24 yoshli amerikalik askar va 18 yoshli fransuz qizi. Bir qarashda yoshlikning ajoyib va muhabbatga to‘la pallasi. Ammo ikkinchi Jahon urushining og‘ir iztiroblari bu oshiqlar taqdiridan ham beiz ketmadi. Ular ayriliqdan 75 yil o‘tib qayta uchrashishdi.

Har bir inson davr qiyinchiliklari-yu, mislsiz qarshiliklarga qaramay, o‘z muhabbati va taqdiriga bitilgan inson bilan uchrashishni orzu qilishi tabiiy. Bizning qahramon yoshgina amerikalik Troy Robbins ham bu borada omadi chopgan askarlardan biri edi. U go‘zal va latofatli fransuz qiziga oshiq bo‘ldi va o‘z o‘rnida u ham yigitning muhabbatini rad etmadi.
Ular bir umr baxtli yashashga va o‘lim ularni ayirmaguncha bir-birlaridan ajralmaslikka va’dalashishdi. Ammo hamisha ham inson aytgani kabi bo‘lavermas ekan. Taqdirning ham o‘z rejalari bor. Ayriliqni diydorga aylantirish uchun ularga 75 yil kerak bo‘ldi. Ammo bu vaqt ichida his-tuyg‘ular so‘nmadi.

Ular Fransiyaning Briye shahrida uchrashishdi - Robbins ta’til uchun aynan shu joyni tanlagan edi. Agar u boshqa hududga yuborilganda, ular hech qachon bir-birlari bilan uchrashishmas edi. Bu uchrashuvning tasodifiy emasligiga qanday ishonmaslik mumkin. Oshiqlar hatto turli tillarda gaplashishar, ba’zan nima deyayotganlarini tushunmasdilar ham. Ammo bu ular o‘rtasidagi munosabatlarga to‘sqinlik qilmagan. Ba’zan nigohlar, xatti-harakatlar va o‘ziga xos iforlar so‘zlardan-da yaxshiroq ma’noga ega ekanligini hamma ham bilavermasa kerak. Ular Robbinsning harbiy ta’tilini ana shunday shod-xurramlikda va kelajak rejalarini tuzish bilan o‘tkazishdi.
Ta’til yakunlangach, Robbins frontga jo‘nab ketdi va sevgilisiga faqat fotosurat qoldirdi. Unda shunday so‘zlar bitilgan edi: “Men albatta qaytib kelaman va sizni olib ketaman”.
O‘z o‘rnida Ganey ham vaqtdan unumli foydalanib, ingliz tilini o‘rgana boshladi. Chunki u bu tilni o‘rganmasdan turib, keyingi hayotini qurib bo‘lmasligini yaxshi bilar edi. Ammo shunisi g‘alati ediki, Robbins qaytib kelmadi.
Urushdan so‘ng o‘z vataniga ketgan yigit boshqa bir qiz bilan tanishadi va u bilan ayolning o‘limiga qadar 70 yil birga yashaydi. Albatta, Ganey ham orzularini imkon qadar amalga oshirdi. Turmushga chiqdi, familiyasini o‘zgartirdi, besh farzandning onasi bo‘ldi va bu orada turmush o‘rtog‘i vafot etdi.







