Jahon | 15:29
1707
9 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning yirik mudofaa loyihasi barbod bo‘ldi, Si Shimoliy Koreyaga keldi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Trampning chaqiriqlardan keyin Isroil va Eron to‘xtadi

Dushanba kuni Eron va Isroil AQSh prezidenti Donald Trampning chaqirig‘idan so‘ng bir-birlariga qarshi hujumlarni to‘xtatganini ma’lum qildi. Ammo Isroil harbiy mulozimi mamlakat operatsiyalarni «qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom ettirishga» tayyorligini bildirdi.

Eron rasmiylari ham shunga o‘xshash qat’iy ohangda javob berishdi. Tasnim nashri iqtibos keltirgan harbiy manbaga ko‘ra, Tehron uzoq muddatli mojaroga tayyor va mintaqadagi AQSh manfaatlariga qarshi zarbalarni qayta tiklashi mumkin. Shu bilan birga, agar Isroil «Hizbulloh»ga zarba berishda davom etsa, Tehron harbiy harakatlarni qayta tiklashi haqida ogohlantirdi.

Ushbu hujumlar fonida Yamandagi husiylar ham Qizil dengizda Isroil kemalarining harakatlanishini to‘xtatishga va’da berdi va Isroilga qarata raketalar otgan. Keyinchalik Isroil harbiylari Eylat hududida Yamandan uchirilgan shubhali havo nishoni urib tushirilganini tasdiqladi.

Avvalroq Tramp Isroil ham, Eron ham zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni xohlayotganini aytdi. «Agar jaholat yoki ahmoqlik xalaqit bermasa, ʼTinchlikʼ bo‘yicha yakuniy muzokaralar davom etmoqda», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Axios nashriga bergan intervyusida Tramp Netanyahuni ogohlantirganini aytdi: «Men unga: ʼBibi, ehtiyot bo‘lganing ma’qul, aks holda tez orada mutlaqo yolg‘iz qolasanʼ, dedim», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda nashr.

Donald Tramp, shuningdek Qo‘shma Shtatlar yaqin ikki hafta ichida Eron ustidan «mutlaq g‘alaba» e’lon qilishini ma’lum qildi.

«Biz juda murosasiz jamoa bo‘ldik va o‘ylashimcha, ushbu jangda g‘alaba qozonmoqdamiz. Biroq yaqin ikki hafta ichida biz mutlaq g‘alaba e’lon qilganimizda, siz haqiqatan ham g‘alaba qozonasiz», dedi Tramp senator Lindsi Gremni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda.

«Bu mutlaq g‘alaba bo‘ladi. Bu juda yaqin orada yuz beradi va neft narxi keskin tushib ketadi», deya qo‘shimcha qildi AQSh yetakchisi.

AQShning Livandagi elchisi Mishel Issa dushanba kuni Livan–Isroil muzokaralari Vashingtonda qayta tiklanishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Si va Kim uchrashuvi

So‘nggi yetti yilda ilk marta Pxenyanga kelgan Xitoy raisi Si Jinping Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan siyosat, iqtisodiyot va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Shimoliy Koreya yetakchisi xitoylik mehmonlar sharafiga konsert va ziyofat uyushtirdi.

Xitoy davlat OAVlariga ko‘ra, Kim Chen In Si Jinpingga xalqaro vaziyatdagi o‘zgarishlardan qat’i nazar, Pekinning Tayvan borasidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Ushbu xayrixohlik bayonotlariga qaramay, tahlilchilar tashrifning rasmiy yakuniy hisobotlarida bir-biriga zid bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rmoqda.

«Shimoliy Koreya o‘zini tobe, qaram yoki shunchaki yordam oluvchi tomon qilib ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan elementlarni olib tashladi va munosabatlarni teng huquqlilar o‘rtasidagi aloqa sifatida qaytadan shakllantirdi», deydi Koreya milliy birlashish instituti tahlilchisi Xong Min.

Shimoliy Koreya ommaviy axborot vositalari Pxenyanning yadroviy qurol dasturi yoki AQSh bilan munosabatlari muzokaralarda tilga olingan-olinmagani haqida hech narsa demadi. «Sinxua» agentligi xabariga ko‘ra, Si Pekin umumiy manfaatlarni himoya qilish majburiyatidan hech qachon chekinmasligiga va’da bergan.

Shuningdek, tahlilchilar Kim Chen In Tramp bilan qayta uchrashishidan oldin Xitoy rahbari bilan o‘zaro maslahatlashib olish ehtimolini ham rad qilmayapti.

Fransiya va Germaniya harbiy kelishuvi amalga oshmadi

Yillar davomida kuzatilgan ichki nizolardan so‘ng Fransiya va Germaniyaning yangi avlod qiruvchi samolyotini birgalikda yaratishga qaratilgan loyihasi butunlay barbod bo‘ldi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘tgan haftada «Dassault» va «Airbus» kompaniyalari asosiy kelishmovchiliklarni hal qila olmagani borasida yakdil fikrga kelishgan.

2017 yilda yo‘lga qo‘yilgan «Kelajak jangovar havo tizimi» dasturi taxminan 2040 yilga borib «Eurofighter» va «Rafale» qiruvchi samolyotlari o‘rnini bosuvchi yangi avlod harbiy samolyotini yaratishi kerak edi.

Qiymati 100 milliard yevrodan oshayotgan ushbu loyiha bir paytlar Fransiya–Germaniya harbiy birligining ramzi sifatida e’tirof etilgan, ammo sanoatga oid nizolar girdobida qolib ketdi. Xususan, Fransiyaning qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi giganti «Dassault Aviation» loyiha ustidan sezilarli darajada ko‘proq nazorat talab qildi.

Har ikki kompaniya loyihaning keyingi bosqichi nazorati, intellektual mulkdan foydalanish huquqi va eng asosiysi — samolyotga qo‘yilayotgan turlicha talablar borasida o‘zaro to‘qnash keldi.

Natijada Yevropaning eng yirik mudofaa loyihalaridan biri bekor qilindi. Ushbu qaror — Rossiyaning G‘arbga tahdidlari ortib borayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Germaniya va Fransiya endilikda samolyotlar, dronlar va datchiklarni birlashtiruvchi «Jangovar bulut» texnologiyasiga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.

Filippinda dahshatli zilzila

Filippin janubidagi Mindanao oroli qirg‘oqlari yaqinida yuz bergan 7,8 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 35 kishiga yetdi. Filippin rasmiylarining bildirishicha, yana 134 kishi jarohatlangan va 10 mingga yaqin oila o‘z uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Zilzila dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:37 da sodir bo‘lib, Filippin, Indoneziya, Yaponiya va Avstraliyada sunami xavfini keltirib chiqardi. Dastlabki zilziladan keyin 130 dan ortiq aftershoklar qayd etildi. Shuningdek, kechga borib Balut oroli yaqinidagi dengiz hududida 5,7 magnitudali yana bir zilzila yuz berdi.

Qariyb 8 balli tongdagi zilzila video va fotosuratlarida binolarning qulashi, ayrimlari vayronaga aylangani tasvirlangan kadrlar ko‘ringan. Ba’zi hududlarda esa yer ko‘chishlari qayd etilgan.

G‘arbiy Davao provinsiyasida boshlang‘ich maktablardan birida olingan videoda o‘nlab o‘quvchilarning silkinayotgan yerda cho‘kkalab o‘tirganini ko‘rish mumkin. Videoda ularning ortidagi boshpana qulab tushgani ham aks etgan. Maktab ma’muriyati hech kim jarohat olmaganini ma’lum qildi.

Filippin prezidenti Ferdinand Markos barcha tegishli idoralar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etayotganini aytdi. Filippinda zilzilalar tez-tez sodir bo‘lib turadi, chunki mamlakat geologik jihatdan beqaror bo‘lgan Tinch okeani «Olovli halqasi» hududida joylashgan.

NATO hududiga yana rus dronlari kirdi

NATO qiruvchi samolyotlari Latviya havo hududiga bostirib kirgan dronni urib tushirdi. Latviya Milliy Qurolli kuchlari bu haqda 8 iyun kuni xabar berdi. Ushbu operatsiya Fransiya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

«Rossiya tomonidan Latviya havo hududiga kamida bitta uchuvchisiz uchish apparati bostirib kirdi», degan Latviya Qurolli Kuchlari vakili Reutersʼga bergan intervyusida. Hodisadan biroz oldin, Latviyaning 2 ta tumanida havo hududidagi xavf tufayli ogohlantirish e’lon qilingandi.

«Yo‘nalishidan adashgan» harbiy dronlar tufayli Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlandiyada Ukrainadagi urushning yoyilishi ehtimoli borasidagi xavotirlar ortib bormoqda.

Dronlar ilgari ham Latviya havo hududiga uchib kirgan, biroq bunday dron birinchi marta urib tushirildi.

Shu bilan birga, Moldova Mudofaa vazirligi ham 8 iyunga o‘tar kechasi Ukraina chegarasi yaqinidagi aholi punkti tomonidan dron uchib kirganini ma’lum qildi. Moldova rasmiylari dron kimga tegishli ekanini ochiqlamagan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid