DXX Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan giyohvandlik vositalarini musodara qildi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda DXX xabarida aytilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida, Toshloq tumanida yashovchi shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzilda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 27 kg 573 gr “gashish” va 3 kg 967 gr “opiy” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi fuqaro Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatida istiqomat qiluvchi shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, 1 kg 806 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini xaridorga 80 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi fuqaroning uyidan ham 2 kg 698 gr “Mefedron” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ushbu sintetik narkotik moddalar Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelingan.
Boshqa holatda esa Andijon tumanida yashovchi shaxs boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar turkumiga kiruvchi 2800 dona “Regapen” va 957 dona flakonda “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ham sotish maqsadida aylanma yo‘llar orqali Qirg‘iziston Republikasidan olib kelingan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
21:34 / 05.11.2024