Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda ocharchilik ko‘lankasi, «xufyona floti» to‘xtab qolgan Rossiya, Pragadagi qonli otishma - kun dayjesti
So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil 35 nafar garovdagilarni ozod qilish evaziga HAMASga bir haftalik otashkesim taklif etdi. HAMAS harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishni talab qilib, bu taklifni rad etgan. Ushbu ko‘rsatuv tayyorlangan vaqtda hali otashkesim bo‘yicha boshqa muhim yangilik yo‘q edi.
Isroilning G‘azoga hujumi natijasida Falastin eksklavidagi 100 dan ortiq madaniy meros obektlariga zarar yetkazilgan yoki ular butunlay vayron qilingan.
Ularning orasida tarixiy Falastining qadimiy va muhim masjidlaridan hisoblanadigan, bombardimon natijasida vayron qilingan Umariy buyuk masjidi, eramizning 425 yilida barpo etilgan Avliyo Porfiriy cherkovi ham bor.
Meta media-giganti G‘azoni qo‘llab-quvvatlab yozilayotgan postlarni ataylab bloklamoqda, degan Amerikaning Human Righs Watch huquqbonlik tashkiloti.
Facebook, Instagram va WhatsApp ijtimoiy tarmoqlarini qamrab olgan Meta kompaniyasning kontentni moderatsiya qilish tizimi 7 oktyabrdan buyon Instagram va Facebook’da Falastinni qo‘llab yozilgan postlarni blok qilmoqda, deyiladi HRW’ning 51 sahifali dokladida.
BMT G‘azo sektori fojiali ocharchilikni boshidan kechirayotganini ta’kidlagan. Ayni paytda G‘azodagi har to‘rt oiladan bittasi ochlikk mubtalo bo‘lgan yoki shunday havf yoqasida turibdi. Toki eksklav toza ichimlik suvi, normal oziq-ovqat bilan ta’minlanmas, sog‘liqni saqlash va sanitariya xizmatlariga yo‘l ochilmas ekan vaziyat og‘irlashib boraveradi, deyiladi BMT dokladida.
Rasmiylar mojaro haqida
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, toza ichimlik suvisiz G‘azoda yaqin kunlarda ko‘plab bolalar chanqoq va kasalliklardan o‘lib ketishlari mumkin.
UNICEF bosh direktori Ketrin Rasselning aytishicha, bolalar va ularning oilalari xavfli manbalardan olinayotgan, sho‘r yoki juda ifloslangan suvni iste’mol qilishmoqda.
Ayni paytda aholining katta qismi yig‘ilgan Rafahdagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi o‘ta kritik holatda. UNICEF’ga ko‘ra, suv yetishmasligi oqibatida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar ichida diareya kasalligining o‘rtascha darajasi 20 barobarga oshgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Iordaniyadagi harbiy bazada xizmat qilayotgan fransuz harbiylari bilan uchrashuvi chog‘ida O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida tinchlikka tahdid solayotgan noqonuniy yahudiy manzilgohlari uchun jazolash fursati yetganini ta’kidladi. Shuningdek u G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish lozimligini ham ta’kidlagan.
BMTning Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchisi Tor Vennesland Xavfsizlik Kengashida isroil-falastin mojarosiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi.
Uning qayd etishicha, 2023 yil bu mojaro tarixidagi eng qonli yillardan biri bo‘ldi, boz ustiga, barcha frontlarda vaziyat yomonlashishda davom etmoqda.
Maxsus muvofiqlashtiruvchi Isroilda va G‘arbiy sohilda isroillik ko‘chkindilar va falastinliklar o‘rtasida bo‘layotgan to‘qnashuvlardan ham tashvishda ekanini ta’kidlagan va barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini aytgan.
Vennesland tinch aholiga nisbatan zulmni rasmiy shaxslar qo‘llayotgani borasida ko‘plab holatlardan dahshatda ekanini ta’kidlagan.
«Bunday ohangda so‘zlash jirkanch va barcha tomonlar yetakchilari tomonidan bas qilinishi kerak. Ular tinch aholi vakillariga nisbatan yo‘naltirilgan terror va zo‘ravonlik holatlarini aniq-ravshan va boshqacha tushunishga yo‘l qoldirmaydigan qilib qoralashlari lozim» — degan u.
Qizil dengizdagi vaziyat
Yamanlik husiychilar faqat G‘arb davlatlariga tegishli neft tankerlari va quruq yuk tashuvchi kemalarga hujum qilib, juda aniq harakat qilishgan, deb xabar beradi Kpler axborot kompaniyasi.
MarineTraffic ma’lumotlariga ko‘ra, husiychilarning Isroil bilan bog‘liq kemalarga bunday hujumlari oqibatida Qizil dengizda Eron va Rossiya neftini ortgan tankerlar, shuningdek Xitoy yuk kemalari soni ko‘paygan. Hattoki, Xitoy harbiy kemasi Isroilga yo‘l olgan va hujumga uchragan kemadagi halokat signalini ham e’tiborsiz qoldirgan.
Bularning barchasi Rossiya, Eron va Xitoy o‘rtasidagi muvofiqlashtirish yangi bosqichga chiqqanini anglatadi va yangi shart-sharoitlar kimning foydasiga xizmat qilayotganini anglash uchun ekspert bo‘lish ham shart emas.
Transport kompaniyalari Ansorullohdagi husiychilarning tahdidi ostida Qizil dengiz orqali Yevropa va Amerika portlariga yo‘l olgan kamida 120 ta konteyner tashuvchi kemalarning yo‘nalishini Afrika qit’asini aylanib o‘tadigan qilib o‘zgartirishga majbur bo‘lishgan.
Avvalroq Pentagon Qizil dengizdagi kema tashuvlarini muhofaza qilish uchun tuziladigan dengiz koalitsiyasida 20 ta davlat ishtirok etishini ma’lum qilgan edi.
Rossiya va sanksiyalar
Vladimir Putinning «xufyona floti»ga sanksiyalar joriy etilgach Hindiston rossiya nefti ortilgan tankerlarni qabul qilmayapti.
Sokol navli 5 mln barrel neft so‘nggi to‘rt haftada Hindiston neftni qayta ishlash zavodlariga bormayapti: Uzoq Sharqdan Hindistonga neftni muntazam yetkazib turgan tankerlar qirg‘oqlar yaqinida sekin suzib yuribdi yoki yo‘lda to‘xtagan, deb yozadi Bloomberg agentligi.
Noyabr oyi o‘rtalaridan AQSh yuqori narx chegarasini buzgan sakkizta tankerga nisbatan sanksiya joriy etdi. Ulardan oltitasi «Sovkomflot»ga tegishli va BAAdagi firmalar nomiga rasmiylashtirilgan.
AQSh sanksiyasi Hindistonga neft tashishga to‘sqinlikning asosiy sababi bo‘lishi mumkin. Chunki neft tashiyotgan tankerlardan biri NS Century sanksiya e’lon qilinganidan ikki kun o‘tib Shri Lanka yaqirg‘oqlari yaqinida to‘xtab qolgan. So‘nggi hafta ichida unga yana ikkita tanker qo‘shilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh va Yevropani iqtisodiy hamkorlikni tiklashga chaqirdi va bu ularning foydasiga bo‘lishini ta’kidladi.
Strategik rivojlanish va milliy loyihalar bo‘yicha Kengashda chiqish qilar ekan, Putin Rossiya AQSh va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikdan voz kemaganini ta’kidlagan.
«Qayd etishim kerakki, biz Amerika qit’asi, Shimoliy Amerika, AQSh va Kanadaga eshiklarni yopmadik, Yevropa uchun ham ochiqmiz. Ular umuman, «o‘zini jinnilikka solish»ni bas qilib, bizning qulashimizni kutishdan voz kechishlari kerak», — degan Putin.
Makron Yevropa Ittifoqi Rossiyani tiyish masalasida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi: sanksiyalarga qaramasdan, Rossiya iqtisodiyoti tanazzulga uchramagan.
Ikki yil keskin sanksiyalar sharoitida Rossiyaga parallel import hajmi 70 mlrd dollarga yetgan. Bu haqda Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari Andrey Belousov ta’kidlab o‘tgan. Unga ko‘ra, Rossiyaga umumiy tovarlar va xizmatlar importi hajmi 2021 yilgi darajadan ham o‘sgan va 300 mlrd dollarni tashkil etgan. 2021 yilgi hajm 296 mlrd bo‘lgan.
Rossiyaga pullari Ukrainaga
Sanksiyalarga chap berib, 300 mlrd dollarlik parallel importni tiklagan Rossiya shuncha pulidan ajralib qolishi ham mumkin. Jo Bayden administratsiyasi Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga yo‘naltirish masalasi bo‘yicha ittifoqchilari bilan tezkor muzokaralarni boshladi, deb yozadi The New York Times.
Nashrga ko‘ra, bunday chorani qo‘llovchilar soni Kongressda ham o‘sib bormoqda va AQSh prezidenti administratsiyasiga optimizm baxsh etmoqda.
G7 davlatlari hokimiyatlari muzokaralari so‘nggi vaqtda tezlashgan, chunki AQSh 2024 yilning 24 fevrali — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga ikki yil to‘lishigacha strategiyani ishlab chiqishni istamoqda. Gap 300 mlrd dollar Rossiya aktivlari haqida bormoqda.
2022 yilda Rossiya Ukrainaga hujum qilgach, G7, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Avstraliya Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining 260 mlrd yevro pulini muzlatib qo‘ygan. Pullarning katta qismi — 210 mlrd yevroni Yevroittifoq muzlatgan. AQSh muzlatgan pullar bor-yo‘g‘i 5 mlrd dollar.
Bungacha AQSh moliya vaziri Jannet Yyellen bu pullarni olish uchun Kongressning ruxsati kerakligini ta’kidlagan edi. Bu choraga qarshilar esa, bunday qilinadigan bo‘lsa boshqa mamlakatlar pullarini Federal zaxira tizimida va AQSh dollarida saqlashdan voz kechishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Ukrainaga yordam
Germaniya Ukrainaga 120 ta Marder piyodalar harbiy mashinasini ajratgan. Ularning bir qismi Gretsiyadan sotib olingan.
«Germaniya Rossiyaga qarshi kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi. Yevropadagi eng yirik, jahonda esa AQShdan keyin ikkinchi homiy bo‘lib, bizning xayriyalarimiz harbiy mashinalardan tashqari, zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari, zirhli tanklar, transport vostalari, artilleriya tizimlari va o‘q-dorilardan iborat», — deyiladi Germaniya Mudofaa vazirligi bayonotida.
Finlandiya Ukrainaga 106 mln yevrolik harbiy yordam paketini taqdim etmoqchi. Bu finlarning 21-yordam paketi bo‘ladi. Finlandiya tomonidan Ukrainaga taqdim etib kelinayotgan mudofaa qurilmalari komplektlarining umumiy qiymati 1,6 mlrd yevrodan oshadi.
Niderlandiya Ukrainaga 2024 yilda birinchi yordam paketi sifatida 102 mln yevro mablag‘ jo‘natadi, degan holland hukumati. Bu summa mamlakatning 2024 yilgi budjetida Ukraina uchun yordam sifatida rejaga kiritilgan 2 mlrd yevro hisobidan beriladi.
Pragadagi qonli otishma
Chexiya poytaxti Praga shahri markazidagi Karlova universitetining falsafa fakultetida David K. Ismli 24 yoshli talaba 21 dekabr kuni kunduzi o‘qotar quroldan foydalanib, talabalarga o‘q uzgan. 15 kishi halok bo‘lgan, yaradorlar soni 25 ga yaqin, degan Chexiya politsiyasi rahbari Martin Vondrashek.
Politsiya qotil merganga qarata o‘q uzgan va universitet binosining yuqori qavatidan pastga qulab vafot etgan. Voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan guvohlar unga o‘q uzilganidan bexabar holda, u yuqoridan o‘zini pastga tashlab o‘z joniga qasd qildi, degan noto‘g‘ri xulosaga borishgan.
Shuningdek, qurbon bo‘lgan talaba qizlardan biri qotildan yashirinaman, deb yuqori qavatdan pastga qulab vafot etgan.
David K. bir necha qurollarga qonuniy egalik qilgani aniqlangan va teraktga fakultetda tayyorgarlik ko‘rgan. Bundan tashqari, politsiya teraktdan bir necha soat avval u o‘z otasini ham otib o‘ldirgan, deb gumon qilmoqda.
Mavzuga oid
14:41 / 17.06.2026
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026
AQSh-Eron dastlabki kelishuvi va Britaniya qo‘lga olgan Rossiya tankeri – kun dayjesti
14:40 / 12.06.2026