Ukraina Jamiyatlar, hududlar va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi ham tasdiqladi. 

Sharqiy Yevropada tashuvchilarning noroziligi 

Yevropa Ittifoqi Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan keyin transchegaraviy yuk tashish bo‘yicha qator qoidalarni bekor qilganidan so‘ng Sharqiy Yevropa, jumladan Polsha va Slovakiyadagi yuk mashinalari haydovchilari Ukraina kompaniyalarining «nohaq raqobatidan» norozi bo‘la boshladi. Sharqiy yevropalik haydovchilar ukrainalik haydovchilarga nisbatan yomonroq ahvolda ekanini bildirdi.

Polshada Ukrainaga yuk tashish uchun eng muhim nazorat punktlarining blokadasi noyabr oyi boshidan beri davom etmoqda. Nemis kompaniyalari aksiya tufayli katta yo‘qotishlar va yetkazib berishdagi uzoq kechikishlar haqida shikoyat qilmoqda – Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi (Ost-Ausschuss der Deutschen Wirschaft) ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazib berish muddatlari uch baravar, transport xarajatlari esa ikki yoki to‘rt baravarga oshgan. Ishlab chiqarish jarayonlaridagi uzilishlar, tovar va xomashyo yetishmasligi oqibatida zarar millionlab dollarni tashkil etadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid