Jahon | 21:46 / 10.01.2024
14839
8 daqiqa o‘qiladi

Ekvadorda oyoqqa qalqqan mafiya, sudda yutqazishga yaqin Isroil va Tayvan urushining ehtimolli oqibatlari - kun dayjesti

Dunyoda so‘nggi bir kun ichida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, bayonotlar jamlangan yangiliklarimizni taqdim etamiz.

Ekvadorda mafiya qo‘zg‘oloni

Ekvadorda keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvlar yuz bermoqda — mafiya davlatga qarshi urush e’lon qildi.

Ekvadordagi eng yirik jinoiy sindikat yetakchisi qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo‘lgan, unga mahalliy politsiya ham qarshilik ko‘rsata olmagan. Qurolli qo‘zg‘olonchilar mamlakatdagi kamida 5 ta qamoqxona personalini ham garovga olgan. Shundan so‘ng mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinib, komendantlik soati joriy etilgan.

Ekvadorda mahalliy jinoiy to‘daga mansub maskali insonlar Ekvadordagi davlat televideniyesiga yangiliklar efiri chog‘ida bostirib kirgan. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqishga harakat qilgan. Ular televizionchilarni urib-surib, «mashhurlik daqiqasi»ga erishmoqchi bo‘lishgan.

Banditlar butun Ekvador bo‘ylab politsiyachilar va harbiylarni o‘ldira boshlagan.

Qurollangan insonlar Ekvadordagi Guakil universitetiga bostirib kirib, odamlarni olib qochishga harakat qilgani ta’sirlari ham tarqaldi.

Umuman, mamlakatda o‘nlab insonlar o‘g‘irlangan va garovga olingan. Talonchiliklar boshlanib ketgan, ijtimoiy tarmoqlar politsiyachilarni qatl etish tasvirlariga to‘lib ketdi.

Ekvador prezidenti turli shaharlarda insonlarni garovga olgan jinoyatchilarni joyida otib tashlash uchun armiyaga iz beruvchi farmonni imzolagan. Mamlakat milliy assambleyasi qo‘zg‘olonchilarni o‘ldirganlik uchun har qanday sharoitda afv e’lon qilinishini aytgan.

Jinoiy to‘daning qo‘zg‘olonini moliyalashtirish Meksika narkokartellari tomonidan amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

 

Isroil sudda yutqazishi mumkin

Amerikalik tajribali yurist BMTning xalqaro sudida Janubiy Afrika Respublikasi Isroil ustidan g‘alaba qozonishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

Xalqaro sudda ko‘rilgan genotsid haqidagi ishlarda ko‘p muvaffaqiyat qozongan Frensis Boyl JARning Isroil ustidan g‘alaba qozonishi va bu og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlagan.

BMTning oliy sudi hisoblanadigan xalqaro sud payshanba kuni Janubiy Afrikaning arizasiga ko‘ra Isroil ustidan 1948 yili qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzganlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqa boshlaydi.

Konvensiyaga ko‘ra genotsid deganda «insonlarning milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhlarini to‘liq yoki qisman yo‘q qilish niyatida amalga oshirilgan harakatlar» tushuniladi.

Janubiy Afrikaning 84 varaqli da’vo arizasida xalqaro suddan 7 oktyabrdan buyon ayovsiz bombalashlari natijasida 23 mingdan ortiq inson halok bo‘lib, 60 mingga yaqin inson yarador qilingan Isroilga yangi jinoyatlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik talab qilingan.

Isroilning o‘ng ultraradikal millatchi partiyasi yetakchisi, moliya vaziri Betsalel Smotrich yangi bayonot bilan chiqish qildi.

«G‘azoda bizni Yer yuzidan supurib tashlashni istovchi 2 million natsistlar bor», — degan u Isroilning 14-kanaliga bergan intervyusida

«Biz uchun uchun G‘azo sektorida yahudiy manzilgohlarini ko‘ngildagidek qilib yaratishimiz, uzoq muddatli istiqbolda u yerda yahudiylar ishtirokini ta’minlashimiz kerak», — degan u. 

Qizil dengizdagi vaziyat

AQSh Davlat departamenti husiychilarning Qizil dengizdagi hujumlari keltirgan zararini hisoblab chiqdi

Yamanning «Ansorulloh» harakati tomonidan Qizil dengizda uyushtirilgan hujumlar 40 dan ortiq davlatlarning manfaatlariga hamda jahon dengiz tashuvlarining 20 foizdan ziyodrog‘iga daxl qilmoqda.

Bu haqda AQSh davlat kotibi Entongi Blinken Qatarda e’lon qilgan. Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, tovarlarni o‘z manziliga yetkazish ko‘proq vaqt talab etmoqda. Bu esa ularning tannarxini oshiradi va ortiqcha xarajatlar butun dunyo bo‘ylab iste’molchilar gardaniga tushadi.

Bu orada Xitoyning eng yirik COSCO Shipping Isroil portlariga kirishni bas qiladi. Bu kompaniya jahondagi eng yirik to‘rtinchi konteyner tashuvchisi hisoblanadi va jahondagi tashuvlarning 11 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Isroil OAVning xabar berishicha, garchi kompaniyaga Qizil dengizda husiychilarning hujumi tahdid solmayotgan bo‘lsa-da, ular o‘zining bu xatti-harakatiga izoh bermagan.

 

Ukraina urushi muhokamasi

Ukraina, G‘arb va Global Janub davlatlarining Volodimir Zelenskiy taklif etgan tinchlik formulasi bo‘yicha uchrashuv natijasiz yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Uchrashuv 16 dekabr Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida, to‘liq maxfiylik sharoitida bo‘lib o‘tgan, deb xabar beradi Bloomberg agentligi.

Muloqot chog‘ida ittifoqchilar Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishda Kiyevning shartlari bo‘yicha gaplashishga harakat qilgan. Bu holda Ukraina va G7 davlatlari bu masalada «Global Janubning Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashish to‘g‘risidagi chaqiriqlari»ga qarshi chiqishgan.

Uchrashuvda Saudiya Arbistoni, Hindiston va Turkiya vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, Xitoy, Braziliya va Birlashgan Arab Amirliklari o‘z vakillarini jo‘natmagan.

 

Tayvan urushi oqibatlari

Tayvan uchun urush jahon iqtisodiyotini vayron qilishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg nashri.

Agar Xitoy va Tayvan o‘rtasida urush boshlansa uning oqibati jahon iqtisodiyoti uchun shu qadar fojiali bo‘ladiki, eng yaxshi yo‘li bu urushni umuman boshlamasdi. Bunday urush 10 trillion dollar yoki butunjahon yalpi ichki mahsulotining 10 foiziga tushadi. Bu esa 2008 yilgi jahon iqtisodiy tanazzuli va koronavirus pandemiyasi qo‘shib hisoblanganda jahon yo‘qotishlariga teng miqdor.

Urushdan eng katta zarar ko‘radigan soha Tayvandan yarimo‘tkazgichlar eksporti butunlay to‘xtab qolishi bo‘ladi: bu borada orol allaqachon jahon iqtisodiyotining «temir mixi»ga aylanib bo‘lgan. Tayvan jahondagi yarimo‘tkazgichlarning 60 foizini ishlab chiqaradi. Eng zamonaviy chiplarning 90 foizi Tayvanda chiqadi.

Ayniqsa AQShning urushga aralashuvi eng yomon variant bo‘ladi. Bu holda orolning iqtisodiyoti 40 foizga, materikdagi Xitoyniki 16 foizga, AQShniki esa 7 foizga qulaydi. Tayvanning shunchaki qamal qilinishi orol iqtisodiyotini 12 foizga, jahon iqtisodiyotini esa 5 foizga qisqartiradi.

Tanazzul Janubiy Koreya, umuman Janubiy Sharqiy Osiyoga eng katta ta’sir o‘tkazadi. Chiplarni yetkazib berishdagi uzilishlar sabab Rossiyaga ham ta’siri AQShga nisbatan kattaroq bo‘ladi.

Tayvanda 13 yanvar kuni ham prezidentlik, ham parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Barcha nomzodlar Xitoy bilan birlashishga qarshi, biroq hukmron partiya yetakchisi eng qat’iy pozitsiyada turibdi va uning yana g‘alaba qozonishi Xitoy bilan ziddiyatni yanada kuchaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, XXR rahbari Si Jinping o‘zining yangi yil murojaatida orolning materikdagi Xitoy bilan birlashishi muqarrar hodisa ekanligiga urg‘u bergandi. 

Germaniyada fermerlar noroziligi

Germaniya poytaxti Berlin shahridagi Brandenburg darvozasi oldida fermerlar uch kundirki norozilik aksiyasi o‘tkazmoqda. Ular hukumatning subsidiya va imtiyozlarni qisqartirishiga qarshi chiqmoqda.

Fermerlarga birdamlik belgisi sifatida berlinliklar ularga qaynoq ichimliklar va yemaklar olib kelishmoqda. Ayrim fermerlar politsiya kuzatuvida o‘z traktorlarida Berlinni aylanib tomosha qilib, yana aksiya o‘tayotgan joyga qaytib kelishmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid