Jahon | 22:17 / 16.01.2024
18990
10 daqiqa o‘qiladi

Eronning Iroqqa raketa hujumi, Britaniyada taqiqlangan Hizb ut-Tahrir va Finlandiyaning Rossiyaga qarshi harakatlari - kun dayjesti

Jahonda so‘nggi bir sutka ichida ro‘y bergan voqea-hodisalar, bayonotlar tafsilotlari va e’tiborga molik voqealarni odatdagidek kundalik dayjestimizda taqdim etamiz. 

G‘azodagi vaziyat

Isroil mudofaa armiyasi askarlari G‘azo sektorining shimoliy qismini tark eta boshlagach Qizil yarimoy jamiyatining Falastin bo‘limi yana u yerda ishlay boshlagan. Avvalroq qutqaruv va tez yordam tashkiloti Isroil zarbalari va yoqilg‘i zaxiralari tugagani sababli tanaffus qilishga majbur bo‘lgan edi.

Falastinda olib borilayotgan qonli urushning 101-kuniga kelib, o‘ldirilganlar soni 24 ming 100 kishiga yetgan. Birgina so‘nggi sutka davomida Isroil askarlari 132 kishini o‘ldirgan.

G‘azoda vaziyat o‘ta tang ahvolda. Isroil anklavni qamal qilgach va inftatuzilmalarga ziyon yetkazgach, g‘azoliklar mobil aloqaga ulanish uchun baland uylarning tomiga chiqishga majbur bo‘lishmoqda. Ular anklavning janubiga ko‘chirilgan oilalari bilan shu tarzda bog‘lanishga urinib ko‘rmoqda.

G‘azo infratuzilmasining 60 foizi yo vayron qilingan yoki zarar yetkazilgan, 2 milliondan ortiq aholi esa o‘z turarjoylarini tashlab ko‘chishga majbur bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda G‘azodagi BMT insonparvarlik yordamiga odamlar yopirilgani tasvirlari tarqaldi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda 2,2 mln kishi oziq-ovqat taqchilligiga duchor bo‘lgan. Anklavning 40 foiz aholisi ochlikka ro‘para kelgan, har 10 kishidan 9 nafari 24 soat va undan ziyod vaqtda och qolmoqda. 

Eronning Iroq va Suriyaga raketa hujumi

Eron Iroqning Arbil shahriga raketa hujumi uyushtirdi. Eron ommaviy axborot vositalarining ma’lumotiga ko‘ra, raketalar va boshqariladigan dronlar mamlakat janubiy g‘arbidagi Xuziston shahridan uchirilgan.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu Kirmon shahrida sodir etilgan terrorchilik akti uchun intiqom ekani ta’kidlandi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi MOSSADning Iroq Kurdistonidagi qarorgohi yo‘q qilinganini ta’kidladi. Shuningdek Iroqdagi aksileron terrorchilik guruhchalari va AQSh kontingentiga zarba berilgani aytilmoqda.

Iroqning Arbil shahridagi Amerika konsulxonasi yaqinidagi 9 ta obekt yo‘q qilingan. Arbil shahri aeroportiga ham zarba berilgani aytilmoqda. Konsulxonadagi amerikalik harbiylar o‘rtasida jabrlanganlar yo‘q.

ABC telekompaniyasi xabariga ko‘ra, Arbil aeroporti juda kuchli bombardimondan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Tinch aholi orasida ikki hishi halok bo‘lgan, yarador besh kishi shifoxonalarga yetkazilgan.

Avval ham Eron Iroqdagi Shimoliy Kurdistonga ushbu hudud eronlik ayirmachi guruhlar hamda ashaddiy dushmani Isroilning agentlari uchun platsdarm ekanini ta’kidlab, zarbalar berib turgan.

Iroq o‘z hududiga Eron tomonidan zarba berilgach, huquqiy choralar ko‘rilishi, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilishini ta’kidlagan.

Eron shuningdek, Suriyaga ham raketa hujumlari uyushtirgan. Nishonga Kirmondagi teraktni uyushtirgan Tahrir ash-Shom nazorati ostidagi yerlar va Turkiston islomiy partiyasining mashg‘ulot yerlari, logistik markazlari hamda hospitallari olingan. Eron Suriyadagi Amerika harbiy bazalarini nishonga olmagan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

AQShning Yamanga bergan aviazarbalaridan so‘ng Qatar Qizil dengiz orqali suyultirilgan tabiiy gaz tashishni bas qildi. Kuzatuv ma’lumotlari Adan qo‘ltig‘i tomon yo‘l olgan kemalar to‘xtaganini ko‘rsatmoqda. AQSh va Buyuk Britaniya kemalarga bu suv yo‘lidan foydalanmaslikni tavsiya qilgan.

Qatar Yevropaga AQShdan keyingi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib beruvchisi hisoblanadi. 2023 yilda uning hissasiga Yevropaga yetkazilgan umumiy gazning 13 foizi to‘g‘ri kelgan.

Yamanga hujum uyushtirilgach, husiychilarning «Ansorulloh» harakat nafaqat Isroilga yo‘l olayotgan, AQShga ham tegishli har qanday kema nishonga aylanishinini e’lon qilgan edi.

«Ansorulloh» AQShning Gibraltar Eagle konteyner tashuvchi kemasiga Adan qo‘ltig‘ida hujum qilgan. AQSh tomoni buni tasdiqlagan. Ularga ko‘ra, kemalarga qarshi ballistik raketa kemaga kelib urilib, unga u qadar jiddiy bo‘lmagan ziyon yetkazgan. Kema Qizil dengiz tomon yurishdan to‘xtab, ortiga qayta boshlagan.

Isroil G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini davom ettirar ekan, Yamandagi husiychilar Qizil dengizdagi Isroil kemalariga hujum qilishni to‘xtatmaydi, degan Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon.

«Husiychilar bizni dengizdagi xavfsizlikka putur yetkazmayotganiga ishontirdi, biroq ularning pozitsiyasi shuki, G‘azodagi urush davom etar ekan, Isroil kemalariga qarshi chora ko‘rilveradi», degan vazir.

Tehron Shveytsariya rasmiylari orqali Vashington e’tiboriga G‘azodagi janglar zudlik bilan to‘xtatilishi kerakligini yetkazgan. Shuningdek, AQSh va Britaniyani husiychilarga hujum qilmaslikka chaqirgan. 

Ukrainadagi urush

Ukraina qurolli kuchlari 2022 yilning 24 fevralida Rossiya keng ko‘lamli bosqin uyushtirganidan buyon Rossiyaga tegishli 11 ta katta bombardimonchi va razvedka samolyotlarini urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Yana 14 ta samolyotga jiddiy ziyon yetkazilgan.

Bu hali 300 dan ortiq yo‘q qilingan va urib tushirilgan tezkor qiruvchi va shturm harbiy samolyotlari hisobga olinmaganida.

Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanovning aytishicha, Rossiyaning A-50 va Il-22 kabi razvedka samolyotlarining yo‘q qilinishi Rossiyani janglar zonasida sutka bo‘yi operativ faoliyat olib borish va aloqani ta’minlab turishdan mahrum etadi. Budanovga ko‘ra, Rossiyada hali har birining narxi 330 mln dollar bo‘lgan, yaxshi holatdagi 8 ta A-50 samolyoti mavjud.

Rossiyaning propagandachi urush targ‘iboti kanallari Ukraina bunday samolyotni urib tushirish qudratiga ega ekanini tan olmasdan, samolyotlar Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan adashib urib tushirilganini iddao qilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi samolyotlar yo‘qotilganini hozircha rasman tan olgani yo‘q. Umuman, bu idora hech qachon bu borada fikr bildirmagan. 

Rossiyada musodara muhokamasi

Rossiya vazirlar mahkamasi armiya haqida feyk ma’lumotlar tarqatgan va davlatning xavfsizligiga qarshi qaratilgan harakatlarni amalga oshirganlik uchun mol-mulkni musodara qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

Ushbu qonun loyihasi parlamentda hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan.

Endi Rossiyaga qarshi har qanday ma’lumot yozgan jurnalistlar va blogerlar bor-budidan ham ayrilishadi. 

Finlandiya rossiyaga qarshi

Finlandiyada Rossiya fuqarolariga ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar tuzishni to‘liq taqiqlashmoqchi. Mamlakat mudofaa vaziri Antti Hakkyanen buning uchun yuridik asoslar qidirilayotganini ma’lum qildi.

Finlandiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, cheklovlar nafaqat sotib olish bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek turarjoylarni ijaraga olishga ham taalluqli bo‘ladi. Shuningdek, avval imzolangan bitimlar ham bir qator tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

NATOga a’zo bo‘lib, Rossiya bilan chegaralarini yopib olgan Finlandiya Rossiyaga qarshi bir qator boshqa cheklovlar ham qilmoqda.

Masalan, mamlakatda ta’lim rus tilida olib boriladigan uchta maktab yopilmoqda. Bu maktablar Finlandiyaning Rossiya bilan chegaradosh sharqiy hududlarida joylashgan. Sabab sifatida rus tilining Finlandiya aholisi o‘rtasida ommabopligi pasaygani ko‘rsatilmoqda.

Yana bir ma’lumot: Finlandiyada Rossiyadan ko‘chib kelganlarga tegishli bo‘lgan 20 dan ortiq firma Ukrainaga qarshi urushda qo‘llanayotgan uskunalarni Rossiya Federatsiyasiga eksport qilib kelmoqda ekan. YLE telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda ana shunday to‘rtta firma ustidan tergov olib borilmoqda.

Telekanalning ta’kidlashicha, bu kompaniyalar Finlandiya janubi-sharqida Rossiya bilan chegaraga yaqin hamda poytaxt aeroporti va yirik logistika markazlari joylashgan Vantaa shahrida «ko‘zga tashlanmaydigan angarlar va kichik ofislarda» joylashgan. Ular tovarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga eksport qilgan yoki xorijlik yetkazib beruvchilar va rossiyalik xaridorlar o‘rtasida vositachi bo‘lgan. 

Britaniya Hizb ut-Tahrirni taqiqladi

O‘zbekistonda va yana bir qator davlatlarda taqiqlangan, o‘z oldiga islomiy xalifat tuzishni oliy maqsad qilib belgilangan «Hizb ut-Tahrir» terrorchilik harakati Buyuk Britaniyada ham terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilindi va uning faoliyatini taqiqladi

Qirollik hukumati saytida yozilishicha, «Hizb ut-Tahrir» terrorchilik tashkiloti sifatida taqiqlanadi. Bunga sabab qilib Tashkilot HAMASni qo‘llab kelgan va antisemit mafkurani propaganda qilgani ko‘rsatilgan.

Endi Britaniyada ham tashkilotga a’zo bo‘lish va uni qo‘llab-quvvatlash jinoiy xatti-harakat deb hisoblanadi. 

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid