Jahon | 21:51 / 16.12.2023
15195
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «elf tili» jiddiy tahdidga aylanib borayotgani aytildi

Yozuvchi Jon Tolkiyen tomonidan o‘ylab topilgan tilni yoshlar o‘rganishga intilayotgani «jiddiy xavf» deb baholandi.

Andrey Xudoleyev Foto: ura.ru

Yoshlarning elf tiliga qiziqishi ortib borayotgani Rossiya uchun «jiddiy xavf» tug‘diradi. Bu haqda Rossiya prezidentining millatlararo munosabatlar bo‘yicha kengashi a’zosi Andrey Xudoleyev ma’lum qildi.

Xudoleyev so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada aholini ro‘yxatga olish paytida 12 mingdan ko‘proq kishi o‘zini «elf millati»ga mansub ekanini aytgan.

«Konstitutsiyaga ko‘ra, kim o‘zini qaysi millatga mansub deb aytsa, shu millat vakili hisoblanadi. Men bu mavzuni ko‘tarmagan bo‘lardim, lekin har bir shaharda bolalar elf tilini o‘rganayotganini aytadigan o‘qituvchilarni uchrataman. Kompyuter o‘yinlarini o‘ynamay qo‘yganman, ammo buni jiddiy xavf deb atagan bo‘lardim», dedi Xudoleyev.

Amaldorning ta’kidlashicha, hatto Yandex Translator onlayn tarjimoni elf tilidan tarjima qilish imkonini yaratgan, vaholanki, Rossiyada yashovchi ko‘plab xalqlarning tili onlayn tarjimonda yo‘q.

Elflar - german-skandinaviya va kelt xalqlari folklorida paydo bo‘lgan xayoliy xalq. Turli xalqlarning ertaklarida elflarning tashqi ko‘rinishi turlicha aks etadi, shuning uchun elflarning zamonaviy qiyofasi asosan britaniyalik fantastika yozuvchisi Jon Tolkiyen va uning fantaziya janrida yozgan izdoshlari tomonidan shakllantirilgan.

Tolkiyen dunyoga mashhur «Uzuklar hukmdori» va boshqa asarlarida o‘zi o‘ylab topgan elf tilini ham taqdim etdi. Ayni paytda Tolkiyen ishining ashaddiy muxlislari orasida elf tilini o‘rganishga va unda haqiqiy til kabi gapirishga harakat qilayotganlar ko‘p.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid