Jahon | 16:14
1069
9 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron o‘rtasida havo zarbalari davom etmoqda

AQSh va Eron ketma-ket ikkinchi kuni ham o‘zaro havo hujumlari almashdi. Harbiy harakatlarning keskinlashishi hafta boshida Ho‘rmuz yaqinida AQShning Apache vertolyoti urib tushirilishi bilan boshlangandi.

Bu voqea Eron va mintaqadagi AQSh bazalariga qarshi ketma-ket o‘zaro javob zarbalari berilishiga sabab bo‘ldi.

Kecha AQSh harbiylari o‘zlarining so‘nggi hujumlari Tehronning «asossiz va davomiy tajovuzkorligi»ga javoban ekanini aytdi.

Tramp chorshanba oqshomida AQSh zarbalari tez orada to‘xtashini, biroq Eron rahbarlari bitim imzolamasa, shiddatli bombardimonlarni qayta boshlashini aytdi. Trampning tahdididan so‘ng neft narxi qariyb 3 dollarga ko‘tarildi.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Kuvayt va Bahrayndagi aviabazalarda joylashgan AQShning 18 ta harbiy obektiga, shuningdek, Bahrayndagi AQShning Beshinchi flotiga qarshi javob hujumlari uyushtirganini ma’lum qildi.

Keyinchalik Eron Iordaniyadagi Al-Azraq aviabazasiga ham ketma-ket ikkinchi kecha ballistik raketalar otganini bildirdi.

Shuningdek, Eron kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishga urinayotgan har qanday kemaga qarata o‘t ochishi haqida ogohlantirdi. Eron OAVlari AQShning ikkita kemasiga qarata o‘t ochilganini xabar qildi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi bo‘g‘oz yopilganini yoki biror kemasi urilganini rad etdi. Shuningdek, Eron AQShni 10 ta qishloqni ichimlik suv bilan ta’minlaydigan suv omborlariga zarba berishda aybladi. Pentagon bu ayblovlarga izoh bermadi.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset yangi zarbalarni – Eronni kelishuvga majburlash harakati sifatida baholadi. «Biz bugun kechasi ularga qattiq zarba beramiz va Eron to‘g‘ri qaror qabul qiladi, deb umid qilamiz. Agar bombalar yordamida muzokara olib borish kerak bo‘lsa, biz bombalar bilan muzokara qilamiz», dedi urush vaziri.

Tramp Eron bilan kelishuv yaqin ekanini bir necha bor ta’kidlagan bo‘lsa-da, apreldagi vatinchalik sulhdan keyin biror jiddiy siljish alomatlari ko‘rinmadi.

Mojaro Oq uy uchun siyosiy bosh og‘rig‘iga aylandi, chunki yoqilg‘i narxlarining oshishi va saylovchilarning g‘azabi fonida Trampning reytingi pasayib bormoqda.

Livanda ham janglar davom etmoqda

Livanda – Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi parallel urushda ham janglar davom etmoqda. Livan xavfsizlik manbalarining ma’lum qilishicha, chorshanba kuni Isroilning Livan janubiga uyushtirgan havo zarbalari oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgan. Hizbullohning o‘zi Isroil kuchlariga qarshi yangi hujumlar uyushtirganini da’vo qildi.

Isroil harbiylari payshanba kuni ertalab Isroil shimolidagi bir qancha hududlarda sirenalar yangraganini bildirdi. Livan janubida Isroil qo‘shinlari harakat qilayotgan hudud yaqiniga ikkita «raketa uchirilishi» qayd etilgan.

AQSh bilan muzokaralarda Tehronning talablari qatorida Isroilning Livandagi hujumlarini to‘xtatish ham mavjud. Shu bois Eron yakshanba kuni Isroilni to‘xtatish uchun zarbalar bergandi.

Rossiyada yana bir general portlatildi

9 iyun kuni ertalab Moskva viloyatida sodir bo‘lgan avtomobil portlashi oqibatida Rossiya mudofaa tizimining yuqori martabali mulozimi halok bo‘ldi. Balashixada joylashgan turargohdan ertalab haydovchi mashinasini olib chiqayotgan paytda BMW X3 avtomobili portlab ketgan. Atrofdagilar haydovchi hali tirikligida uning yoniga yetib borishgan, biroq u voqea joyida vafot etgan.

Rossiya Federal Tergov qo‘mitasi portlash sodir bo‘lganini tasdiqladi, biroq qurbonning ism-sharifini ochiqlamadi. Shuningdek, aynan qaysi modda bo‘yicha ish ochilganiga ham aniqlik kiritmadi.

Mahalliy pabliklarga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs Rossiya Mudofaa vazirligi Raketa-artilleriya bosh boshqarmasi rahbari Damir Davidov bo‘lgan. Yana bir manba ham Davidovning o‘limini tasdiqlab, qo‘lbola portlovchi moslama avtomobil ostiga o‘rnatilganini ma’lum qildi.

Portlash sodir bo‘lgan «Aviatorov» dahasi dastlab iste’fodagi harbiylar uchun turar joy tumani sifatida qurilgan. 2025 yil aprel oyida xuddi shu dahada Rossiya Qurolli Kuchlari rasmiysi, general-leytenant Yaroslav Moskalik ham avtomobili portlatishi oqibatida halok bo‘lgandi.

JARda otishma: 12 kishi halok bo‘ldi

Janubiy Afrikaning Yohannesburg shahrida qurollangan shaxslar o‘t ochishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan va yana to‘qqiz kishi jarohatlangan. Huquq-tartibot idoralari xodimlariga ko‘ra, seshanba oqshomdagi hujumdan keyin 10 dan ortiq gumonlanuvchi qidirilmoqda.

Politsiyaning bildirishicha, qurollangan shaxslar turar joy binosi hududiga ikkita alohida kirish joyidan kirib, bir nechta nuqtada o‘t ochgan va mashinada voqea joyidan qochib ketishgan.

Otishma tunda — noqonuniy konchilar yashaydigan temir kulbalar joylashgan hududda sodir bo‘lgan.

Politsiya qotilliklarga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lumligini bildirdi. «Hozirgi bosqichda motiv nima ekanligini aniqlay olmadik», dedi viloyat komissari, general-leytenant Tommi Mtombeni.

Janubiy Afrika qotillik ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinlardan birida turadi. DW ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda kuniga o‘rtacha 60 ta qotillik sodir etiladi.

Pokiston Afg‘oniston bo‘ylab havo zarbalari berdi

10 iyunga o‘tar kechasi Pokiston Afg‘oniston hududiga navbatdagi havo zarbalarini berdi. Bu haqda xabar bergan Pokiston axborot vaziri Attaulla Tararga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 26 nafar jangari o‘ldirilgan.

Tarar harbiylar chegara bo‘ylab Pokiston «Tolibon»ining yashirin joylari va boshpanalarini nishonga olgan holda aniq zarbalar berganini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, ushbu operatsiyalar so‘nggi paytlarda sodir etilgan qator hujumlarga javoban amalga oshirilgan.

Pokiston tomoni zarbalarni ishonchli razvedka ma’lumotlariga asoslangan, puxta hisob-kitob qilingan, deb ta’rifladi.

Biroq, «Tolibon» hukumatining matbuot kotibi Zabihulla Mujohid qurbonlar orasida tinch aholi vakillari borligini qayd etdi. Xususan, Mujohidga ko‘ra, Kunar, Xost va Paktika provinsiyalariga Pokiston uyushtirgan hujumlar oqibatida 11 bola, bir ayol va bir keksa kishi halok bo‘lgan. Yana 14 nafar ayol va bolalar jarohatlangani aytilmoqda.

2021 yilda «Tolibon» ikkinchi marta hokimiyatga kelganidan beri Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar tarangligicha qolmoqda. Fevralda Afg‘oniston Pokistonning havo hujumlariga javoban chegara osha hujum boshlagan, shundan keyin harbiy harakatlar keskin kuchayib ketgandi.

Mart oyida erishilgan mo‘rt sulh – har ikki tomon bir-birini uni buzganlikda ayblaganidan keyin barbod bo‘ldi.

Shimoliy Irlandiyada namoyishlar

Shimoliy Irlandiya poytaxti Belfast shahrida ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Bunga Sudandan kelgan muhojir mahalliy aholi vakiliga qilgan hujum sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda pichoq bilan qurollangan qora tanli shaxs o‘z qurboni ustiga chiqib olib, uni so‘yib tashlash bilan tahdid qilayotgani aks etgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer buni «dahshatga soluvchi» hujum deb atadi.

Hujum qilgan shaxs – 30 yoshli Hodi Alodid qo‘lga olingan. Sud unga qotillikka urinish, tibbiyot xodimiga o‘lim bilan tahdid qilish va jamoat joyida pichoq olib yurish bo‘yicha ayblov qo‘ydi. Sudanlik shaxs siyosiy boshpana so‘ragan va Buyuk Britaniyada 2028 yilgacha qolishga ruxsati bo‘lgan.

Jabrlanuvchi – 40 yoshli Stiven Ogilvi yuzi, bo‘yni va yelkasidagi jarohatlar bilan shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda. Hujum qilgan va hujumga uchragan qo‘shnilar bo‘lishgan. Alodidning motivlari hozircha ma’lum emas, u hibsda qolmoqda.

Buning ortidan hafta boshida niqob taqqan yuzlab kishilar shahar ko‘chalariga chiqib, avtomobillar, avtobuslar, chiqindi idishlarini yoqishdi, vitrinalarni sindirishdi, uylarga o‘t qo‘yishdi. «Xorijliklar yo‘qolsin!» deya hayqirmoqda namoyish ishtirokchilari. Shimoliy Irlandiyaning boshqa shaharlarida ham tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan.

Shimoliy Irlandiya politsiyasi aholidan xotirjamlikni saqlashni va o‘z noroziligini tinch yo‘l bilan bildirishni so‘radi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid