Jahon | 20:48 / 20.12.2023
14255
9 daqiqa o‘qiladi

Putin va Zelenskiyning bayonotlari, Qizil dengizdagi koalitsiyaga Yaman va Eronning reaksiyasi - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Falastin qochqinlari yordam berish bo‘yicha BMTning Yaqin Sharqdagi agentligi G‘azo sektoridagi navbatdagi hisobotini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida qariyb 1,9 mln kishi o‘z turarjoylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan, milliondan ortiq odamlar G‘azoning janubidagi Rafah shahridan boshpana topgan.

G‘azo janubidagi BMTning boshpanalari to‘lib toshgan, bu esa suv borasida taqchillik va kasallik tarqalishi ehtimolini kuchaytiradi. O‘n minglab falastinliklar ko‘chalarda yashashga majbur bo‘lishmoqda. 360 mingdan ortiq yuqimli kasalliklar holatlari aniqlangan. G‘azo aholisi oziq-ovqat taqchiligiga duchor bo‘lgan.

«Majburiy ko‘chirilgan falastinliklar uchun boshpana bo‘lib xizmat qilayotgan uylardan birida 40 ming odam yashamoqda. Ular odeyol va polietilen plyonka bilan bo‘lingan kataklarga joylashishgan», — degan BMT agentligi rahbari Filipp Lazzarini.

7 oktyabrdan buyon BMT obektlariga Isroil tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita 150 marta zarba berilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus G‘azo sektoridagi shifoxonalarning bor yo‘g‘i 30 foizi faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.

«G‘azoning sog‘liqni saqlash tizimi kollaps yoqasida. Yana bir minimal faoliyat ko‘rsatib turgan shifoxonaning yo‘qotilishi tizimga jiddiy zarba beradi», — degan Gebreyyesus. U shifoxonalar, tibbiyot personali va bemorlarga hujumlar bas qilinishi lozimligini ta’kidlagan.

So‘nggi bir kun ichida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 214 kishiga ko‘payib, jami qurbonlar soni 19 ming 667 kishiga yetgan. Yaradorlar 52,5 mingdan oshgan.

Fransiya O‘rdun daryosining g‘arbiy sohiliga kelib noqonuniy joylashib olgan yahudiylarga nisbatan sanksiyalar joriy qiladi. Rasmiy Parij arab turg‘unlariga qarshi zulmni to‘xtatish uchun Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili yerlariga kelib joylashib olgan ekstremistik kayfiyatdagi yahudiy ko‘chkindilariga qarshi cheklov choralarini qo‘llamoqchi.

Isroil prezidenti mamlakat HAMAS bilan yangi vaqtinchalik sulh tuzishga tayyor ekanini e’lon qildi.

«Men Isroil garovdagi fuqarolarini ozod qilish uchun yana bir humanitar pauzaga va qo‘shimcha humanitar yordamga tayyor ekanini tasdiqlashim mumkin», — deya Ishoq Hersogning so‘zlarini keltirmoqda The Times of Israel nashri.

Qizil dengizdagi koalitsiya

AQSh Qizil dengizda savdo kemalarini muhofaza qilish uchun harbiy koalitsiya to‘plashi va tez kunlarda Yamanga qarshi harbiy operatsiyani boshlashini e’lon qilishi ortidan Eron va Yaman harbiylari jonlanib qoldi.

AQSh Eron tomonidan qo‘llanilayotgun husiychilarning hujumidan «kemachilik xavfsizligini ta’minlash» uchun Qizil dengizda koalitsiya shakllantirganian so‘ng Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi 55 ming kishilik harbiy dengiz ko‘ngilli lashkarlarini to‘plaganini e’lon qildi. Avvalroq Eron Qizil dengiz uning manfaatlari zonasiga kirishini e’lon qilgan edi.

Yamandagilar ham Amerika tomonidan xalqaro dengiz koalitsiyasi tuzilganiga reaksiya bildirishdi. Yaman mudofaa vaziri, general-mayor Muhammad Nosir al-Atafiy «Bizda ularning flotini, kemalarini, suv osti kemalarini va aviatashuvchi kemalarini cho‘ktirib yuborishga qodir barcha vositalar bor. Qizil dengiz ularning mozoriga aylanadi», degan.

Yaman harbiy dengiz kuchlari Bob al-Mandib bo‘g‘ozini minalashtirishini e’lon qildi.

AQSh ma’muriyatining yuqori martabali rasmiysi Politico nashriga aytishicha, 19 davlat Qizil dengizdagi savdo yo‘llarini himoya qilish uchun «Prosperity Guardian» (Farovonlik soqchisi) operatsiyasida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, biroq ularning aksariyati o‘z ishtirokini ommaga oshkor qilmaslikni so‘ragan.

Darvoqe, ushbu voqealar fonida Malayziya Isroilning ZIM yuk tashish kompaniyasi kemalariga Malayziyaning barcha portiga kirishni taqiqlaganini e’lon qildi.

Putinning yangi bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ishtirok etidi va bir necha bayonotlar berdi.

Putinga ko‘ra, G‘arbning Rossiyaga nisbatan gibrid uurushi kuchayib bormoqda. Ukraina «real vaqt rejimi»da rezvedka ma’lumotlarini va zamonaviy qurol-yarog‘ tizimlarini olib turibdi.

NATOning faolligi keskin oshgan. Rossiya chegarasiga AQShning katta kuchlari tashlangan. Sharqiy va Markaziy Yevropada alyans qo‘shinlari soni ortgan.

Putinga ko‘ra, Rossiya NATO davlatlariga hujum qilishni rejalashtirmagan va kelgusida ham bunday niyati yo‘q.

Rossiya «maxsus harbiy amaliyot» vazifalaridan voz kechmaydi. Rossiya qo‘shinlari tashabbusga ega, «dushman katta yo‘qotishlarga duchora bo‘lmoqda. G‘arb harbiy texnikasining o‘q o‘tmasligi to‘g‘risidagi mif quladi», degan Putin.

Putin havo hujumidan mudofaa tizimini takomillashtirish kerakligini ta’kidladi. «Biz fanerdan yasalgan kichik dronchalar deb o‘ylagan narsa yaxshigina ziyon yetkaza olishi ma’lum bo‘ldi», degan u.

Zelenskiyning matbuot anjumani

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikki soatlik katta matbuot anjumani o‘tkazdi. Anjumanda yangragan eng muhim bayonotlar bilan tanishtiramiz.

«Men yutqazayapmiz deb o‘ylamayman — mamlakatimizning markaziy hududlari, infratuzilma obektlari, yo‘llar, temiryo‘llar, iqtisodiyot o‘tgan yilgi qishda to‘liq blokadada edi, hozirgi vaziyat o‘tgan yilgidan butkul farq qiladi», degan Zelenskiy

Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina osmonini bir nechta Patriot va NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlari qo‘riqlaydi, biroq u ularning aniq sonini ayta olmasligini bildirgan.

Ukraina prezidenti Bosh shtab va bosh qo‘mondan 500 ming kishini safarbar qilish uchun so‘rov jo‘natgani, biroq bunday narsani ma’qullash uchun ko‘proq dalil kerakligini, bunday mobilizatsiya Ukrainaga 500 mlrd grivnaga tushishini aytgan.

Zelenskiy Rossiya floti ortiq Qora dengizda hukmron emasligini, 2023 yilda Rossiya jang maydonida birorta arzirli natijaga erisha olmaganini ta’kidlagan.

Barbod bo‘lgan qarshi hujumni tushuntirar ekan, Zelenskiy «biz osmonni nazorat qilmayapmiz, bu yozgi qarshi hujum operatsiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazdi», degan.

«Putin «maxsus harbiy amaliyot vazifalari o‘zgarmaydi», dedi. Demak bu odam tinchlikni istamayapti. Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish hozircha dolzarb emas», — degan Zelenskiy.

Ukrainaga yordam

Yaponiya Ukrainaga qo‘shimcha 4,5 mlrd dollar yordam ajratmoqchi deb xabar beradi Kyodo agentligi. Avvalroq Yaponiya TIV Tokio yil oxirigacha Rossiyaga qarshi cheklovlarni aylanib o‘tishga ko‘mak berayotgan uchinchi davlatlarga nisbatan sanksiyalarini kengaytirishini e’lon qilgan edi.

AQSh mulozimlari G7 davlatlariga Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlarini Kiyevga Jahon banki yoki Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki orqali berish variantini o‘rganib chiqishni taklif qilishdi. Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning xorijda 300 mlrd dollardan ortiq aktivlari muzlatilgan. G‘arb davlatlari anchadan buyon bu pullarni Ukrainaga berish variantlari ustida bosh qotirishmoqda.

Sobiq «vagner»chi rossiyaga qarshi guvoh

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining sobiq instruktori, polkovnik Igor Salikov Niderlandiyaga kelib, Xalqaro jinoyat sudiga Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topshirgan.

Ukrainaga qarshi urushda u 2014 yildan buyon ishtirok etadi va o‘zining ta’kidlashicha, ko‘plab jinoyatlarga guvoh bo‘lgan.

«Vagner» va «Redut» xususiy harbiy kompaniyalarida xizmat qilgan Salikov Halqaro jinoyat sudida Rossiyaning Ukraina, Suriya va Afrikada xalqaro huquqlarni poymol qilgani borasida guvohlik berishga tayyorligini ta’kidlagan. U shuningdek, Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan Ukrainalik bolalarni Belarusga olib o‘tilgani haqida hikoya qilib bergan.

Donald Tramp saylovdan chetlatildi

AQShning Kolorado shtati oliy sudi Donald Trampga 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni taqiqladi.

Sud qarori faqat mazkur shtat hududida amal qiladi va 4 yanvardan kuchga kiradi. Trampning komandasi sud qarori ustidan apellyatsiya berishini e’lon qildi.

Mavzuga oid