Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Livanga tahdid, Maduroning «siyosiy tryuki» va muqaddas kitoblarni yoqishni taqiqlagan Daniya - kun dayjesti
So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livanga tahdid qildi. Agar Livandagi «Hizbulloh» harakati urush boshlasa, Isroil Livan poytaxti Bayrut va uning janubini G‘azo sektoridan battar vayronaga aylantirishini va’da qildi.
«Hizbulloh»ga bu tahdidlar ta’sir qilmagan, ular avvalgi kun Isroilga qarshi 11 ta, kecha 10 ta operatsiya uyushtirgan
Isroilning sobiq bosh vaziri Ehud Olmert esa Binyamin Netanyahuni iste’foga chiqishga chaqirdi.
«Netanyahu — isroil uchun milliy va tarixiy fojia. U zudlik bilan iste’foga chiqishi kerak», degan Olmert TRT World kanaliga bergan eksklyuziv intervyusida.
So‘nggi ikki kun ichida G‘azoda Isroil hujumlari natijasida 930 nafar falastinliklar o‘ldirilgan. Jami qurbonlar soni 17 ming 177 nafarga yetgan. Ularning 7739 nafari yosh bolalar. Yana 7700 dan ortiq inson bedarak yo‘qolganini qayd etgan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi.
Vashington Kongress pozitsiyasi tufayli Kiyevga kelgusida yordam borasida hech qanday kafolat bera olmaydi. Bu haqda Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi brifingda aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShda bir necha haftaga yetarli pul bor, shundan so‘ng Ukrainaga yordam resurslari tugab bitadi.
Yordam ma’qullanishi uchun AQSh hukumati respublikachilarga yon berib, migratsiya siyosatini kuchaytirishi kerak. Shunda ular Ukrainaga yordam berishni ma’qullaydi, deb xabar beradi Reuters.
G‘arb Ukrainadagi urushdan charchagani borasida yana bir ma’lumot paydo bo‘ldi. G‘arbning Kiyevga va’da qilingan yordami hajmi avgustdan oktyabrgacha bo‘lgan davrda yillik hisobda 87 foizga — 16 milliard yevrodan 2 milliard yevrogacha kamaydi, deyiladi Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) ma’lumotlarida. Bu G‘arbning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi 2022 yil fevral oxirida urush boshlanganidan beri eng past darajaga tushganini anglatadi.
Ta’kidlanishicha, Ukrainaga yordamni qisqartirish tendensiyasi hisobot davridan bir necha oy oldin aniq bo‘lgan, yordamning qisqarishi esa barcha — gumanitar, moliyaviy va harbiy sohalarga ta’sir qilgan. «Harbiy yordam ko‘rsatishda eng kuchli pasayish kuzatilmoqda», degan Jahon iqtisodiyoti instituti eksperti Petro Bompretssi.
AQSh mudofaa vaziri respublikachilar oldiga ultimatum qo‘ygan. Lloyd Ostin yopiq brifingda agar ular Ukrainaga yangi yordam to‘g‘risidagi so‘rovni ma’qullashmasa va Ukrainada Rossiyaning qo‘li baland kelib, AQSh urushga aralashishga majbur bo‘lsa ularning qarindoshlarini «Rossiyaga qarshi jangga» jo‘natishi bilan tahdid qilgan, deb yozadi AQShlik jurnalist Karlson o‘z manbalariga tayanib.
AQSh 2024 yil so‘ngiga borib Rossiyani Kiyev uchun manfaatli shartlarda sulh muzokaralari o‘tkazishga ko‘ndirish niyatida.
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Jonatan Faynerga ko‘ra, sulh shartnomasi shartlari Ukraina uchun qoniqarli, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligi borasida BMT Nizomiga tayanishi kerak.
Vashington Moskvaning oldiga ikki shart qo‘ymoqchi: yoki shu muzokara variantini tanlash yoki «AQSh va Yevropada yanada qudratli sanoat bazasiga tayangan, yana qarshi hujum uyushtirishga qodir yanada kuchli Ukraina bilan to‘qnash kelish», deb tushuntirgan maslahatchi o‘rinbosari. Uning baholashicha, bir yil ichida g‘arb davlatlari «hozirgidan ancha mustahkam poydevor» ustida bo‘lishadi.
Rossiyaning bir qator shaharlarida Navalniy jamoasi o‘ziga xos «diversiya» uyushtirdi. «Yangi yil bilan, Rossiya» yozuvlari tushirilgan bannerlardagi QR kod odamlarni Navalniy jamoasining «Putinsiz Rossiya» tashabbusi saytiga yo‘llagan.
Moskva, Sankt-Peterburg va Novosibirskda o‘rnatilgan bunday bannerlar haqida xabarlar tarqalgach, ular shoshilinch ravishda ko‘chalardan olib tashlana boshlagan.
G‘arb davlatlari Venesuela va Gayana atrofidagi voqealarni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Financial Times nashri mintaqada yaqin istiqbolda harbiy mojaro yuz berishi ehtimolini past deb baholagan. Referendum o‘tkazishdan maqsad va keyingi voqealar tobora obro‘si tushib borayotgan Nikolas Maduroning siyosiy o‘yini bo‘lib, aholining e’tiborini muxolifat nomzodidan chalg‘itish, deyiladi nashr maqolasida.
Shunga o‘xshash versiyani Washington Post ham qo‘llagan. Nashrga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat qayta saylanishga urinayotgan, xalq orasida u qadar mashhur bo‘lmagan yetakchining «siyosiy tryuki»ni kuzatmoqja
Biroq Foreign Policy Lotin Amerikasi so‘nggi 75 yil ichida ilk bor potensial qit’a urushi yoqasiga kelib qolganini yozgan.
Yer yuzida yangi qaynoq nuqtalar paydo bo‘layotgan bir pallada Kavkazdagi 30 yillik mojaro sulh tomon nihoyat katta qadam tashladi. Ozarbayjon va Armaniston asirlarni almashishga kelishib oldi hamda tinchlik shartnomasi tuzmoqchiligini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Boku 32 nafar armanistonlik harbiyni, Yerevan esa ikki ozarbayjonlik harbiyni ozod qiladi.
Shuningdek, Armaniston xayrixohlik belgisi sifatida Ozarbayjon foydasiga BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasiga mezbonlik qilish bo‘yicha o‘z nomzodini qaytarib oldi.
Nihoyat, Yevropaning erkin demokratik davlatlarida sog‘lom aql g‘olib kela boshladi. Daniya parlamenti musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’oni karimni yoqishni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Qonunni ma’qullab parament a’zolarining 94 nafari ovoz bergan, 77 deputat qarshi chiqqan.
Endi Daniyada Qur’on, shuningdek, diniy jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa kitoblarni yoqish jinoyat hisoblanadi va ikki yilgacha qamoq bilan jazolanadi. Debatlar chog‘ida Daniyadagi butun muxolifat ushbu qonunning qabul qilinishiga qarshi chiqqan.
Mavzuga oid
16:00
Kelishuv imzolagan prezidentlar va Moskva osmonida yuzlab dronlar – kun dayjesti
14:41 / 17.06.2026
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026