Jahon | 17:58 / 08.01.2024
19042
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShni Afg‘onistonga qaytarmoqchi. Bu qanchalik reallikka yaqin?

2024 yil noyabrda bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidenti saylovidagi asosiy nomzodlardan biri deb ko‘rilayotgan Donald Tramp, agar Oq uyga qaytsa, Afg‘onistondagi Bagram harbiy bazasi ustidan nazoratni tiklashini aytgan. Xo‘sh, buning ehtimoli qay darajada? “Geosiyosat” bu mavzuni siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov bilan muhokama qildi.

— Tramp va asosiy nomzodlarning saylovoldi dasturidagi tashqi siyosat bo‘yicha muhim nuqtalar qaysilar?

Kamoliddin Rabbimov: — AQShda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan partiyalar soni 60 ga yaqin, lekin asosiy 2 ta partiya faol. Bayden AQSh tarixidagi 46-prezident bo‘lsa, unga qadar 40 nafar prezident ikkinchi muddatga saylana olgan, shu ma’noda Baydenda imkoniyat bor.

Demokratlar – so‘l partiya. Uning asosiy qadriyatlari globalizm, tenglik kabilar. Respublikachilar esa o‘ng partiya hisoblanadi. Ammo ikki partiyani to‘la ikki qutbga ajratib qo‘yish ham noto‘g‘ri. Chunki ikki partiyada ham so‘nggi vaqtlarda kesishadigan g‘oyalar ko‘paymoqda. Masalan, har ikkala partiyada izolyatsionistlar bor, ya’ni AQSh tashqi dunyodagi davlatlarni, tashkilotlarni qo‘llashi, homiylik qilishi shart emas, deyishadi. Bundan tashqari, globalistlar ham bor, ular AQSh global tartibni ushlab turishi kerak, deydi. Bilamizki, AQShning global maydonda 2 ta ustuni bor: dollar va harbiy qudrat. Globalistlar aytadiki, agar AQSh dunyo tartibotidan bosh torsa, iqtisodiy va harbiy qudrat so‘nadi, deydi.

Demokratlar uchun eng katta muammolardan biri – AQShning qarzi. AQSh qarzi YaIMdan 1,5 barobar ko‘p. Respublikachilar uchun ham muammolar bor, dunyo tartiboti kabi. Lekin respublikachilarning asosiy nomzodi bo‘lmish Tramp izolyatsionist hisoblanadi.

Kolorado shtati sudi Trampni saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum qilganini bilamiz. Ya’ni 2020 yilda Tramp tarafdorlari Kongressga bostirib kirgani uchun bu hukm o‘qildi. Sud saylanadigan mulozim davlat ramzlariga xuruj qilgan bo‘lsa, davlat mulozimi bo‘lishga haqqi yo‘q, dedi. Ammo Tramp Oliy sudga murojaat qildi, hali qayta ko‘rish ishlari tugagani yo‘q. Agar Tramp Kolorado shtati sudi hukmiga ko‘z yumsa, yil davomida saylovgacha boshqa shtatlar ham shunday qilishi mumkin, bunday holatda Tramp yutqazishi aniq bo‘ladi.

Suhrob Bo‘ronov: — Jahon sahnasida AQShning mavqeyi va o‘rni tobora pasayib bormoqda. Yaqin Sharqdagi vaziyat misol bunga, Ukrainadagi vaziyat ham so‘roq ostida. Shuning uchun ham Baydenga qarshi kompaniya ishlab qolishi mumkin. Tramp ham shu masalalarga e’tibor qaratyapti o‘z chiqishlarida. Shu nuqtai nazardan Tramp oqlanib, saylovlarda ishtirok etsa, uning potensiali oshadi deb o‘ylayman.

Qolaversa, Baydenning yoshi bilan bog‘liq masalalar ham bor. Xalqaro hamjamiyatda ham Bayden bir qator tanqidlarga uchramoqda.

— Tramp noyabr oyidagi chiqishida Afg‘onistondagi Bagram harbiy bazasini AQSh ixtiyoriga qaytarish haqida gapirdi, bu “Tolibon” va Qo‘shma shtatlar o‘rtasida qanday munosabat hosil qiladi?

Suhrob Bo‘ronov: — Tramp o‘sha chiqishida “Tolibon” bilan kelishgan holda bo‘ladi, degan gapni ham aytgandi. Umuman olganda, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha strategiyasi ishlab turibdi, faqat taktik jihatdan o‘zgarish bo‘ldi. Agar Tramp g‘alaba qilsa, Afg‘oniston bo‘yicha strategiyasi qayta ko‘riladi. Tramp Bagram bazasini tiklashdan maqsad Xitoy ta’sirini kamaytirish ekanini ham aytdi.

Umuman olganda, AQShning “Tolibon” bilan moliyaviy, harbiy ta’sir vositalari katta. Moliyaviy tomonlarini aytaman. Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Amrullo Solih Rossiya ommaviy axborot vositalaridan biriga aytishicha, “Tolibon” hokimiyatni egallagach, 900 NNT tashkil etilgan va AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi shu NNTlar orqali Afg‘onistonga 5 mlrd dollargacha mablag‘ kiritgan. Rossiya OAVda chiqayotgani uchun bo‘rttirilgan deyish mumkin, ammo Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha maxsus bosh inspektor Jon Sokaning 2023 yil noyabr oyidagi hisobotiga qaraydigan bo‘lsa, Amrullo Solih fikrlari ma’lum bir ma’noda isbotini topadi. Jon Sokaning ma’lumotiga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyatga kelgach ham AQSh Afg‘onistonga eng katta moliyachi davlat maqomini saqlab qolgan. 2 yil davomida 11 mlrd dollar yordam berilgan, shundan 3,5 mlrd dollari Afg‘on fondiga o‘tkazilgan.

Harbiy qo‘llovga to‘xtalsak. Sobiq harbiy, kongressmen Jim Banksning tasdiqlashiga ko‘ra, AQShning “Tolibon”ga qoldirib ketgan qurol-yarog‘i bahosi 85 mlrd dollarga yaqin. 75 mingta harbiy avtomobil, 200 ta samolyot va vertolyotlar, 600 mingta kichik va yengil qurollar borligini aytgan. Bundan tashqari, “Tolibon” vakilining Al-Jazeeraʼga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 300 mingdan ortiq yengil qurollar, 26 mingdan ortiq og‘ir qurollar, 61 mingta AQSh harbiy texnikalari “Tolibon” qo‘lida qolgan.

Kamoliddin Rabbimov: — “Tolibon”ning qo‘shnilari, ya’ni Xitoy, Pokiston, Eron va Rossiya AQShning Bagramga qaytishiga qarshi bo‘lishi tabiiy. Shunday vaziyatda “Tolibon” oldida katta dilemma paydo bo‘ladi. “Tolibon”ning o‘ng kuchlari ham AQShga Bagramni berishga qarshi bo‘ladi. Shaxsan men uchun Bagramni qayta berishni tasavvur qilish juda ham qiyin.

Suhrob Bo‘ronov: — Qatar orqali ta’sir qilish ham mumkin. Bilamizki, Qatarning “Tolibon”ga ta’siri kuchli. Agar Tramp prezident bo‘lsa, bu masala aniq ko‘tariladi.

Kamoliddin Rabbimov: — Bugungi kunda arab dunyosida tendensiya shundayki, AQShning Isroilni qo‘llashi, Falastin xalqiga bo‘layotgan zulmlar fonida AQShga nisbatan norozilik kayfiyati juda ham kuchli. Saudiya, Misr, BAA BRIKSga kirayotgan bir paytda Qatar bor resurslarini ishlatib, AQShning Bagramga qaytishiga harakat qilarmikan, degan savol ham paydo bo‘ladi.

Qatar Isroilni eng tanqid qilgan arab davlatlardan biri, Falastinga, u yerdagi siyosiy kuchlarga yordam beruvchi muhim davlat sanaladi. Yaqin Sharq mintaqasida so‘nayotgan AQShning loyihasiga hissa qo‘shish Qatar manfaatlariga to‘g‘ri kelishi qiyin, shu masala ham bor.

— AQShning Afg‘onistonga harbiy jihatdan qaytishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanday chaqiriqlarni o‘rtaga tashlaydi?

Suhrob Bo‘ronov: — AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha 2025 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi bor, unda harbiy maqsadlar yo‘q. Agar vaziyat o‘zgarsa, AQSh Markaziy Osiyo davlatlariga harbiy hamkorlikni taklif etishi mumkin. Ya’ni Afg‘onistonda terrorizm xavfi kuchaysa. Bu yerda “Tolibon” emas, boshqa tashkilot, guruhlarni tushunish kerak. AQSh bir hududga kirib borishi uchun bahona bo‘lishi kerak, shundagina imkoniyat bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov: — Qozog‘iston “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi, qolgan Markaziy Osiyo davlatlari ham shu yo‘ldan ketishi mumkin. To‘qayev diplomat sifatida ko‘ryaptiki, ertami-kechmi baribir “Tolibon” tan olinadi, Afg‘oniston ichkarisida “Tolibon”ga qarshi turoladigan kuch ham yo‘q. IShID partizanlik urushi olib boryapti, unda katta imkoniyatlar ham, nazoratidagi hudud ham yo‘q. “Tolibon” esa barqaror harbiy-siyosiy kuchga aylanib bo‘ldi.

Qozog‘iston, O‘zbekiston Rossiyaning transport logistika doirasidan chiqishga urinyapti, Afg‘oniston esa juda muhim bu borada. U yerdagi barqarorlik Markaziy Osiyo davlatlari uchun juda muhim.

Tramp fenomeni shundayki, u kuchli tahdidlar qiladi, AQSh manfaatlariga zid loyihalarni o‘rtaga tashlaydi. Va administratsiya ichida kurash ketadi, amaldagi harakatlar esa doim ham gaplari bilan bir xil bo‘lmaydi.

Afg‘oniston masalasida Trampda qanday yondashuv bo‘lishi to‘la aniq emas. Lekin biz uchun xavfli tomoni shundaki, u ta’sir hududlari degan tushunchaga ishonadi. Ya’ni possovet davlatlari Rossiya ta’sirida degan tafakkurga ishonish ehtimoli katta.

Suhrob Bo‘ronov: — Markaziy Osiyo hududi katta harbiy kuchga ega davlatlar o‘rtasida raqobat maydoni bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun ham mintaqamiz davlatlari harbiy holatlardan chekinib harakat qiladi. AQShning harbiy qaytishi vaziyatni murakkablashtirishi mumkin, ya’ni Rossiya va Xitoyning aks ta’siriga olib kelish ehtimoli bor. Mintaqa davlatlarining bu borada qo‘llamasligini AQSh ham yaxshi biladi.

— AQSh bilan yaqin aloqalar mintaqa uchun kuch markazlari bilan balans ushlab uchun ham kerakmasmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Tarixan Markaziy Osiyoga imperiyachilik siyosati bilan kelgan 2 ta katta davlat bor: Rossiya va Xitoy. AQShga nisbatan, kollektiv G‘arbga nisbatan qanchalik ishonchsizlik bo‘lmasin, Rossiya va Xitoyni tiyib turuvchi tizim kerak. Tizim sifatida esa AQShning global maydonda qudratining pasayishi ayni bizning manfaatlar uchun to‘g‘ri kelmaydi. AQSh ta’siri shundoq pasayib bormoqda dunyoda, AQSh butkul izolyatsionizmga yuz tutmasidan biz turkiy davlatlar Rossiya va Xitoy ta’siriga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak, degan savolga javob topib ulgurishimiz lozim. Rossiyaning kelajakda dahshatli loyihalari bor. Global dunyoda AQSh so‘nyapti, biz qudrat bo‘lamiz degan tafakkur bor.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid