Jahon | 08:40 / 27.12.2023
3441
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada parlament komissiyasi Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishini ma’qulladi

Turkiyaning Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasini ma’qullashi yo‘lidagi navbatdagi qadam bu masala bo‘yicha Turkiya parlamenti Bosh assambleyasi tomonidan ovoz berish bo‘ladi.

Foto: Gabriel Bouys/AFP

Turkiya parlamentining tashqi ishlar komissiyasi 26 dekabr, seshanba kuni Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasini ma’qulladi.

Keyingi qadam Turkiya parlamenti Bosh assambleyasi tomonidan ushbu masala bo‘yicha ovoz berish bo‘lishi kerak. Reuters xabariga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi allaqachon unga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

Ayni paytda, Turkiya parlamenti tashqi ishlar komissiyasi rahbari Fuat O‘qtoy, Turkiya parlamenti Bosh assambleyasi tomonidan Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi bo‘yicha tezkor ovoz berishini kutmaslik kerakligi haqida ogohlantirdi. Bu ovoz berish sanasini Bosh assambleya raisi belgilashi kerak, dedi u jurnalistlar bilan suhbatda. 

Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga yo‘li 

Shvetsiya va Finlandiya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi fonida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Finlandiya rasman 2023 yil 4 aprelda Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘ldi. Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi hali Turkiya va Vengriya tomonidan tasdiqlanmagan. 

Avvaliga Anqara Shvetsiyani «terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda» ayblab, Stokholm arizasini ma’qullashdan bosh tortdi. Turkiya, xususan, Shvetsiyada yashovchi kurd faollarini «terrorchi» deb biladi va Stokholmdan ularga nisbatan qat’iyroq siyosatda bo‘lishni talab qilmoqda.

Oktyabr oyi oxirida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiya arizasini Buyuk millat majlisiga (Turkiya parlamenti) ko‘rib chiqish uchun taqdim etib, ushbu hujjatni imzoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid