Jahon | 10:44 / 09.12.2023
9569
2 daqiqa o‘qiladi

YeI o‘z a’zolariga Rossiyadan gaz yetkazilishini bloklashga ruxsat beradi

Loyihaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining istalgan davlati Rossiya va Belarus kompaniyalariga o‘zining gaz quvurlari va STG terminallaridan foydalanishni cheklashi mumkin, deb yozadi Financial Times.

Foto: Depositphotos

Yevropa Ittifoqi o‘z a’zolariga Rossiyadan gaz importini mustaqil ravishda bloklash imkonini beruvchi qonun loyihasini tayyorladi. Bu haqda 8 dekabr, juma kuni Financial Times nashri xabar berdi. Loyihaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining istalgan davlati Rossiya va Belarus kompaniyalariga o‘zining gaz quvurlari va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) terminallaridan foydalanishni «qisman yoki asosli bo‘lsa, to‘liq cheklash» imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Financial Times qayd etishicha, Yevropa Ittifoqining yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, bu taklif Yevropa energetika kompaniyalariga Rossiya gaz yetkazib beruvchilari bilan shartnomalarni jiddiy tovon puli to‘lamasdan bekor qilish imkonini yaratadi. 

Ukraina urushi boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqi Rossiyaning energiya resurslariga qaramligini sezilarli darajada kamaytirdi. 2027 yilga borib, YeI Rossiyadan qazib olinadigan yonilg‘i qabul qilishni butunlay to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Biroq, Yevropa Ittifoqiga gazning o‘ndan bir qismidan ko‘prog‘i hali ham Rossiyadan keladi. Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning uchinchi choragida Rossiya gazi Yevropa Ittifoqiga umumiy gaz importining qariyb 12 foizini tashkil qilgan. Ba’zi davlatlar, xususan Avstriya va Vengriya Rossiya gaz ta’minotiga qattiq qaram bo‘lib qolmoqda.

2023 yil noyabr oyida Rossiyaning Yevropaga STG eksporti tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetib, 1,75 million tonnani tashkil etdi. Eng yirik import qiluvchilar Ispaniya va Belgiyadir. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid