Jahon | 09:30 / 20.01.2024
4597
3 daqiqa o‘qiladi

Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiya bilan chegarada «mudofaa chizig‘ini» yaratadi

Kelishuvga ko‘ra, Estoniya, Latviya va Litva Rossiya Federatsiyasi va Belarus bilan chegaralarida harbiy tahdidlar oldini olish va ulardan himoyalanish uchun turli mudofaa inshootlarini quradi.

Foto: AP

Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida Estoniya, Latviya va Litva sharqiy chegara bo‘ylab yagona «mudofaa chizig‘ini» yaratadi. Boltiqbo‘yi mamlakatlari mudofaa vazirlari 19 yanvar, juma kuni Rigada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shu haqda kelishib oldi, deb xabar bermoqda Estoniya mudofaa vazirligi.

Kelishuv kelgusi yillarda Estoniya, Latviya va Litva Rossiya Federatsiyasi va Belarus bilan chegaralarida turli xil mudofaa tuzilmalarini qurishini nazarda tutadi, ularning maqsadi - «harbiy tahdidlarning oldini olish va kerak bo‘lganda himoya qilish».

Loyihadan maqsad - NATO sharqiy qanotini himoya qilish

«Rossiyaning Ukrainadagi urushi Estoniyani himoya qilish uchun texnika, o‘q-dorilar va ishchi kuchidan tashqari chegarada mudofaa tuzilmalari ham zarurligini ko‘rsatdi», — dedi Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur. Uning qo‘shimcha qilishicha, mudofaa tuzilmalari maqsadi mintaqada harbiy mojaroning oldini olish bo‘ladi.

Uning latviyalik hamkasbi Andris Spruds X ijtimoiy tarmog‘ida ta’kidlaganidek, Boltiqbo‘yi mudofaa chizig‘i «NATOning sharqiy qanotini himoya qilish va raqiblar harakat erkinligini rad etish» uchun mo‘ljallangan.

Estoniya Rossiyadan xavfsiramoqda

Estoniyaning Postimees gazetasi yozishicha, Tallin Rossiyadan ehtimoliy tahdid yuzaga kelgan taqdirda mamlakat sharqiy chegarasida 600 ga yaqin beton bunkerlar qurish niyatida. 

«Rossiya Estoniya xavfsizligi uchun eng katta tahdid va shunday bo‘lib qoladi. Ukrainadagi urush Rossiyaning hujum kuchini kamaytirdi, biroq, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, u uni ikki-uch yil ichida tiklashga tayyor. Biz tayyor bo‘lishimiz kerak. Rossiya uchun Estoniyaga qilingan hujumning narxi imkon qadar yuqori bo‘ladi», - deya Estoniya mudofaa vazirligi vitse-kansleri maslahatchisi Kaydo Tiytus so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Bunkerlarni o‘rnatish 2025 yil boshidan boshlanadi, deb yozadi ERR milliy teleradiokompaniyasi portali. Birinchidan, hokimiyat yer egalari bilan qurilishni muvofiqlashtirishi kerak, chunki kelajakda mudofaa chizig‘ining aksariyati xususiy yerlardan o‘tadi. 

Mavzuga oid