Jahon | 23:07 / 19.01.2024
7146
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantning raqamli profilini yaratish rejalashtirilmoqda 

Bunga erishish uchun har bir chet el fuqarosi uchun turli idoraviy tizimlardagi migratsiya ro‘yxatga olish ma’lumotlarini birlashtirish rejalashtirilgan. 

Foto: Sergey Vedyashkin

Rossiyaga kiruvchi xorijiy fuqaroning raqamli profili 2024 yil 10 dekabrgacha yaratilishi kerak. Xuddi shu sanaga qadar Moskva aeroportlari orqali Rossiyaga kirgan xorijliklarning biometrik ma’lumotlarini yig‘ish bo‘yicha eksperiment yakunlanishi lozim. Bu haqda 2024-2025 yillarda Davlat migratsiya siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan, deb yozdi Interfax. 

Reja oltita bo‘limga birlashtirilgan 40 dan ortiq turli tadbirlarni o‘z ichiga oladi va ular, xususan, chet elliklarning Rossiya hududiga kirishi, ularning moslashuviga ko‘maklashish, talabalar, olimlar va professor-o‘qituvchilarning erkin harakatlanishiga, shuningdek, migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olishga qaratilgan. 

Rejada Rossiyada yashash va ishlashni xohlovchilar uchun xizmatlarni raqamlashtirishga alohida e’tibor berilgan. 

Xususan, rejada xorijiy fuqaroning raqamli profilini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan. Bunga erishish uchun har bir chet el fuqarosi uchun turli idoraviy tizimlardagi migratsiya ro‘yxatga olish ma’lumotlarini birlashtirish rejalashtirilgan. Bu ishni Raqamli rivojlanish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, FXX, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi va Ta’lim va fan vazirligi amalga oshirishi kerak. 

Xuddi shu sanaga borib, rejaga ko‘ra, Moskva aeroportlari orqali Rossiyaga kelayotgan xorijliklarning biometrik ma’lumotlarini yig‘ish bo‘yicha o‘tkazilgan eksperiment natijalari umumlashtirilishi kerak. Eksperiment davomida Yagona biometrik tizimda joylashgan shaxsiy ma’lumotlardan foydalangan holda xorijliklarning autentifikatsiyasi jarayoni sinovdan o‘tkaziladi. Eksperiment, shuningdek, davlat genom ro‘yxatidan o‘tkazish va chet el fuqarolarining ovozini yozib olishni o‘z ichiga oladi. Bu Moskva hukumati, FXX, Ichki ishlar vazirligi, Raqamli rivojlanish vazirligi va boshqa manfaatdor organlar tomonidan amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, reja chet elliklar tomonidan Rossiya qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlashni nazarda tutadi. Ushbu takliflar Ichki ishlar vazirligi va FXX tomonidan tayyorlanib, 2024 yil mart oyida hukumatga taqdim etilishi kerak. 

Rossiyaning 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosati konsepsiyasi 2018 yilda prezident farmoni bilan tasdiqlangan. 2023 yilda u prezident qarori bilan yangilandi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid