Qaytarilgan asirlar va Kiyevni tozalayotgan ko‘ngillilar. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 679-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukraina va Rossiya so‘nggi oylarda ilk bor asirlar almashinuvini amalga oshirdi. RF mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Rossiyaga 248 kishi qaytgan, Volodimir Zelenskiy — 230 nafar ukrain jangchisi asirlikdan ozod etilganini ma’lum qildi.
- Ukrainaning zarbasi oqibatida Kursk oblastida elektr nimstansiyasi shikastlangan. Uni ta’mirlash vaqtida 97 ming kishi yashovchi Jyeleznogorsk shahrida bir necha soat mobaynida elektr va issiqlik bo‘lmadi.
- Belgorodda portlamay qolgan o‘q-dori tufayli 323 ta uydan 600 kishi evakuatsiya qilindi.
- Fransiya TIV Belgorod bo‘ylab zarbalarni qoralashdan bosh tortdi. Bunga javoban Dmitriy Medvedev o‘z telegram-kanalida fransuzlarni koyib berdi.
- Yekaterinburg IIBB sobiq boshlig‘i, pora uchun qamalgan Igor Trifonov Ukrainadagi urushda halok bo‘ldi.
- Polsha TIV rahbari Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalarni yetkazib berishga chaqirdi.
Almashuv doirasida uyga qaytgan ukrainlar. Ular vatanda qanday kutib olindi
3 yanvar kuni Rossiya va Ukraina hukumatlari besh oy ichida ilk bor asirlar almashuvi o‘tkazilgani haqida xabar berdi — tomonlar so‘nggi bor 2023 yil avgustida asirlar almashgandi. Yangi almashuv doirasida Rossiyaga, mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, 248 nafar harbiy xizmatchi qaytarilgan, Ukrainaga esa, Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha — 230 kishi, ulardan 213 nafari oddiy askarlar va serjantlar, 11 nafari ofitserlar va olti nafari tinch aholi vakillari. Ukraina inson huquqlari bo‘yicha ombudsmani Dmitro Lubinetsning aniqlik kiritishicha, ozod etilgan harbiy asirlar orasida Mariupol, «Azovstal» va Zmeiniy oroli mudofaasida qatnashganlar bor.
Rossiya va Ukraina rasmiylari asirlar almashinuvi haqida xabar berishi ortidan rossiyalik mulozimlar va propagandachilar Rossiya 248 nafar harbiy xizmatchisini, Ukraina — faqat 173 nafar odamini qaytargani: almashuv go‘yoki 173 ga 173 formulasida bo‘lgani, yana 75 harbiyni esa Rossiya «Azovstal» mudofaasida qatnashgan va 2023 yil yozida Volodimir Zelenskiy Turkiyadan olib ketgan besh qo‘mondon evaziga olgani haqida yoza boshladi. Ukraina hukumati bunday bayonotlar yuzasidan izoh bermagan.
Kiyevda zarbaga uchragan joylarni tozalayotgan ko‘ngillilar
Rossiya qo‘shini 2 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi marta yopirilma zarbalar yo‘llagandi: Kiyev va Kiyev oblasti, Xarkiv va Kirovograd oblastiga. Hujumlar oqibatida, ukrain rasmiylariga ko‘ra, besh kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi yaralangan. Eng ko‘p Kiyev va Xarkiv hududlari jabrlangan.
Kiyevning Solomensk rayonida ikki kishi halok bo‘lib, yana 49 kishi jarohat olgan (bu yerda otishma oqibatida ko‘p qavatli uy yonib ketgan). Qurbonlar orasida — Kiyevo-Mogilyanskaya akademiyasi ekologiya kafedrasining 84 yoshli professori Lyudmila Shevsova ham bor. Jabrlanganlarning ko‘pchiligi shifoxonaga yotqizilgan.
Pechersk rayonida raketa parchalari to‘qqiz qavatli uy tomiga va yana bir ko‘p kvartirali uyga tushgan. Obolon rayonida raketa parchalari qurilayotgan binolarga qulagan, Goloseyevskiy rayonida — xiyobon hududiga. Zarbalar oqibatida Goloseyevskiy rayonida Jonivorlarni qutqarish markazida saqlanayotgan urg‘ochi sher jarohat olgan.
Podolsk rayonida otishma oqibatida gaz quvuri va suv quvuri shikastlangan, shuningdek ikki ming kvadrat metr maydondagi omborxona binosida, bozor hududida va turar joylarda yong‘inlar ro‘y bergan. Svyatoshinskiy rayonida raketa ijtimoiy infratuzilma obektiga kelib urilgan. Darnitskiy rayonida xususiy uylar va cherkov binosi shikastlangan. Shuningdek, hujum vaqtida rossiyaliklar raketasi parchalari AQSh elchixonasi yaqiniga tushgan, deb xabar bergan Kiyevning Shevchenkovo rayoni ma’muriyati rahbari.
Kiyevda zoolog Svyatoslav Romanchukning dafn etilishi
3 yanvar kuni Kiyevdagi qabristonlardan birida ukrainalik taniqli g‘orshunos, jonivorlar himoyachisi va muhandis Svyatoslav Romanchuk bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Nutriy chaqiruv belgisi ostida jang qilgan Romanchuk Rossiya bosqini boshlangach hududiy mudofaa kuchlari safiga kirgan va 2023 yil 28 dekabrda Donetsk oblastida halok bo‘lgan.
25 sentabr kuni Romanchuk Kiyevga borib, sevgilisi Anna Danilenkoga uylangan, keyin esa yana frontga ketgandi. Aynan Romanchukning rafiqasi uning o‘limi haqida xabar berdi — snaryad oskolkasi harbiyning uyqu arteriyasiga tekkan:
Slavamni o‘ldirishdi. […] Birinchi teginishdan bizda magiya boshlangandi. Nihoyat, meni qabul qiladigan, qadriyatlari meniki bilan bir xil bo‘lgan va doim hazillashib, kulishadigan turmush o‘rtog‘imni topgandim. Butun umr endi uning muloyim, iliq, tinchlantiruvchi quchoqlarini sog‘inaman. […] Xudoyim, uning barcha reja va orzulari uchun achinaman.
«Bir necha yil oldin, jonivorlarni qutqarish kasbiga aylanishidan oldinroq, u qunduzlarni kanalizatsiyadan qutqarardi… Bir paytlar mushukni ustundan tushirish metodini ixtiro qilgandik, keyin esa yer osti musobaqalarini o‘tkaza boshladik. U daraxtlar bo‘ylab yurardi va turli qutqaruv ishlarida yordam berardi. Barcha doim uni juda omadli odam deb hisoblardi, u bir necha bor eng qiyin sarguzashtlardan omon chiqqandi», — deya Romanchuk haqidagi xotiralarini o‘rtoqlashgan, uning hamkasbi, jonivorlar himoyachisi Mixaylo Storojuk.
Mavzuga oid
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53 / 13.11.2024
Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
14:54 / 13.11.2024