Jahon | 11:59 / 21.12.2023
5139
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi safarbar qilinganlarning xizmat muddatini cheklashdan bosh tortdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin safarbarlikni yakunlash to‘g‘risidagi farmonni imzolashi bilan safarbar etilganlarning harbiy xizmat muddati tugaydi, deyiladi vazirlik xabarida.

Foto: Vladimir Smirnov / TASS

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Sankt-Peterburg Qonunchilik majlisi deputati Boris Vishnevskiyning safarbar qilingan rossiyaliklarning xizmat muddatini bir yil bilan cheklash haqidagi iltimosini rad etdi. Bu haqda 20 dekabr, chorshanba kuni vazirlik javobiga tayanib, «Yabloko» partiyasining Sankt-Peterburg bo‘limi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatda aytilishicha, safarbar etilganlarning harbiy xizmat muddati mamlakat prezidenti Vladimir Putin safarbarlikni tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolashi bilanoq tugaydi. Mahkama boshqa variantlarni «mantiqqa zid» deb hisobladi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 2022 yil 1 noyabr kuni safarbarlikni yakunlash uchun Putinning farmoni talab qilinmasligini aytgandi. «Prezident advokatlar, huquqshunoslar bilan maslahatlashaman dedi. Shuni ma’lum qilamizki, farmonga ehtiyoj yo‘q. Shunga ko‘ra, nuqta qo‘yildi. Qisman safarbarlik yakunlandi. Mudofaa vazirligi harbiy ro‘yxatga olish bo‘limlariga tegishli telegrammalar yubordi, unda chaqiruv qog‘ozi yuborishni to‘xtatish va keyinchalik yubormaslik haqida aytilgan», - dedi Peskov.

«Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikovning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlikni tugatish Rossiya qonunchiligida ko‘zda tutilmagan - harbiy holat bundan mustasno, uni prezident farmonlari bilan joriy etish va bekor qilish qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan. 

Mavzuga oid