Jahon | 23:11 / 08.01.2024
5724
2 daqiqa o‘qiladi

Terrorchi Breyvik ruhiy tushkunlik tufayli izolyatsiyadan ozod etilishini so‘ramoqchi 

U 77 kishini o‘ldirib, ommaviy qirg‘in qilgani uchun 12 yildan beri alohida kamerada saqlanmoqda. 

Foto: NTB via REUTERS

Norvegiyalik terrorchi Anders Breyvik chuqur ruhiy tushkunlik tufayli suddan o‘zini izolyatsiyadan ozod etilishini so‘ramoqchi. Bu haqda Reuters xabar berdi. U 2011 yildan beri 21 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. 

Qayd qilinishicha, 9 yanvar kuni ommaviy qotilning o‘zi sudda ishtirok etadi va tashqi dunyo bilan muloqotiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni so‘raydi. 

Shu bilan birga, 8 yanvar kuni Ringerike qamoqxonasida bo‘lib o‘tgan sud majlisida uning advokatlaridan biri Oystein Storrvik nutq so‘zlab, mijozi endi yashashni istamayotganini va «chuqur ruhiy tushkunlikka» tushib qolganini aytdi. 

«U qariyb 12 yildan beri izolyatsiyada... U butunlay yopiq dunyoda yashamoqda», dedi u. 

Breyvikning o‘zi sud jarayonida hech narsa demadi va advokatlarining ishini kuzatdi. 

O‘z navbatida, Adliya vazirligi manfaatlarini himoya qiluvchi advokatlar bu odam boshqa mahkumlardan alohida qamoqxonaga joylashtirilishi kerakligini ta’kidladi, chunki ularning fikricha, Breyvik hali ham xavfsizlikka tahdid solmoqda. 

«Juda xavfli mahbus favqulodda choralarni talab qiladi. U hali ham qilgan ishi bilan faxrlanadi va o‘z mafkuraviy qarashlaridan voz kechmagan», deb tushuntirdi huquqshunos Andreas Xetland. 

2011 yilning 22 iyul kuni Anders Breyvik ikkita teraktni amalga oshirdi. Birinchidan, u Osloning hukumat kvartalida bomba portlatdi. Shundan so‘ng, Utoya orolidagi yoshlar lageriga borib, 69 kishini o‘ldirdi. Sud uni 21 yilga ozodlikdan mahrum qildi, bu Norvegiyada eng oliy jazo. Ammo sudyalar jinoyatchini xavfsiz deb hisoblamaguncha, bu muddatni uzaytirishi mumkin.

Mavzuga oid

E`lonlar