Jahon | 08:57 / 14.12.2023
4957
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyada josuslik uchun hibsga olingan shaxs o‘zini rossiyalik deb atadi

Tromsyo universitetining hibsga olingan tadqiqotchisi braziliyalik emas, balki rossiyalik Mixail Mikushin ekanligini aytdi.

Xose Assis Jammariya Foto: Northern_Sentry / Twitter

Norvegiyada josuslikda ayblangan, avvalroq o‘zini braziliyalik Xose Assis Jammariya deb tanishtirgan Tromsyo universiteti tadqiqotchisi Rossiya fuqarosi ekanligini aytdi va o‘zini 45 yoshli Mixail Mikushin deb tanishtirgan. Bu haqda Norvegiyaning VG nashri 13 dekabr, chorshanba kuni Norvegiya politsiyasi xavfsizlik xizmati (PST) advokati Niklas Xafsmouga tayanib yozdi. Tadqiqotchi 2022 yil oktyabr oyida qo‘lga olingan. Politsiya xavfsizlik xizmati gumonlanuvchining haqiqatan ham Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi, uning ismi Mixail Mikushin bo‘lgani va u yashirin ish olib borganini bildirgan. Norvegiya razvedka xizmatlariga ko‘ra, erkak noqonuniy razvedka va Rossiya rasmiylari uchun ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullangan.

U hozirda hibsda, Jinoyat kodeksining 121-moddasi - asosiy milliy manfaatlarga zarar yetkazuvchi noqonuniy razvedka, shuningdek, boshqa davlatlar zarariga noqonuniy razvedka bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Qo‘lga olingan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Tergov boshida PST Rossiya elchixonasiga murojaat qilib, erkakning ismini aytgan va diplomatlardan ma’lumotni tasdiqlashni yoki rad etishni so‘ragan. Xafsmouning so‘zlariga ko‘ra, so‘rovga javob bo‘lmagan. Ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lishi ortidan PST Rossiya elchixonasiga yangi xat yubordi. «Biz hozir elchixona Mikushinning o‘zi kim ekanligini ochiqlashini intiqlik bilan kutmoqdamiz», dedi Xafsmou.

VG so‘roviga elchixona shunday javob berdi: «Elchixona konsullik bo‘limi Xose Assis Jammariyaning Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi haqida ma’lumotga ega emas». VG da’vo qilishicha, Mikushinni GRU (2010 yildan beri - Qurolli kuchlar Bosh shtabi Bosh boshqarmasi) bilan bog‘laydigan hujjatlar bor. Erkakning advokati Mariyana Lozich bu taxminga izoh berishdan bosh tortdi. «U Mixail Valerevich Mikushin ekanligini va qirollikda yashash uchun ruxsat olishga ariza berishda Norvegiya hukumatiga noto‘g‘ri identifikatsiya ma’lumotlarini taqdim etganini tan oladi», dedi Lozich.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid