Rossiya qo‘shini 2 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarba berdi.

1 yanvar kuni kechqurun va tun mobaynida rossiyalik harbiylar Shahed-136/131 tipidagi 35 ta zarbdor dronlar bilan zarba yo‘llagan, deya ma’lum qildi Ukraina QK havo kuchlari. Ma’lum qilinishicha, barcha dronlar urib tushirilgan. Shuningdek RF qo‘shini bir qancha raketa zarbalari amalga oshirgan: Tu-95MS bombardimonchilari va MiG-31K qiruvchilari («Kinjal» raketalari tashuvchisi) orqali zarbalar yo‘llangani xabar qilingan. Ukraina havo kuchlari RF qo‘shini «Kinjal»larni Kiyev yo‘nalishida uchirilganini ma’lum qilgan. Ukraina ombudsmeni Dmitro Lubinetsga ko‘ra, Rossiya Ukraina bo‘ylab 10 dan ortiq «Kinjal» raketalari uchirgan. Butun Ukraina bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingan. Ukraina regionlarida havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, yopirilma zarbalar natijasida, mahalliy vaqt bilan soat 10:51 holatiga (Toshkent vaqti bilan 13:51), to‘rt kishi halok bo‘lgan va 92 kishi yaralangan. Zelenskiy Rossiya qo‘shini Ukrainadagi fuqarolik obektlariga hujum qilganini ta’kidlagan. «Uchinchi kundirki havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz jangchilari aql bovar qilmas ish olib borishmoqda. 31 dekabrdan buyon rossiyalik yaramaslar 170 ga yaqin „shahidlar“ va o‘nlab turli tipdagi raketalarni uchirishdi. Ularning mutlaqo ko‘pchilik qismi fuqarolik obektlariga yo‘naltirilgan», — degan Ukraina prezidenti.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy xabar qilishicha, Rossiya qo‘shini Ukrainaga qilingan hujumda turli tipdagi 99 ta raketadan foydalangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tu-95MS rusumli 16 ta bombardimonchi samolyotlar X-101/X-555/X-55 rusumli kamida 70 ta qanotli raketalar uchirgan. MiG-31K qiruvchilari X-47M2 «Kinjal» rusumli o‘nlab aeroballistik raketalar bilan zarba yo‘llagan. Bundan tashqari, RF qo‘shini «Kalibr» raketalari, ballistik raketalar, shuningdek X-31P rusumli radiolokatsiyaga qarshi raketalar uchirgan. Zalujniyning tasdiqlashicha, mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari 72 ta raketani yo‘q qilgan: 10 ta «Kinjal»dan 10 tasi, 70 ta X-101/X-555/X-55 rusumli qanotli raketalardan 59 tasini, shuningdek «Kalibr» rusumli uchta qanotli raketaning barchasini urib tushirgan.

Kiyev

Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko xabar qilishicha, Rossiya qo‘shini havodan qo‘llanadigan qurollari arsenalining katta qismidan foydalangan. RF qo‘shini avvaliga Kiyevga taxminan 15 ta Shahed dronlari bilan hujum qilgan, keyin Tu-95MS bombardimonchilari X-101/X555X-55 qanotli raketalari to‘lqinini yuborgan, MiG-31K samolyotlari esa Kiyevga X-47M2 «Kinjal» raketalarini uchirgan. Popkoning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari barcha dronlarni, 60 dan ortiq X-101/X555X-55 rusumli raketalar hamda «o‘nlab» «Kinjal» raketalarini urib tushirgan.