Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Eron yana zarbalar almashdi
Ho‘rmuz yaqinida AQSh armiyasining «Apache» zarbdor vertolyoti qulagani haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinroq AQSh rasmiysi Reutersʼga bu vertolyot Eronning kamikadze droni tomonidan nishonga olinganini bildirdi. AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining suvusti droni ikki nafar ekipaj a’zosini topgan va qutqargan.
AQSh prezidenti Donald Tramp bunga javoban Eronga zarbalar berilganini ma’lum qildi. AQShning so‘nggi zarbalari taxminan to‘rt soat davom etgan va Eronning 20 ga yaqin nishoniga zarba berilgan. Hujumlarda bo‘g‘oz yaqinidagi Eron havo mudofaasi, yerusti boshqaruv stansiyalari va kuzatuv radar obektlari nishonga olingan.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Amerika zarbalariga javoban Fors ko‘rfazidagi AQShning 21 ta turli nishonlariga hujum uyushtirdi.
Xususan, Iordaniyadagi AQShning «Al-Azraq» bazasida — F-35 qiruvchi samolyotlari angarlari va qo‘mondonlik-boshqaruv markazi Eron tomonidan nishonga olindi.
Iordaniya qurolli kuchlari Erondan kelayotgan beshta raketani tutib olgani va urib tushirganini ma’lum qildi. Shuningdek, Muhofizlar korpusi Kuvaytdagi «Ali As-Salam» bazasi va Bahrayndagi AQSh Beshinchi flotini ham dronlar bilan nishonga olganini bildirdi.
AQSh rasmiysiga ko‘ra, dastlabki baholashlar Eron tomonidan uchirilgan deyarli barcha raketa va dronlar urib tushirilganini ko‘rsatmoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi vertolyot voqeasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘xtalmadi. Ammo u o‘z bayonotida mintaqadagi xorijiy kuchlar baxtsiz hodisalar yoki o‘zaro otishmalarga duchor bo‘lish xavfi ostida ekanini aytdi. «Agar, xavfsiz bo‘lishni istasangiz, mintaqamizni tark eting», deb yozdi u.
Tramp esa seshanba kuni vertolyot voqeasi «katta muammo emasligini» aytdi va «uchuvchining ahvoli yaxshi» ekani haqidagi gaplarini qaytardi.
Isroilga qarshi yangi sanksiyalar
Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya va Norvegiya seshanba kuni G‘arbiy sohilda zo‘ravonliklarni moliyalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etgan Isroil kuchlariga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi.
Ushbu choralar o‘tgan haftada Avstraliya va Yangi Zelandiya e’lon qilgan sanksiyalar bilan muvofiqlashtirilgan. Qo‘shma bayonotda aytilishicha, ushbu choralar «ekstremistik ko‘chmanchilarni falastinlik tinch aholiga qarshi dahshatli darajadagi zo‘ravonliklari uchun javobgarlikka tortish»ni maqsad qilgan.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Isroil moliya vaziri Betzalel Smotrich va ko‘chmanchi tashkilotlarning 25 nafar a’zosi Fransiyaga kirishini taqiqlaganini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya va Kanada esa o‘z sanksiyalar paketiga resurslaridan — falastinliklar mulklarini vayron qilishda foydalanilgan qurilish kompaniyalarini kiritgan. Qo‘shma bayonotda agar Isroil hukumati «joylardagi vaziyatni o‘nglash uchun shoshilinch choralar» ko‘rmasa, keyingi qadamlar tashlanishi aytilgan.
Xavotirlardan biri Isroilning «E1 loyihasi» bo‘yicha. Ushbu qurilish G‘arbiy sohilni teng ikkiga bo‘ladi va uni Sharqiy Quddusdan uzib qo‘yadi. Bu esa falastinliklar mustaqil davlat qurishni maqsad qilgan hududning parchalanishiga olib keladi.
Isroil tashqi ishlar vazirligi ushbu choralarni rad etdi va sanksiyalar joriy qilgan hukumatlarni antisemitizmni kuchaytirishda aybladi.
Dog‘istonda portlash
9 iyun kuni Dog‘istonning Qizilyurt shahrida «Gazprom transgaz Maxachkala»ga qarashli magistral gaz quvurida uchta portlash yuz berdi. Portlashlardan keyin keng ko‘lamli yong‘in boshlandi, alanga balandligi 15 metrga yetgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, ushbu holatga aholi punktlari o‘rtasidagi quvurning germetikligi buzilishi — zichligi yo‘qolishi sabab bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda xizmatlar yong‘inni ikki soatdan ortiq vaqt davomida o‘chirdi. Qizilyurt tumanining 140 ga yaqin aholisi evakuatsiya qilinib, qarindoshlarining uylariga joylashtirilgan.
