Jahon | 14:40
2590
9 daqiqa o‘qiladi

Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron muzokaralari

Payshanba kuni prezident Donald Tramp AQSh va Eron shu hafta oxiridayoq tinchlik bitimi imzolashi mumkinligini aytdi. Agar ushbu kelishuv tasdiqlansa, u minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan uch oylik urushga chek qo‘yishi mumkin.

Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyga ko‘ra, muzokaralar olib borilayotgan matnning katta qismi yakunlangan. Biroq Eron o‘zining «qizil chiziqlari» masalasida yon bosmaydi.

«Biz bu masala bo‘yicha yakuniy xulosaga kelganimiz yo‘q. Bu hozirda tegishli qaror qabul qiluvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan juda muhim masaladir», deya Eron OAVlari uning so‘zlarini keltirdi.

Tramp esa Oq uyda jurnalistlarga «Biz hozirgina Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha ajoyib kelishuvga erishdik», dedi.

«Biz hujjatni imzolashimiz bilanoq bo‘g‘oz rasman ochiladi. Bu juda tez orada, ehtimol shu hafta oxirida Yevropada sodir bo‘lishi mumkin», dedi Tramp. Hujjatga AQSh nomidan vitse-prezident J.D. Vens imzo qo‘yishi mumkin.

AQSh yetakchisiga ko‘ra, imzolanishi kutilayotgan bu kelishuv — «bir oz konseptual xarakterga ega bo‘lgan juda mustahkam o‘zaro tushunish memorandumi»dir. Keyinroq Tramp boshqa tadbirda «Eng muhimi, Eronda yadroviy qurol bo‘lmaydi. Bu uning ishlab chiqilmasligi va sotib olinmasligini anglatadi», dedi.

Tramp ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kelishuv Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA kabi davlatlar tomonidan ma’qullanganini yozdi. Ammo bosh vazir Benyamin Netanyahu idorasi — Isroil Eron bilan tuzilgan o‘zaro tushunish memorandumida tomonlardan biri emasligini bildirdi.

Trampning ushbu bayonoti u Eronga rejalashtirilgan harbiy zarbalarni bekor qilganidan keyin yangradi. Payshanba kuni ertaroq Tramp hatto AQSh «juda kuchli zarba» berishi va yakunda Eronning Xarg orolini nazoratga olmoqchi ekanini aytgandi.

Aslida mart oyi o‘rtalaridan boshlab Tramp Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuv yaqin ekanini ta’kidlab kelmoqda. Biroq joriy haftada har ikki tomon bir-biriga zarbalar berdi va bu mavjud otashkesim rejimini xavf ostiga qo‘ydi.

Jahon chempionati boshlandi

11 iyun kuni Meksika poytaxtidagi «Estadio Azteca» stadionida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘yinda mezbon Meksika Janubiy Afrika ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

48 ta jamoa ishtirokida 104 ta o‘yindan iborat ushbu Jahon chempionati — tarixda eng qimmat va eng ko‘p jamoa qatnashayotgan turnir sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.

Bu safargi sport bayrami — chiptalar narxi va turnirning kengaytirilishi, Eron milliy jamoasining AQShda kamsitilishi, Qo‘shma Shtatlar immigratsiya organlarining somalilik hakamning mamlakatga kiritilmagani ortidan tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, AQSh — dunyoning ko‘plab davlatlari fuqarolari uchun, garchi o‘yinga kirish chiptalari bo‘lsa-da, vizalarni rad etdi.

Meksikadagi namoyishlar va jinoyatchilik darajasi ham muxlislarni xavotirga solmoqda.

Trampning yaqin do‘sti — FIFA prezidenti Janni Infantino esa ochilish o‘yini oldidan ko‘plab muammolarga qaramay optimistik kayfiyatda.

Aytgancha, bu safar O‘zbekiston ham ilk marta Jahon chempionatida qatnashmoqda. Milliy jamoamiz ishtirokidagi ilk o‘yin 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkaziladi. Yurtdoshlarimizga omad tilaymiz.

Ukraina Qrimga olib boruvchi yo‘llarni nishonga olmoqda

Ukraina kuchlari Rossiya nazorati ostidagi Xerson viloyatidan Qrimga olib boruvchi ko‘priklarga tinimsiz zarbalar bermoqda. Xususan, Ukraina dronlari payshanba kuni Mirnoye hududidagi Shimoliy Qrim kanali orqali o‘tgan ko‘prikka, Perekop — Armyansk yo‘nalishidagi avtomobil ko‘prigiga, Stavki aholi punktidagi ko‘prikka zarbalar bergan.

Moskva tomonidan tayinlangan Xerson viloyati «gubernatori» Vladimir Saldo inshootlarga zarar yetkazilganini tasdiqladi. «Mutaxassislar tekshiruv o‘tkazmoqda va konstruksiyalarning holatiga aniqlik kiritmoqda», deb yozdi gubernator.

Saldoning ta’kidlashicha, Xerson viloyatidagi havo mudofaasi kuchlari 11 iyunga o‘tar kechasi 45 ta dronni yo‘q qilgan. Uning taxminicha, Ukraina bor zarbalarini – mintaqaning transport infratuzilmasiga qaratishga urinmoqda.

10 iyun kuni ham Xersondan Qrimga olib boruvchi bir nechta ko‘priklar shikastlangan va yopib qo‘yilgandi. Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu yo‘llarning yopilishi va ko‘prikdagi muammolar Rossiya qo‘shinlari logistikasini sezilarli darajada qiyinlashtirmoqda.

«Krimskiy veter» o‘ziga kelgan xabarlarga tayanib, «yarimorolga quruqlikdan kirish yo‘llarida butun ko‘prik qolmaganga o‘xshaydi», deya qayd etdi.

Bundan tashqari, Ukraina dronlari Rossiyaning turli mintaqalaridagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar bermoqda. Bu esa o‘z navbatida yo‘llari yopilayotgan Qrimda benzin taqchilligi muammosini boshladi.

Kanada ham ijtimoiy tarmoqlar va AIʼni cheklayapti

Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi raqamli xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi.

Hukumat mulozimi so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi sun’iy intellekt chatbotlarini ham xavfsizroq qilishni maqsad qilgan.

Qoidalarga rioya qilmagan kompaniyalar global daromadlarining 3 foizi miqdorida yoki 7,2 million dollar jarimaga tortiladi.

«Ijtimoiy tarmoq platformalari va sun’iy intellekt chatbotlari — bolalik davrining sog‘lom rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamaydi, aksincha, ko‘plab yoshlar uchun xavotir, yakkalanish, depressiya va boshqa qator ruhiy salomatlik muammolari manbaiga aylandi», dedi Kanada o‘ziga xoslik va madaniyati vaziri Mark Miller.

«Ushbu qonunchilik yosh kanadaliklarga o‘zaro jonli muloqot qilish, do‘stlar orttirish, maktabda bor e’tiborini darsga qaratish hamda hayotiy ko‘nikmalarni o‘rganishga imkon beradi», deya qo‘shimcha qildi vazir.

Qonun loyihasining parlamentga taqdim etilishi – ommaviy otishmada jabrlangan oilalar OpenAI kompaniyasini sudga berganidan keyin yuz berdi. Da’voda aytilishicha, OpenAI kompaniyasi — qotil hujumni ChatGPT'da rejalashtirayotganini bilgan, biroq politsiyani ogohlantirmagan.

O‘tgan yili Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘lgan edi. Fransiya, Daniya, Polsha va Gretsiya ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalarini kuchaytirishni ko‘rib chiqmoqda.

Ekspertlarga ko‘ra, Kanadaning ushbu taklifi SIni ham qamrab olgani uchun Avstraliya qonunidan ko‘ra keng qamrovliroq bo‘ladi.

Britaniya mudofaa vaziri iste’foga chiqdi

11 iyun kuni kutilmaganda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili iste’foga chiqishini e’lon qildi. Hili bosh vazir Kir Starmer hamda moliya vazirligini mudofaa uchun zarur mablag‘ ajratishni rad etganlikda aybladi.

O‘z partiyasi ichidagi bosimni boshdan kechirayotgan Starmer uchun shu paytgacha sodiq hisoblangan vazirning ketishi navbatdagi zarba bo‘ldi.

«Moliya vazirligi tahdidlar kuchayib borayotgan bir davrda millatga mamlakat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni taqdim etishga tayyor emas edi», deb yozdi sobiq vazir.

Jon Xili so‘zlariga ko‘ra, joriy ehtiyojlarga javob beradigan budjetsiz «qurolli kuchlarning jangovar shayligiga putur yetkazadigan, shaxsiy tarkib uchun xavfni oshiradigan qarorlarni qabul qilishga majbur bo‘lardi». Shu sababli u ketishni tanlagan.

Britaniya OAVlari bir necha haftadan beri hukumatda mudofaa xarajatlari bo‘yicha bahslar kuchayib borayotganini xabar bermoqda. Yaqin o‘n yilga mo‘ljallangan mudofaa investitsiyalari rejasini tasdiqlash bir necha oydan beri ortga surilmoqda. Bu esa Britaniya biznesining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, budjetning e’lon qilinishi endi kelasi haftada kutilmoqda.

Starmer mudofaa xarajatlarini 2027 yildan boshlab YaIMning 2,5 foizigacha, keyingi parlament muddatida esa 3 foizgacha oshirishga va’da bergandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid