Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bayrutda o‘ldirilgan HAMAS rahbari, Turkiyada ushlangan Isroil josuslari, Ukrainaga yangi hujum - kun dayjesti
Odatga ko‘ra, shu daqiqalargacha jahonda ro‘y bergan eng muhim yangiliklar, voqealar va hodisalar, shuningdek, bayonotlar jamlangan kunlik dayjestimizni e’tiboringizga havola qilamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil HAMAS tomonidan taklif etilgan garovdagilarni ozod qilish rejasini rad etgan. Rejaga ko‘ra, garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod qilish uch bosqichda amalga oshirilishi kerak edi. Har bir bosqich oldidan bir oydan ziyodroq humanitar pauza ham nazarda tutilgan.
HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya isroillik asirlar faqat Falastin qarshilik harakati qo‘ygan shartlar evaziga ozod qilinishi, chunki aynan ular G‘azo sektoridagi vaziyat ustidan hukmron ekanliklarini ta’kidlagan.
AQSh G‘azo aholisini o‘z ixtiyori bilan migratsiya qilishi to‘g‘risida gapirgan Isroilning ikki vaziri so‘zlarini qoraladi. AQSh Davlat departamentining rasmiy vakili Metyu Miller isroillik ikki ashaddiy millatchi vazirlar Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirning «G‘azo sektori aholisining o‘z ixtiyori bilan sektorni tark etishi» to‘g‘risidagi fikrlarini keskin qoralagan.
Euro-Med Human Righs Monitor huquqbonlik tashkiloti isroillik harbiylar G‘azo sektorida mahalliy aholi mulkini o‘g‘irlayotgani to‘g‘risidagi ayblovlar ustidan xalqaro surishtiruv boshlashga chaqirgan.
Hisobotlar va guvohliklarga tayanib, huquqbonlar isroillik harbiylar narxi o‘nlab million dollar turuvchi kompyuterlar, tilla buyumlar va naqd pullarni g‘azoliklarning uylaridan o‘g‘irlab chiqib ketishgani haqida bayonot bergan.
7 oktyabrdan so‘ng Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalari tufayli halok bo‘lgan falastinliklar soni 22 ming 185 kishiga yetgan, deb xabar beradi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 88 kundan buyon davom etayogan qonli hujum natijasida 57 ming 35 kishi yarador bo‘lgan. Jabrlanganlar va qurbon bo‘lganlarning katta qismi ayollar va bolalar. 7 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan deb topilgan. Ular binolar vayronalari ostida qolmoqda.
So‘nggi 24 soat ichida Isroil zarbalari tufayli G‘azoda 207 kishi halok bo‘lgan. 338 kishi yaralangan.
Bayrutdagi zarba qurbonlari
Isroil maxsus kuchlari Livan poytaxti Bayrut shahrining Mashrafiya dahasida joylashgan HAMASning qarorgohiga pilotsiz uchar qurilma yordamida hujum qilgan. Hujum natijasida HAMAS siyosiy byurosi rahbarlaridan biri Solih al-Aruriy o‘ldirilgan.
Ammo isroil tomoni hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmayapti. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning maslahatchisi MSNBC News telekanaliga bergan intervyusida «Biz Bayrutdagi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmamizga olmaymiz. Biz Livan hukumati yoki Hizbullohga hujum qilmaganmiz», degan.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, Netanyahu ham vazirlar mahkamasi a’zolariga Solih al-Aruriyning o‘limini sharhlamaslikka buyruq bergan.
Falastin ozodlik tashkilotining ijroiya qo‘mitasi a’zosi Voil abu Yusuf Isroil tomonidan HAMASning yetakchilaridan biri Solih al-Aruriyning o‘ldirilishi harbiy jinoyat va davlat terrorizmi ekanini ta’kidlagan.
Isroilning Livanga hujumi natijasida jami 7 kishi, xususan HAMASning «Al-Qassam» jangovar qanoti yetakchilari Samir Findi Abu Amir va Azzam al-Aqro Abu Ammar ham o‘ldirilgan. 11 kishi yaralangan.
Bu qotillik amalga oshirilganidan so‘ng HAMASni qo‘llovchi Livanning «Hizbulloh» harakati chegarada Isroil armiyasining uchta pozitsiyasiga hujum uyushtirgan.
Livan bosh vaziri Najib Miyqotiy mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga Isroilning Bayrutga qonli hujumi munosabati bilan BMTga murojaat qilish vazifasini topshirgan.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham al-Aruriyning o‘ldirilishi sabab Isroilga safarini keyinroqqa qoldirishga majbur bo‘ldi.
Ukrainaga yalpi hujum
2 yanvar kuni Rossiya qurolli kuchlari yana Ukraina shaharlariga raketa va dronlar vositasida kobinatsion hujum uyushtirgan. Shahed dronlari va qanotli raketalarning katta qismi urib tushirilgani da’vo qilinmoqda. Garchi Rossiya harbiy obektlar nishonga olinganini iddao qilgan bo‘lsa-da, Kiyev va Xarkiv shaharlarida turarjoy binolariga ham zarar yetkazilgan.
Rossiya Ukrainaning infratuzilma obektlariga zarba berish, jumladan elektr ta’minotini uzish uchun hujum qilgan. Biroq ruslar kritik tahdid yaratishning uddasidan chiqa olishmagan. Faqatgina qisqa muddatli uzilishlar vujudga kelgan.
Forbes nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya 2 yanvar kuni Ukrainaga raketa va dron hujumi uyushtirish uchun 620 mln dollar sarflagan. Bu 29 dekabr kungi keng ko‘lamli hujumning teng yarmisiga teng. O‘shanda urush boshlanganidan buyon eng yirik deb atalayotgan hujum 1,27 mlrd dollarga tushgan edi.
Rossiyaning Ukrainaga yangi raketa hujumi munosabati bilan mamlakat Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba g‘arblik hamkorlarini beshta qadamdan iborat choralarni qo‘llashga chaqirdi:
· Havo hujumidan mudofaa qo‘shimcha tizimlarini yetkazishni tezlashtirish;
· Ukrainaga barcha turdagi jangovar pilotsiz parvoz qurilmalarini taqdim etish;
· Kiyevga 300 km olishdagi nishonlarni ura oladigan raketalarni berish;
· Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga yordam uchun yo‘naltirish;
· Rossiya diplomatlari bilan aloqalarni bas qilish.
AQShning Ukrainadagi elchisi Brijit Brink yaqin orada Amerika hukumati Ukrainaga taqdim etadigan HAYMARS birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlarining zarba berish masofasini Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi mustaqil hal qilishini aytdi.
Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Ukrainaga hujum Rossiyaning «sulh muzokaralari» olib borishga xohishi yo‘qligidan dalolat beradi, dedi
Uning qayd etishicha, Rossiya hujumlarning yangi yil bayramlari kunida amalga oshirilgan surbetlikdan dalolat beradi.
«Ukraina ruhini sindirib bo‘lmaydi. Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi», — degan Sharl Mishel.
Ukraina ham Rossiyaning hujumlariga javoban raketalar uchirgan. Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Belgorod oblasti uzra 2 ta «Tochka-U» va 7 ta «Olxa» — jami 9 ta raketa urib tushirilgan.
Qizil dengizdagi vaziyat
Yamanning «Ansorulloh» harakati siyosiy byurosi a’zosi Muhammad al-Baxitiy «Al-Arabiy» telekanalida chiqish qilib, AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri jangga kirishayotgani uchun xursandligini izhor qilgan.
«Yaman Falastindagi birodarlarga yordam berish borasida o‘z burchini bajarayotganiga qaramasdan, biz G‘azo sektorida bolalar va ayollar o‘ldirilayotganini ko‘rganimizdan nihoyatda uyaldik. Shunga qaramasdan, bir qator operatsiyalarni amalga oshirib, o‘zimizda yengillik his qildik», — degan Muhammad al-Baxitiy.
Turkiyadagi isroil josuslari
Turkiyada Isroilning 34 nafar josusi qo‘lga olingan. Politsiya «Mossad» foydasiga josuslik qilgan 34 nafar gumondorni ushlagan.
Turkiya ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, surishtiruv doirasida mamlakatning 8 ta viloyatidagi 57 ta manzilda reydlar o‘tkazilgan. Yana 13 kishi qidiruvga berilgan.
Bu 2021 yildan buyon Turkiyada MIT va Xavfsizlik boshqarmasining aksilterrorchilik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilayotgan Isroil razvedkasiga qarshi to‘rtinchi yirik operatsiyadir.
Tokioda yongan samolyot
Japan Airlines aviakompaniyasining Airbus A-350 samolyoti Yaponiya poytaxti Tokioning Haneda aeroportiga qo‘nish chog‘ida dengiz sohil qo‘riqlash xizmatining Bombardier DHC8-300 samolyoti bilan to‘qnashib ketgan.
Eyrbas bilan to‘qnashgan Yaponiya sohil qo‘riqlash xizmati transport samolyoti ekipajining besh nafar a’zosi halok bo‘lgan. Ekipajning oltinchi vakili — havo kemasi komandiri jiddiy jarohatlangan.
Eyrbasning sahnida bo‘lgan jami 379 nafar odamlar — yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari qisqa fursatlarda jiddiy talafotlarsiz, samolyotni olov to‘liq chulg‘ab olgunga qadar tark etishga muvaffaq bo‘lishgan.
Haneda aeroportidagi favqulodda vaziyat uchun Japan Airlines va All Nippon Airways aviakompaniyalarining chorshanba kungi 100 ga yaqin reyslari bekor qilingan.
Darvoqe, 1 yanvar kuni Yaponiya g‘arbiy sohillarida sodir bo‘lgan vayronkor zilzila qurbonlari soni 64 kishiga yetdi. 100 dan ortiq kishi jarohatlangan, ularning 17 nafari og‘ir ahvolda.
Ekologik toza energiya
Germaniyada qayta tiklanuvchi energiya manbalari 2023 yilda mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini 60 foizga qoniqtirgan. Mamlakatdagi har uchinchi kilovatt-soat shamol generatorlari yordamida ishlab chiqarilgan. Germaniyada qo‘ng‘ir ko‘mirdan energiya ishlar chiqarish 27 foizga, toshko‘mirdan foydalanish 35 foizga kamaygan.
Ha, bu o‘rnak olsak bo‘ladigan jihat. Chunki qo‘shni Tojikiston ham 2037 yilga borib to‘liq «yashil» davlatga aylanishni rejalashtirmoqda. Tojikiston ayni paytda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlaridan biri hisoblanadi. 2037 yilga borib, mamlakat amalda to‘liq «yashil» davlatga aylanadi.
Rossiyaning yo‘qotishlari
Rossiyaning eng yirik davlat eksportchi kompaniyalaridan biri «Gazprom»ning Yevropaga eksporti 56 foizga qisqarib ketgan. Turk oqimi orqali «Gazprom»ning Yevropa davlatlariga yetkazib berish hajmi 2023 yilda 28,3 mlrd metr kubni tashkil etgan. Bir yil avval bu miqdor 63,8 mlrd metr kubga teng bo‘lgan.
2018-2019 yillarda yetkazib berish eng cho‘qqiga chiqqan davrlarda konsernning Yevropaga yetkazgan gaz hajmi 175-180 mlrd metr kubga teng bo‘lgan.
Gaz eksportining ma’lumotlarini oyiga ikki marta ochiqlab turgan «Gazprom» 2023 yil boshidan buyon statistika e’lon qilishni butunlay bas qilgan.
Trampga taqiq
AQShning Kolorado shtatida sobiq prezidenti Donald Trampni shtatdagi dastlabki respublikachilar praymrizidan chetlatishga intilayotgan saylovchilar guruhi Oliy sudga murojaat qilib, Tramp prezidentlik lavozimiga da’vogarlik qilishga konstitutsion huquqi bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish masalasiga aralashishni so‘rashgan, deb xabar beradi CBS News.
Avvalroq Men shtatida ham Trampga saylovlarda ishtirok etish taqiqlangan edi. Bunga sabab qilib u 2021 yilning yanvarida Kapitoliyga isyonchilar hujumiga orqavarotdan yetakchilik qilgani ko‘rsatilmoqda.
Mavzuga oid
14:41 / 17.06.2026
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026
AQSh-Eron dastlabki kelishuvi va Britaniya qo‘lga olgan Rossiya tankeri – kun dayjesti
14:40 / 12.06.2026