Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polshaning yangi bosh vaziri, madad izlayotgan Ukraina, 5-muddatga nomzodi ko‘rsatilgan Aliyev - kun dayjesti
Shu soatgacha jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek, kun dayjestida tanishtirib boramiz.
Yevropaning to‘rt davlati G‘azoda o‘t ochishni doimiy to‘xtatishga chaqirishdi. Ispaniya, Irlandiya, Belgiya va Malta yetakchilari yozma ravishda Yevropa Ittifoqi davlatlarini G‘azo sektoridagi vaziyatni 14 va 15 dekabr kunlari Bryusselda muhokama qilishga chaqirishdi.
AQSh Isroilni G‘azoning tinch aholisiga ziyon yetkazishdan tiyilishga chaqirdi. Isroil G‘azo sektorida harbiy harakatlar olib borish asnosida tinch aholi vakillariga ziyon yetkazishning oldini olish choralarini ko‘rish kerak, degan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken.
Ammo bu chaqiriqlar va bayonotlar aslo kor qilmayapti. Isroil sobitqadamlik bilan fuqarolik obektlarini yakson qilishda, tinch aholi vakillarini o‘ldirishda davom etmoqda.
G‘azoda halok bo‘lgan fuqarolar soni 18 ming 205 nafarga yetgan. Ularning katta qismini yosh bolalar va ayollar tashkil etadi. 7 oktyabrdan buyon G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar va OAV xodimlari soni 86 nafarga yetdi.
7 oktyabrdan buyon 433 isroillik harbiy o‘lgan, ularning 104 tasi Isroil armiyasining yerusti operatsiyasi boshlanganidan so‘ng. Bu Isroil tomonining rasmiy ma’lumotlari. HAMAS esa G‘azoda mingdan ortiq isroillik askarlar o‘ldirilganini da’vo qiladi.
Ukraina va AQSh Rossiyani 2024 yil so‘ngiga qadar yoki 2025 yil boshigacha mazmundor muzokaralarni boshlashga majburlay oladigan yangi strategiya axtarmoqda, deb yozmoqda The New York Times nashri.
Bu strategiyaga ko‘ra Ukrainaning mudofaa qobiliyati mustahkamlanishi, Rossiyaga nuqtali, biroq og‘riqli zarbalar berishdan iborat bo‘lishi mumkin.
Nashrga ko‘ra, bir qator amerikalik harbiylar Ukrainaga Rossiya bilan muzokaralarni boshlash uchun qaytarib egallangan hududlarni ushlab turishga diqqat-eʼtibor qaratishni maslahat berishgan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov Kiyevning qarshi hujumdan ko‘zlagan umidlari o‘zini oqlamagani, NATOning harbiy metodichkalari ish bermaganini aytgan.
Danilov shuningdek Kiyevning ortiqcha optimizimini ham xato deb atagan. Unga ko‘ra, AQShning Kiyevga yordami kechikayotgani fojia emasligini aytib, Ukraina baribir qandaydir harbiy moliyalashtirishga jga bo‘lishidan umidvorligini bildirgan.
AQSh hukumati shu oy oxirigacha Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qiladi. Bu haqda Oq uy milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi xabar bergan.
«Men prezidentdan o‘zib batafsil xabar bermoqchi emasman, lekin yil oxirigacha yordam ko‘rsatish mumkin bo‘lgan kam vaqt oldi. Shuning uchun yil oxirigacha qo‘shimcha harbiy yordam haqida e’lon qilishimizni kutmoqdaman», — degan Kirbi.
Vashingtonga tashrif buyurgan Volodimir Zelenskiy Pentagon rahbari Lloyd Ostin va shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Charlz Braun bilan uchrashdi
AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham Vashington Kiyevga Rossiya qo‘shinlarini yaqin yillarda tiyib turishga qodir qurolli kuchlar tuzishda yordam berishini ta’kidlagan. «AQSh Ukrainaga o‘z hududi va fuqarolarini himoya qilish uchun kurashda astoydil yordam berishga tayyor», degan AQSh mudofaa vaziri.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bugun Jo Bayden bilan ham uchrashib, Senat majlisida nutq so‘zlaydi.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shag‘rida o‘zbekistonlik ikki migrantlar oilasining voyaga yetmagan 10 va 14 yoshli bolalari «mangu olov»ni qor bilan o‘chirgani uchun deportatsiya qilinadigan bo‘ldi.
Politsiya xabariga ko‘ra, ikki migrantlar oilasining Rossiyada yashash va ishlash uchun hujjatlari joyida bo‘lmagan.
Rossiyada qabul qilinishi kutilayotgan yangi qonunga ko‘ra qoidabuzar migrantlar endi Rossiyadan deportatsiya bo‘lishni pul evaziga bekor qilishlari mumkin.
Rossiya davlat dumasida xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborishni jarimaga almashtirish to‘g‘risidagi qonun muhokama qilinmoqda. Qizig‘i, bu qonun loyihasi birinchi o‘qishga 2017-yildayoq chiqarilgan. Endi uning changlarini qoqib, yana muhokama qilishmoqda.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, «qonunlarga itoatkor», «soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan», shuningdek, muqim yashash joyiga ega bo‘lgan migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish o‘rniga sud ularni 40 mingdan 50 ming rublgacha jarimaga tortishga ruxsat beriladi
Rossiyadan 2023-yil boshidan buyon 70 mingdan ziyod xorijiy fuqarolar deportatsiya qilingan. Deportatsiya uchun eng asosiy sabablar — mamlakatga kirish qoidalarini buzish va rasmiy ruxsatnomasiz ishlash bo‘lgan.
Polsha Seymi Mateush Moravetskiy hukumatiga ishonchsizlik votumi e’lon qilganidan so‘ng Donald Tusk yana Polsha bosh vaziri etib saylandi.
Uning nomzodini qo‘llab Seymda 248 deputat ovoz berdi, 201 kishi qarshi chiqdi. Tusk 2007–2014-yillarda ham bosh vazir bo‘lib ishlagan edi. U Ukraina bilan chegaralarni ochishga, Kiyev va Varshava o‘rtasidagi bahslashuvlarga nuqta qo‘yishni va’da bergan.
Tusk bosh vazir etib saylanishi hamono Ukraina va Polsha chegarasidagi eng yirik nazorat-o‘tkazish punkti qaytadan ochilgan. Eslatib o‘tamiz, bu nazorat o‘tkazish punktidan Ukrainaga tegishli yuk mashinalarini har ikki tomonga o‘tkazish bloklab qo‘yilgan edi.
AQSh Kongressining Vakillar palatasi 13 dekbar kuni prezident Jo Baydenga impichment e’lon qilish haqidagi rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berishadi.
Respublikachilar demokrat Bayden va uning oilasini u 2009 yildan 2017 yilgacha — Barak Obama prezidentligi davrida vitse-prezident lavozimini egallagan chog‘da siyosiy qarorlar uchun pora olganlikda ayblashmoqda.
Ozarboyjonning amaldagi prezidenti Ilhom Aliyev yana prezidentlik saylovlarida ishtirok etadi. Uning nomzodi 2024 yilning 7 fevralida o‘tkaziladigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida Ozarboyjon prezidentligiga ilgari surildi, degan «Yangi Ozarboyjon» hukmron partiyasi raisi o‘rinbosari Toyir Badagov.
Ilhom Aliyev 2003 yildan buyon Ozarboyjonga rahbarlik qilib keladi. Yangi saylovda g‘alaba qozonsa, bu uning 5-prezidentlik muddati bo‘ladi. Ozarboyjonda prezident shu saylovdan boshlab 7 yilga saylanadi.
Mavzuga oid
16:00
Kelishuv imzolagan prezidentlar va Moskva osmonida yuzlab dronlar – kun dayjesti
14:41 / 17.06.2026
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026