Favqulodda holat sababli Qizilyurt shahri va uning atrofida yaqin sutka ichida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Ushbu quvur «Gazprom» tomonidan tabiiy gazni janubiy yo‘nalishda tashish, jumladan, Ozarboyjonga yetkazib berish uchun foydalaniladi.
Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi urushi sababli unga qarshi 21-sanksiyalar paketini taklif qildi. Bu paket mamlakat banklari va kriptovaluta tarmoqlari, shuningdek, dron ishlab chiqarish, neft treyderlari va zavodlariga jiddiy zarba berishni ko‘zda tutadi.
Yevroittifoq rasmiysi Kaya Kallasga ko‘ra, yangi paketda 170 nafar jismoniy va yuridik shaxslarni qora ro‘yxatga kiritish taklif etilmoqda. Bular qatoriga 90 ga yaqin bank kiradi.
Rossiya banklari Yevropa sanksiyalarining to‘liq bosimi ostida qoladi, jumladan, aktivlarni muzlatish, sayohat va tranzaksiyalarni taqiqlash choralari ko‘riladi. Sanksiyalar qabul qilinishi uchun barcha a’zo davlatlarning bir ovozdan ma’qullashi talab etiladi.
Shuningdek, sanksiyalar paketida 35 ta bankka, Rossiyaga cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradigan 11 ta kripto-platformaga tranzaksiya taqiqlari qo‘yish taklif etilmoqda. Avvalroq Qirg‘iziston Rossiyaga kriptovaluta bozorida sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam bergani uchun jazolangandi.
Rossiyada nufuzli Makroiqtisodiy tahlil markazi mamlakatni yaqinlashib kelayotgan bank inqirozi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Ammo Rossiya Markaziy banki buni rad etib kelmoqda.
Keniyada namoyishlar
Seshanba kuni Keniyaning markaziy qismidagi Nanyuki shahrida AQSh fuqarolari uchun mo‘ljallangan Ebola karantin markazining qurilishiga qarshi namoyishlar o‘tkazildi.
Namoyishlarda Keniya politsiyasi tomonidan kamida bir kishi otib o‘ldirilgan. AFP axborot agentligining xabar berishicha, bir erkak kishining boshidan o‘q yeb, yerda jonsiz yotgani ko‘ringan. Yana bir kishi politsiya otgan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ballonidan jarohatlangan.
Namoyishlar tibbiy himoya kiyimlarini kiyib, Keniya bayroqlarini hilpiratishgan va ustiga «Ebola» deb yozilgan tobutni ko‘tarib olishgan. O‘nlab odamlar hibsga olingani xabar qilindi.
Poytaxt Nayrobidan taxminan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu obekt AQSh xodimlari tomonidan boshqarilishi va Kongoda virus bilan aloqada bo‘lgan amerikaliklarni qabul qilishi ko‘zda tutilgandi.
Keniyada shu vaqtgacha Ebola bilan kasallanish holatlari rasman qayd etilmagan. Shu bois muassasa qurilishi rejasi mahalliy aholining g‘azabini keltirmoqda. Ularning fikricha, bu loyiha mamlakatga virus kirib kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 17 may kuni Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada Ebola virusi sababli xalqaro miqyosdagi favqulodda holat e’lon qildi. Qariyb bir oy ichida 550 dan ortiq kasallanish va kamida 100 ta o‘lim holati tasdiqlandi.
Keniya Oliy sudi obektdagi qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan bo‘lsa-da, prezident Uilyam Ruto hukumati markazni qurish ishlarini baribir davom ettirishga va’da bermoqda.
Keniya Sog‘liqni saqlash vazirining ma’lum qilishicha, Nanyukidagi muassasadan amerikaliklar bilan bir qatorda keniyaliklar ham foydalanishi mumkin bo‘ladi. Biroq AQSh rasmiylari bu ma’lumotni hali tasdiqlamagan.
Mavzuga oid
15:29 / 09.06.2026
Yevropaning yirik mudofaa loyihasi barbod bo‘ldi, Si Shimoliy Koreyaga keldi – kun dayjesti
15:05 / 08.06.2026
Eron va Isroil zarbalar almashdi, Pashinyan o‘z partiyasi g‘alabasini e’lon qildi – kun dayjesti
14:30 / 05.06.2026
Putinga ochiq xat yo‘llagan Zelenskiy va Sining Shimoliy Koreyaga tashrifi – kun dayjesti
14:39 / 04.06.2026