Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yamanga aviahujum oqibatlari, neft narxiga ta’sirlar va Britaniyadan Ukrainaga yordam - kun dayjesti
Jahonda ro‘y bergan voqea-hodisalar, bayonotlar tafsilotlari va e’tiborga molik voqealarni odatdagidek kundalik dayjestimizda taqdim etamiz.
Yamanga uyushtirilgan hujum
Yamanlik husiychilarning «Ansorulloh» harakati vakili Yahyo Sariy AQSh va Buyuk Britaniya Yamandagi 73 ta punktni bombalaganini ma’lum qildi.
Sano, Sa’d, Hudayda, Zubayda doxil mamlakatning shimoliy-g‘arbiy qismidagi 12 ta punktlariga zarba berilgan.
Bir soatcha davom etgan hujumlar natijasida qarshilik harakatining 5 a’zosi halok bo‘lgan va 6 kishi yarador bo‘lgan.
«Bahrayndagi rejimning ushbu hujumga aloqadorligi sotqinlik va arab davlatiga nisbatan makkorona zarba hisoblanadi. Hujumlar javobsiz va jazosiz qoldirilmaydi. Bizning kuchlarimiz ikkilanishlarsiz dengiz va quruqlikdagi barcha tahdid manbalariga hujum qilishadi», — degan Sariy.
AQSh o‘z ittifoqchilari bilan Yamanga hujum chog‘ida 30 dan ortiq lokatsiyani nishonga olgan va 150 dan ortiq jangovar o‘q-dorilardan foydalangan deb xabar bergan Pentagon. AQSh Mudofaa vazirligiga ko‘ra, nishonlarning juda katta qismi tinch aholi istiqomat qilmaydigan joylar bo‘lgan, shu sababli qurbonlar soni u qadar katta bo‘lmaydi.
Yamanlik husiychilar AQSh va Britaniyaning aviazarbalariga qaramasdan, Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujum qilishni bas qilmasligini ta’kidladi.
«Yamanga qarshi agressiya uchun oqlov yo‘q, Qizil va Arabiston dengizlarida xalqaro navigatsiya uchun tahdid bo‘lmaganidek. Zarbalar Isroil kemalariga va okkupatsiya ostidagi Falastin portlariga yo‘nalgan kemalarga berilmoqda va berilaveradi», — degan husiychilar vakili Muhammad Abdussalom.
Biroq husiychilar adashib, Rossiya neftini tashiyotgan tankeriga hujum qilgani ma’lum bo‘ldi. Yaxshiyamki, ular uchirgan raketa kemaga 400 metr qolganda suvga qulagan.
G‘azodagi vaziyat
Isroil hujumlari natijasida G‘azoda o‘ldirilgan falastinliklar soni 23 ming 708 nafarga yetdi. Yaradorlar soni esa 60 mingdan oshdi, deb xabar beradi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi.
Isroil ustidan sud
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Haagada o‘tkazilayotgan sud uchun Isroil ustidan hujjatlar taqdim etilganini aytib o‘tdi.
«Biz taqdim etgan hujjatlarning barchasi ishchi hujjatlardir. Isroil biz taqdim etgan guvohliklar bilan sud qilinadi», — degan Erdo‘g‘an.
BMT Xalqaro sudi JARning Isroilga qarshi vaqtinchalik choralar qo‘llash to‘g‘risidagi so‘rovini ko‘rib chiqa boshladi. Xalqaro sud yaqin vaqtlar ichida ochiq majlisda kerakli qarorning ochiqlanish vaqtini e’lon qiladi.
Darvoqe, sudda isroillik yuristlar chiqish qilib, G‘azodagi birorta shifoxona bombalanmaganini ta’kidladi.
Turkiya prezidenti AQSh va Buyuk Britaniyaning Yamanga hujumi bo‘yicha ham fikr bildirdi. «Ular Qizil dengizni qonli dengizga aylantirmoqchi», degan Erdo‘g‘an.
«Bu harakatlarning barchasi kuchni nomutanosib qo‘llash bo‘ladi, bunday nomutanosiblik AQSh va Isroil tomonidan Falastinda ham amalga oshirilmoqda. Buyuk Britaniya doim Amerika bilan sheriklikda qadam bosgan va shunday qilishda davom etmoqda», — degan Erdo‘g‘an.
Neft narxiga ta’sirlar
AQSh va Britaniya kuchlarining Yamandagi husiychilar bazasiga bergan zarbalaridan so‘ng Brent navli neft narxi 2,5 foizga ko‘tarildi, deb xabar bergan Bloomberg agentligi.
Ayni paytda bu neftning narxi barreliga 80,21 dollarni tashkil etmoqda. Neft narxiga asosiy tahdid Eronning mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi bo‘ladi. Bu jahondagi yoqilg‘ining 1/3 qismi qazib olinadigan mintaqada neft qazib olish va yetkazish yo‘nalishlarini tahdid ostida qoldiradi.
Ammo Citi tahlilchilari 2024 yil uchun neft narxi prognozlarini barreliga 74 dollargacha pasaytirdi.
Ular 2025 yilda neft narxi yanada arzonlab, barreli 60 dollar atrofida bo‘ladi, deyishmoqda. Prognozning yomonlashtirilishiga sabab bozorda neftning ortib ketishi bilan bog‘liq xavotirlarga asoslangan. Neft narxi bo‘yicha o‘z prognozlarini Wall Street’ning boshqa tahlilchilari ham tushirishgan.
Ukrainaga yordam
Kiyevga rasmiy tashrif bilan borgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Rossiya bosqinidan buyon Ukrainaga 2,5 mlrd funt-sterlinglik eng katta mudofaa ko‘magi paketi ajratilishini e’lon qildi. Buyuk Britaniya G7 mamlakatlari ichida Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini bergan birinchi davlat bo‘ldi.
Tegishli kelishuv Rishi Sunak va Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolandi.
Kelishuv doirasida Britaniya «Rossiya tomonidan takroriy hujum» sodir bo‘lgan taqdirda Ukrainaga «tez va doimiy» harbiy yordam ko‘rsatadi.
«Bugun Yevropa tarixi o‘zgargan kun. Ukraina va Buyuk Britaniya xavfsizlik bo‘yicha yangi va misli ko‘rilmagan kelishuv tuzdi. Britaniya har yili 3 mlrd dollarga teng kafolatli moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Razvedka va kiberxavfsizlik bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi. Agar 1991 yildan keyin Britaniya va boshqa davlatlar bilan xavfsizlik kafolatlarining bunday darajasiga erishilganida, Rossiyaning agressiyasi bo‘lmas edi», — deydi Zelenskiy.
Britaniya Rossiyaning hujumlari davom etaversa Ukrainaga yer usti, dengiz va havodan yordam berishni o‘z zimmasiga oladi, degan Rishi Sunak. Britaniya bosh vaziri Ukrainaga, shuningdek, turli pilotsiz parvoz qurilmalari yasash uchun 200 mln funt sterling ajratilishini ham e’lon qildi. Sunak Britaniya Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini ham aytgan.
«Bu urush Ukrainaning o‘zini himoya qilish va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidir. Ukraina xalqining tarixiy tanlovi Yevropaning qoq markazida mustaqil demokratik davlatga aylanishdir», — degan Buyuk Britaniya bosh vaziri.
Mavzuga oid
16:00
Kelishuv imzolagan prezidentlar va Moskva osmonida yuzlab dronlar – kun dayjesti
14:41 / 17.06.2026
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026