O‘zbekiston | 14:10 / 12.01.2024
30286
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent havosini yaxshilash bo‘yicha takliflar berildi

Ekologiya vazirligi Toshkent havosi ifloslanishiga ta’sir etayotgan omillarni ma’lum qildi. Tahlillarga ko‘ra, poytaxt havosi ifloslanishiga yashillikning kamaygani, betartib qurilishlar, transport oqimi yuqoriligi, ko‘mir va mazutdan chiqayotgan zaharli tashlanmalar sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.

Foto: Kun.uz

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent atmosferasi ifloslanishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Havoning buzilishiga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lgani aytilgan.

Vazirlik quyidagi sabablarni keltirgan:

Jumladan, Toshkentda yashil hudud kamaygan. Xususan, daraxtlar va butalar kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.

Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marta qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, qurilishlar hanuz davom etmoqda.

Avtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Jumladan, Respublika bo‘yicha avtomobillar soni 2021 yilda 3,14 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 4,6 mln donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.

Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yo‘l harakati to‘g‘ri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Tirbandlikda to‘xtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko‘proq tashlama chiqaradi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019 yilda 3,9 million tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023 yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 million tonnaga yetgan. Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslari ifloslanishiga olib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, 10 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kilo qurum, 360 kilo oltingugurt II oksidi, 64 kilo uglerod oksidi, 16 kilo azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.

Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosi keskin ifloslanishiga hamda aholini e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan.

Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasiatmosfera yog‘inlari miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahri tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgani sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.

Vazirlik respublika hududida atmosfera havosini muhofaza qilish borasida qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilganini bildirdi. Jumladan, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha 1 va 2-toifali sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, mavjudlari rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilinadi.

Shuningdek, mazkur hududlarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni kuzatish postlari joriy etiladi, atrof-muhit monitoringini amalga oshirish uchun esa avtomatik stansiyalar o‘rnatiladi.

Vazirlik Toshkent shahrida atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni ham taklif qilmoqda:

  • «Yevro-4» standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash;
  • avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklash;
  • 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o‘tish uchun (elektro-mobil) imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish;
  • so‘nggi yillarda avtomobil yo‘llarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni «toq va juft» kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;
  • shaharning diqqatga sazovor markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil qilish;
  • jamoat transportini to‘liq elektr, gaz-ballon yonilg‘isi va boshqa muqobil yonilg‘i turlariga o‘tkazish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini tashkil etish;
  • barcha turdagi qurilish obektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;
  • Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlash;
  • mikroiqlim mo‘’tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
  • Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
  • ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar barpo etish;
  • atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatish.

Qo‘shimcha qilishicha, respublikada atmosfera havosi ifloslanishini avtomatlashtirilgan tizim orqali monitoring qilish loyihasi o‘rnatilgan 8 ta avtomatik meteostansiyalarni xalqaro iQAIR portaliga integratsiya qilish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, I bosqichda 2022 yilda Toshkent shahridagi 2 stansiya to‘liq integratsiya qilingan. II bosqichda 2023 yilda qo‘shimcha 6 ta (Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Jizzax viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi) stansiya to‘liq integratsiya qilingan.

2024 yil 11 yanvar holatiga ko‘ra, xalqaro portalda jami 8 ta stansiya ma’lumoti berib borilayotgani ma’lum qilindi. Mazkur stansiyalardagi ma’lumotlar www.iqair.com portalidan tashqari, monitoring.meteo.uz portalida ham aks etgan. Shu bilan birga, mazkur portalning AirUz mobil ilovasi Google Market va AppStore marketlarida ham joylashtirilgan.

III bosqichda 2024 yilning birinchi yarim yilligiga qadar yana 6 ta stansiya (Toshkent, Nurafshon, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Buxoro hamda Qarshi) integratsiya qilinishi va yakuniy bosqichda respublika bo‘yicha jami o‘rnatilgan stansiyalar sonini 16 taga yetkazish rejalashtirilgani qayd etildi.

Mavzuga oid