Jahon | 21:16 / 18.01.2024
12416
10 daqiqa o‘qiladi

Pokistonning Eronga javob zarbasi, terrorchilar safiga qaytarilgan «Ansorulloh» va Ukrainadan charchayotgan G‘arb - kun dayjesti

Jahonda ro‘y bergan voqea-hodisalar, bayonotlar tafsilotlari va e’tiborga molik voqealarni odatdagidek kundalik dayjestimizda taqdim etamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektorida Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 24 ming 448 nafarga yetdi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir sutka ichida 163 kishi o‘ldirilgan, 305 kishi yarador qilingan. 7 okyatbrdan buyon 60 mingdan ziyod inson yaralangan. O‘ldirilganlarning 11 mingdan ziyodi yosh bolalar.

Yevropa Ittifoqi HAMASga qarshi sanksiyalar joriy etishini ma’lum qildi. Yangi sanksiyalar HAMASni moliyalashtirish manbalariga hamda ushbu harakat bilan bog‘liq shaxslarga nisbatan yo‘naltiriladi, deb yozadi Politico nashri.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa G‘azo sektorida HAMASga qarshi kurash 2025 yilgacha davom etishini ma’lum qilgan.

Butun dunyo bo‘ylab Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan qonli urushiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. AQSh Vakillar palatasi spikeri, respublikachilar vakili Mayk Jonson agar mansabdor shaxslar AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga qarshi rejalashtirilayotgan norozilik aksiyasida ishtirok etsa, ularni ishdan bo‘shatish lozimligini ta’kidladi.

«Bizning ittifoqchimiz bo‘lgan Isroilga qarshi namoyishda ishtirok etish uchun ishdan chiqib borgan davlatning har qanday xizmatchisi o‘z majburiyatlariga nopisand, soliq to‘lovchilarning ishonchini suiiste’mol qilayotgan bo‘ladi. Ular ishdan bo‘shatilishi kerak», — deb yozgan Jonson. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamandagi husiychilarning «Ansorulloh» harakati Adan qo‘ltig‘ida Amerikaning Genco Picardy kemasiga kemalarga qarshi qo‘llanadigan raketalar bilan hujum qilganini e’lon qildi.

O‘tgan tunda AQSh va Buyuk Britaniya Bob ul-Mandab qo‘ltig‘ida Amerika kemasiga qilingan hujumga javoban Yamanga yana yangi aviazarbalar bergan. Mamlakat poytaxti Sano, Damar tumani, Sa’da va Taziz shaharchalari nishonga olingan.

Bu orada AQSh husiychilarni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga qaytargani e’lon qilindi. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan xabar bergan. Sallivan Qizil dengizdagi hujumlarini amalga oshirayotgan husiychilarning harakatlarini terrorchilik harakati deb tasniflash mumkinligini aytgan.

Sallivanning fikricha, husiychilar amerikalik personal, fuqaro dengizchilar va ularning hamkorlarini tahdid ostiga qo‘ygan. Shuningdek, hujumlar jahon savdo-sotig‘i va kemachilik erkinligiga xavf solmoqda.

Avvalroq Yamandagi raketa arsenallarini yo‘q qilishga buyruq bergan Jo Bayden ham husiychilarni omma oldida terrorchilar deb atagan edi.

Husiychilar Donald Tramp ma’muriyati chog‘ida ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan edi. Biroq Jo Bayden ma’muriyati ularni ro‘yxatdan o‘chirgan. Endi «Ansorulloh» harakati yana terrorchilar ro‘yxatidan o‘rin oldi. 

Eron hujumlari aks sadosi

Pokiston Eron bilan barcha chegara nuqtalarini yopdi va chegaraga armiyaning qo‘shimcha bo‘linmalarini yubordi. Xitoyning diplomatik sa’y-harakatlari ham mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlikni pasaytira olmadi.

Pokiston Erondan o‘z elchisini chaqirib olgan va javob zarbasi berishga haqli ekanini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan kuni Eron qurolli kuchlari Pokiston hududida joylashgan «Jaysh al-Adl» terrorchilik guruhining ikkita qarorgohiga raketa zarbasi bergan edi.

Eron va Pokiston tashqi ishlar vazirlari bir birlariga ogohlantirish bergan.

Hussayn Amir Abdullohiyon va Jalil Abbos Jiloniy Pokiston hududiga Eron Islom muhofizlari korpusi tomonidan berilgan raketa va dron zarbalarini muhokama qilgan.

Suhbat asnosida Hussayn Amir Abdullohiyon Eron Pokistonning suverenitetini hurmat qilishi, zarbalar terrorchilarga qarshi berilganini aytgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari esa Eronni terrorchilar haqidagi o‘zida mavjud informatsiyalar bilan bo‘lishishga chaqirgan.

Bu orada mamlakat chegarasidagi taranglik ortishiga sabab bo‘luvchi yana bir voqea ro‘y berdi. Eron-Pokiston chegarasi yaqinida Eron Islom muhofizlari korpusi ofitseri, Sarovon korpusi rahbari, polkovnik Hussayn Ali Javodonfar va yana ikki kishi o‘ldirilgan.

Kecha tunda Pokiston ham bunga javoban Eronning Siston va Balujiston viloyatiga aviazarbalar bergan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida «Eronning Siston va Balujiston viloyatidagi terrorchilar yashiringan joylarga maqsadli va o‘ta aniq zarbalar berilgani» haqida bayonot bergan. Idora hujum natijasida bir necha terrorchilar yo‘q qilinganini xabar bergan.

Eron hokimiyati Pokiston hujumlari natijasi 7 kishi o‘ldirilgani, ularning 3 nafari ayollar va 4 nafari yosh bolalar ekanini ta’kidlagan.

Pokiston — 1980–1988-yillarda bo‘lib o‘tgan Eron–Iroq urushidan buyon Eron hududiga zarba bergan ilk davlat bo‘ldi.

Darvoqe, Iroq haqida. Iroq ham o‘z hududidagi Arbil shahriga Eron Islom muhofizlari korpusi tomonidan berilgan raketa zarbasi tufayli BMT Xavfsizlik kengashiga rasmiy shikoyat yo‘lladi.

Iroq Tashqi ishlar vazirligi Arbil shahriga berilgan zarbalar Iroqning suvereniteti va hududiy yaxlitligini poymol qilish ekanini ta’kidlagan. 

Ukrainadan charchashmoqda

Agar AQSh Ukrainaga yordamdan voz kechsa, g‘arb davlatlarining ayrimlari Vashingtondan o‘rnak olib, Kiyevga yordamni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda jurnalistlar bilan uchrashuvda Oq uy qoshidagi milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qilgan.

G‘arb davlatlarida Ukrainadagi urushdan charchash juda xavfli fenomenga aylanmoqda va unga qarshi kurashish kerak, degan Polsha prezidenti Anjyey Duda ham. Uning aytishicha, g‘arb ommaviy axborot vositalari Ukraina urushini borgan sari kamroq yoritmoqda.

Avvalroq Yevropa parlamentidagi yetakchi siyosiy kuchlar vakillari Yevropadagi poytaxtlarni «Ukrainadan charchash»dan hazir bo‘lishdan ogohlantirishgan va Kiyevga «samarali va barqaror uzoq muddatli harbiy qo‘llov» berishga chaqirishgan edi.

Germaniya parlamenti hukumatni Ukrainaga Taurus qanotli raketalarini berishga majburlovchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Hattoki bir necha bor Taurus raketalarining berilishini qo‘llab chiqish qilgan ozod demokratik partiyasi va «yashillar» partiyasi vakillari ham bunga qarshi ovoz bergan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy g‘arbni «yordam berish bilan tajriba qilmaslikka» chaqirib, g‘arb davlatlari yordamisiz Rossiya Ukrainani to‘liq bosib olishi mumkinligini ta’kidladi.

«Ular bizni bosib olganidan so‘ng, ishontirib aytamanki NATO Rossiya bilan to‘qnashadi. Men Putinning o‘zi ham buni chindan ham istaydi deb hisoblayman», — degan Zelenskiy. 

Rossiyaliklar ofshorni o‘zgartirmoqda

Rossiyaning yirik kompaniyalari AQSh Federal tergov byurosi surishtiruv boshlaganidan so‘ng Kiprni yoppa tark etmoqda. «O‘z sektorida ulkan hajmdagi ishlarga ega» 10 dan ziyod Rossiya kompaniyalari Kipr yurisdiksiyasidan chiqishga qaror qildi, deb yozadi mahalliy «Filelefseros» nashri.

Eng ommabop ofshor yurisdiksiyasidan yirik biznes o‘yinchilarning qochishi Kipr hukumati Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan, AQShning Federal tergov byurosi esa rossiyalik milliarderlarning faoliyati bilan qiziqa boshlagach ro‘y bergan.

15 yanvar kuni nazorat paketini biznesmen Vladimir Potanin sotib olgan Tinkoff bankning bosh kompaniyasi TCS Group Holding aksiyadorlari Kiprdan Vladivostokdagi Russkiy oroliga ko‘chishgan.

Kiprdan Rossiyaga, to‘g‘rirog‘i Kaliningrad shahrida Etalon Group aksiyadorlari ham ko‘chgan.

Fix Price Group riteylerlari esa Kipr o‘rniga Qozog‘istonni tanlagan. 

Qurollanayotgan Turkiya

Turkiya Ispaniya bilan ikkinchi aviatashuvchi kema qurish to‘g‘risida kelishib oldi

Yangi aviatashuvchining nomi «Trakya» bo‘ladi va u Yevropadagi beshinchi, jahondagi to‘qqizinchi yirik «Navantia» kemasozlik kompaniyasi tomonidan Turkiyada yasaladi.

Turkiyaning birinchi aviatashuvchi kemasi TCG Anadolu 2023 yilning aprelida qabul qilib olingan edi. Bu bilan Turkiya o‘z flotida harakatdagi aviatashuvchi kemaga ega jahondagi 15-mamlakatga aylangan edi. 

Shvarsenegger jarimaga tortildi

Hollivud aktyori Arnold Shvarsenegger Germaniyada qo‘lidagi qimmatbaho qo‘l soati uchun 35 ming yevro jarimaga tortildi.

U Germaniyaga uchib kelgani zahoti Shveytsariyada tayyorlangan Audemars Piguet qimmatbaho qo‘l soati uchun bojxona yig‘imlarini to‘lamagani sababli ulkan jarimaga tortilgan.

BILD nashri ma’lumotlariga ko‘ra, soatning o‘zi 26 ming yevroga baholangan, soliq 4 ming yevroni tashkil etgan, yana ming yevro jarima qo‘llangan.

Nashrning yozishicha, Shvarsenegger hammasini kartadan to‘lab berishga tayyor bo‘lgan, biroq qonunga ko‘ra, jarimaning yarmi bankda naqd to‘lanishi kerak. Shu sababli u aeroport xodimi bilan bankka borib, bankomatdan 17,5 ming yevro naqd pul chiqarib olgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid