O‘zbekiston | 13:07 / 14.01.2024
13654
4 daqiqa o‘qiladi

Noyob sudralib yuruvchilar makoni – Markaziy Farg‘ona cho‘llari | Manzil

Vodiy markazidagi qum barhanlarini o‘ziga makon tutgan 7 turdagi sudralib yuruvchilar dunyoning boshqa hech qayerida uchramaydi. Bundan tashqari, cho‘l ichra kulrang echkiemarlar izg‘ib yuradi. “Manzil” loyihasi navbatdagi sonida Markaziy Farg‘ona cho‘llaridagi hayvonot olami bilan tanishtiradi.

Markaziy Farg‘ona cho‘llari – ham Namangan, ham Farg‘ona, ham Andijon viloyatlari tarkibiga kiruvchi unikal maskan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, qadimda Sirdaryo o‘zani shu yerdan o‘tgan va keyinchalik daryo o‘zanini o‘zgartirishi natijasida qum barhanlari paydo bo‘lgan.

Farg‘ona vodiysi bioxilmaxillik yuqori hudud hisoblanadi. Cho‘llikdagi bioolam ham xilmaxillikda shunga mos. Ushbu oq barhanlar orasida ilmiy tadqiqotlar olib borgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ilmiy xodimi, gerpetolog Timur Abduraupov va uning hamkasblari bioxilmaxillikni ko‘rib, hayratda qolganini ta’kidlaydi.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hududda faqat shu yerdagina yashovchi 5 turdagi sudralib yuruvchilar fanga avvaldan ma’lum bo‘lgan. So‘nggi tadqiqotlar natijasida yana 2 ta tur, ya’ni faqat Markaziy Farg‘ona cho‘llaridagina yashovchi sudralib yuruvchilar aniqlangan. Ya’ni ular Farg‘ona vodiysidan boshqa joyda uchramaydi. Ushbu jonivorlar olimlar tomonidan tavsiflab bo‘lingan va xalqaro nufuzli jurnallardan biri hisoblanuvchi “Animals”da ilmiy maqolalar chop etilgan. Ularning biri “Farg‘ona gekkoni” deb ataldi. Ikkinchisiga esa yaqinda vafot etgan zoolog olim Emiliya Viktorovna Vashetko sharafiga “Emiliya gekkoni” deb nom berildi.

Hududda boshqa noyob turlar ham yashaydi. Masalan, kulrang echkiemar. Tadqiqotchilar uni avvaliga mutlaqo boshqa tur deb o‘ylagan. Lekin genetika uning avvalgi turlardan ko‘p ham farq qilmasligini ko‘rsatib bergan. Avvallari bu yerda boshqa tadqiqotchilar ishlagani uchun ular echkiemarlar umuman qirilib ketgan, degan xulosaga kelishgan. Chunki Farg‘ona vodiysida uning go‘shti turli kasalliklarga davo degan noto‘g‘ri qarash bor va odamlar ularni ovlab yo‘q qilib yuborishgan. Shu sababli olimlar uni to‘liq ovlab qirib yuborishgan, deb o‘ylashgan ekan. Lekin tadqiqotchilar ularning qandaydir yo‘llar bilan omon qolgan populyatsiyasiga duch kelishganini ta’kidlashadi.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Markaziy Farg‘ona cho‘llari hududida milliy tabiat bog‘i tashkil qilish ishlari boshlangan. Bu jarayon o‘z nihoyasiga yetishi bilan cho‘llikdagi jonivorlar va o‘simlik olami, bioxilmaxillikning o‘ziga xos namunasi to‘liq muhofazaga olingan va kelasi avlodga saqlab qolingan bo‘ladi.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus

Mavzuga oid