Qizil dengizda 20 dan ortiq raketa va dron urib tushirildi
AQSh mintaqaviy qo‘mondonligi Yamandan xalqaro yuk tashish yo‘nalishlari tomon uchirilgan 18 ta uchuvchisiz uchoq va uchta kemaga qarshi raketani tutib olganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilning noyabr oyidan beri husiychilarning 26-hujumidir.
Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychi isyonchilari Qizil dengizdagi savdo kemalariga yangi hujum uyushtirdi. 9 yanvar, seshanba kuni kechqurun AQSh qurolli kuchlari mintaqaviy qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, AQSh va Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlari Qizil dengiz janubida xalqaro yuk tashish yo‘nalishlari va ulardagi o‘nlab savdo kemalari tomon otilgan 18 ta dron va 3 ta raketani urib tushirdi.
Xabarlarga ko‘ra, ehtimoliy qurbonlar yoki zarar haqida ma’lumot yo‘q. Ushbu ma’lumotlarga qaraganda, husiychilar hujum qilish uchun Eron tomonidan ishlab chiqarilgan OWA UAVS dronlari, kemalarga qarshi qanotli va ballistik raketalardan foydalangan. Ular Amerikaning USS Dwight D. Eisenhower, USS Gravely, USS Laboon, USS Mason, shuningdek, Britaniyaning HMS Diamond aviatashuvchisi tomonidan urib tushirilgan.
Bu - o‘tgan yilning 19 noyabridan beri Qizil dengizdagi tijoriy yuk tashish yo‘nalishlariga husiychilarning 26-hujumi.
Husiychilarning Qizil dengizdagi hujumlari va Prosperity Guardian xalqaro operatsiyasi
Isroilning HAMAS guruhiga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng, Yaman husiychilari Qizil dengizda savdo kemalariga hujum qilmoqda. Isyonchilar o‘zlarining «G‘azo sektoridagi birodarlariga Isroil agressiyasi» to‘xtamagunicha, «dunyo bo‘ylab Isroil kemalariga hujum qilishda» davom etishini aytmoqda. Bir qancha yuk tashish kompaniyalari, xususan, Germaniyaning Hapag-Lloyd va Daniyaning Maersk, shuningdek, Mediterranean Shipping Company (MSC) und CMA CGM shirkati o‘z kemalarini Qizil dengiz va Arab dengizidagi Adan ko‘rfazini bog‘lovchi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali jo‘natishni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi.
18 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar eng muhim yuk tashish savdo yo‘llaridan birining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Prosperity Guardian - «Farovonlik qo‘riqchisi» xalqaro operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi, unda Pentagon, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya qatnashyapti. Shundan so‘ng yuk tashuvchi kompaniyalar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazi orqali harakat tiklangani haqida xabar berdi.
Tinchlik davrida butun dunyo dengiz tashuvlarining 10-12 foizi, jahon neft tashuvlarining taxminan 5 foizi va konteyner tashuvlarining taxminan 30 foizi Qizil dengiz orqali o‘tadi.
Mavzuga oid
10:40 / 31.10.2024
Husiychilar Qizil va Arab dengizlarida uchta kema nishonga olingani haqida xabar berdi
12:00 / 30.10.2024
AQSh Davlat departamenti Daniyaga "havo-havo" raketalarini sotishni ma’qulladi
09:20 / 08.10.2024
Odessada RF raketasi fuqarolik kemasiga borib urildi
09:10 / 24.09.2024