Raketalar, dronlar, ekipajsiz katerlar. Husiychilar Qizil dengizda qanday qurollar qo‘llamoqda?
Yaman - 2014 yildan buyon davom etayotgan fuqarolik urushi tufayli dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biriga aylangan.
10 yil muqaddam husiychilar Yaman poytaxti Sanoni egallab olgandi. Shundan buyon Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari ushbu guruh pozitsiyalariga havodan zarbalar yo‘llamoqda, bu esa shaharlar vayron bo‘lishi hamda aholining qashshoqlashuvi kuchayishiga olib keldi.
Shunga qaramay, o‘tgan yil noyabr oyi boshlaridan husiychilar muhim savdo yo‘li bo‘ylab yuk tashuvlariga to‘sqinlik qilishga qodirligini namoyish etdi, bu esa AQSh hamda Buyuk Britaniyani javob zarbalari yo‘llashga majbur qildi.
Yuzaga kelgan mojaro jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Yaman qayerda joylashgan va qanday strategik ahamiyatga ega?
Husiychilar dengiz orqali tashuvga ta’sir ko‘rsata olgani ular tomonidan nazorat qilinadigan hududning geografik joylashuvi bilan izohlanadi.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ushbu guruh 2014 yildan buyon Yamanning kattagina qismini, jumladan poytaxt Sano shahri, mamlakat shimoli hamda Qizil dengiz sohillarini nazorat qilib kelmoqda.
Bob-al-Mandib bo‘g‘ozi ham ularning ta’sir doirasida, bu esa Yevropa va Osiyoni o‘zaro bog‘lovchi eng qisqa dengiz yo‘li hisoblanadi.
Husiychilar nima uchun Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilmoqda?
AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 19 noyabrdan buyon husiychilar Qizil dengiz janubi va Adan ko‘rfazi orqali o‘tuvchi savdo kemalariga kamida 26 bor hujum uyushtirgan.
Husiychilar bu hujumlar – isroilliklarning G‘azoga hujumiga javob ekanini aytib, Isroilga qandaydir tarzda aloqador bo‘lgan kemalarning barchasi ularning nishonida ekanini qo‘shimcha qiladi.
Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, ular so‘nggi hujumlarida Isroilga umuman aloqasi bo‘lmagan kemalarni nishonga olgan. Ularning fikricha, husiychilar musulmon olamidagi mashhurligini oshirib olish, o‘z imkoniyatlarini namoyish etib, Eronga samarali ittifoqchi bo‘la olishini isbotlash uchun G‘azodagi vaziyatdan foydalanib qolmoqda.
Husiychilarning harbiy qudrati nimada?
Husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga so‘nggi hujumlarida qanotli va ballistik raketalardan, shuningdek uchuvchisiz uchish apparatlari hamda ekipajsiz suvusti dronlaridan (USV) foydalangan.
Guruh vakillari ilk hujumlarida kichik katerlar hamda vertolyotlardan foydalangan holda kemalar palubasiga tushishga va ularni egallab olishga harakat qilishgandi.
Husiychilar tomonidan qo‘llanayotgan kamikadze dronlar Qasef rusumli apparatlardir.
Katta ehtimol bilan, ular nisbatan uzoq masofaga uchuvchi Samads dronlarini ham uchirmoqda – bunday qurollar dastlab Saudiya Arabistoni bilan mojaroda foydalanish uchun olingandi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti ma’lumotiga ko‘ra, husiychilarda kemalarga qarshi 80 kilometrdan 300 kilometrgacha harakatlanuvchi turli qanotli raketalar, jumladan Sayyad va Sejjil raketalari ham mavjud.
Tahlil markaziga ko‘ra, bu guruhdagi kemalarga qarshi ballistik raketalar 300 km masofadagi nishonga yetib borishi mumkin. Bu raketalarni tutib olish ancha murakkab, chunki ular nisbatan yuqori trayektoriya bo‘ylab harakatlanadi va nishonga juda tez yetib boradi. Vashington institutiga ko‘ra, uni to‘xtatish uchun «dronlar, kemalar yoki hamkor kuchlar orqali nishon o‘z vaqtida aniqlanishi» talab etiladi.
Dengiz tarixchisi Sal Merkolyanoning BBC bilan suhbatda aytishicha, ballistik va qanotli raketalar dronlarga qaraganda xavfliroq, chunki «ular nisbatan yirik jangovar kallaklarga hamda katta kinetik kuchga ega».
Merkolyanoning so‘zlariga ko‘ra, bir martalik dronlar yig‘ilishi osonligi va arzonligi uchun juda ko‘p, ammo ular sekin harakatlanadi.
Bu dronlar kema vaterliniyasidan (kemaning suvga botish chizig‘i) teparoqqa zarba beradi, shu tufayli ko‘pi bilan yong‘in keltirib chiqaradi.
Sal Merkolyanoning fikricha, ekipajsiz suvusti apparatlari (USV) ko‘proq xavotir uyg‘otadi, «chunki ular kemaning vaterliniyasiga zarba beradi, bu esa ichkariga suv kirishi va kema cho‘kishiga olib kelishi mumkin».
AQSh harbiy-dengiz kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi mojaroda husiychilar birinchi bor boshqaruvchisiz suvusti qayiqlaridan foydalanmoqda, portlovchi moddalar o‘rnatilgan shunday katerlardan biri bilan 4 yanvar kuni hujum uyushtirilgan. U xalqaro savdo dengiz yo‘lida portlagan.
«Yaxshiki, qurbonlar bo‘lmadi, birorta kema shikastlanmadi, ammo bir martalik zarbdor USV qo‘llanishi xavotir uyg‘otadi», – degan o‘sha kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni, vitse-admiral Bred Kuper bu hujumni husiychilarning «yangi qobiliyati»dan foydalanish deb atab.
Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko‘ra, husiychilar bunday katerlardan 2017 yil yanvarida saudiyaliklarning «Al-Madina» fregatiga hujum qilishda, shuningdek 2020 yil martida «Yamanning Adan shahriga yo‘l olgan neft tankeriga hujum qilishda» ham foydalangandi.
Husiychilar qanday qo‘llab-quvvatlanadi?
Husiychilar o‘zini Livandagi «Hizbulloh», Suriyadagi Asad rejimi, G‘azo sektoridagi HAMAS hamda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va Isroil hamda AQShga qarshi turadigan boshqa guruhlarni o‘z ichiga oluvchi qarshilik o‘qining bir qismi deb hisoblaydi.
2023 yil fevralida Buyuk Britaniya hukumati BMTga «Eron davlati hamda husiychilar Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga hujumlarda foydalangan raketa tizimlari kontrabandasi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa borligini ko‘rsatuvchi dalillar»ni taqdim etganini e’lon qilgandi.
Buyuk Britaniya hukumati Qirollik harbiy-dengiz flotining HMS Montrose kemasi 2022 yil boshida ikki bor Eron janubidan xalqaro suvlar tomon suzgan va kontrabandachilar boshqaruvidagi tezyurar katerlardan eronliklarning qurollari musodara qilingani haqida ma’lum qilgan.
Britaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu yuklar tarkibida «yer-havo» tipidagi raketalar, «yer-yer» tipidagi qanotli raketalar uchun dvigatellar hamda razvedka olib borishga mo‘ljallangan tijoriy kvadrokopterlar bo‘lgan.
AQShning aviazarbalari husiychilarni to‘xtata oladimi?
AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa o‘nlab mamlakatlar 2023 yil dekabrida husiychilarni hujumlarni to‘xtatish zarurligi haqida ogohlantirgandi.
AQSh va boshqa davlatlar Qizil dengizning janubiy qismi hamda Adan bo‘g‘ozi xavfsizligi muammosini hal etish uchun Operation Prosperity Guardian xalqaro harbiy koalitsiya tuzgandi.
11 yanvarga o‘tar kechasi AQSh va Buyuk Britaniya aviatsiyasi va kemalari husiychilarning harbiy obektlari bo‘ylab zarbalar yo‘lladi.
«AQSh kuchlari Buyuk Britaniya, Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Niderlandiya bilan hamkorlikda Yamandagi husiychi isyonchilar tomonidan foydalangan 16 nuqtadagi 60 dan ortiq nishonga aniq zarba yo‘lladi», – deyilgan AQSh harbiy-dengiz kuchlari xabarida.
Bunday zarbalar keyingi kunlarda ham ham takrorlandi (12 yanvardan 18 yanvargacha yana uch marta).
Ammo tahlilchilar Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasining ko‘p yillardan buyon yo‘llab kelayotgan aviazarbalari husiychilar tor-mor etilishiga olib kelmaganini qayd etishgan.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024