21:47 / 23.01.2024
13989

Trampning partiya ichida birgina raqibi qoldi. Nikki Heyli kim va uning imkoniyatlari qanday?

Yakshanba kuni Florida gubernatori Ron Desantis AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasi nomzodi bo‘lish uchun poygani tark etgach, Nikki Heyli Donald Trampning partiya ichidagi kurashda yagona raqibi bo‘lib qoldi – u Janubiy Karolinaning sobiq gubernatori va AQShning BMTdagi sobiq maxsus vakilidir.

«O‘z vaqtida bu kampaniya ishtirokchisi 14 kishi edik. Ammo bugun rasman ikki kishi poygasi boshlandi – men va Tramp», - deya yozgan Heyli BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker tanishib chiqqan pochta xabarlaridan birida.

Yanvar oyida praymeriz va kokus marafoni boshlangandi – bu  jarayon davomida Amerika shtatlari birin-ketin AQSh prezidentligiga nomzodni tanlaydi.

Respublikachilar o‘rtasida birinchi ovoz berish jarayoni an’anaga ko‘ra Ayovada bo‘lib o‘tdi va Donald Tramp darhol poygada yetakchilikni qo‘lga oldi. Nikki Heyli bu shtatda Desantisdan 2 foiz kamroq ovoz olib, uchinchi o‘rin bo‘lgandi.

Ammo endi Heyli va Tramp o‘rtasida ovozlarning bir qismini o‘zini qilishi mumkin bo‘lgan boshqa nomzod qolmadi.

Seshanba kuni Nyu-Hempshirda navbatdagi ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi va bu shtatdagi natijalar respublikachilar nomzodi uchun kurash qanday kechishiga oydinlik kiritib beradi.

Nikki Heyli kim o‘zi? Va unda Trampni yengish uchun imkoniyat bormi?

Nikki Heylining siyosiy yo‘li

Nikki Heyli – AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lgan beshinchi ayol kishi (oq tanli bo‘lmagan ilk ayol nomzod).

U 52 yoshda bo‘lib, 1972 yilda Janubiy Karolina shtatida hindistonlik sikh muhojirlari oilasida dunyoga kelgan. O‘zini nasroniy deb biladi, ammo ota-onasining diniga hurmat sifatida sikhlarning diniy marosimlarida qatnashadi.

2005 yildan 2010 yilga qadar Heyli Janubiy Karolina Vakillar palatasida ishlagan, 2011 yilda shtat gubernatoriga aylangan va bu lavozimda 2017 yilga qadar qolgan.

2017 yil yanvarida, AQSh prezidentligiga endigina kelgan Donald Tramp uni mamlakatning BMTdagi doimiy vakili etib tayinlagandi — Heyli uni ko‘p bor tanqid qilgani va saylovlarda uning nomzodini qo‘llab-quvvatlamaganiga qaramay.

BMTda u Rossiya va Eron manzillariga qattiq tanqidlar yog‘dirib, ushbu ikki davlatga nisbatan sanksiyalarni ilgari surgani bilan yodda qolgan.

U ishlagan davrda AQSh BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashini tark etgan. Bu, albatta, Oq uyning qarori edi, ammo uning o‘zi ham bunda muhim rol o‘ynagan.

Heyli kengashni muntazam ravishda «surunkali Isroilga qarshi tarafkashlik»da ayblab keladi, AQSh uning safidan chiqayotgani e’lon qilinganida esa kengashni «siyosiy tarafkashlik chuqurligi» deb ataydi.

2018 yil dekabrida Nikki Heyli AQShning BMTdagi elchisi lavozimini tark etadi. Vakolatlari tugashiga oz vaqt qolganida uni Oq uyda qabul qilgan Donald Tramp unga o‘z ma’muriyatidagi istalgan lavozimni egallashni taklif etadi.

«Istaganingni tanla», - degandi o‘shanda Tramp. Heyli esa kulib yuborgandi.

O‘shanda Heyli Oq uyga ishga o‘tmaydi, 2023 yil 14 fevral kuni esa prezidentlik saylovlari uchun rasman nomzodini qo‘yadi va endi sobiq rahbarining asosiy raqibiga aylandi.

Nikki Heyli 2023 yil avgustida respublikachi nomzodlarning Ayovadagi yarmarkasida. O‘shanda uning reytingi 3,5 foiz atrofida edi.
Chip Somodevilla / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

Nikki Heyli Qo‘shma Shtatlarga nimalarni va’da qilmoqda?

Ichki siyosatdagi qator masalalarda Nikki Heyli raqobatchisi Tramp kabi fikrlaydi, xususan, immigratsiya va soliq-budjet sohalarida.

Masalan, u qator ijtimoiy dasturlar, jumladan tibbiy sug‘urta uchun ajratiladigan mablag‘larni qisqartirish o‘rinli deb biladi.

Shuningdek, u abortlarga qarshi bo‘lib, uni cheklovchi qonun loyihalari uchun ovoz beradi, ammo ko‘pchilik respublikachi hamkasblardan farqli o‘laroq, zo‘rlash va qarindoshlar o‘rtasidagi jinsiy aloqa bilan bog‘liq holatlarda abortga ruxsat berishni nazarda tutuvchi yumshoqroq siyosat tarafdori sanaladi.

Xalqaro kun tartibida Heyli Tramp kabi Yaqin Sharqdagi istalgan mojaroda so‘zsiz Isroil tarafida turadi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush boshlanganida u AQSh Isroilga «terrorchilarni yo‘q qilish»da har tomonlama yordam berishi zarurligini ta’kidlagandi.

Ammo u ko‘plab respublikachilar, jumladan Trampning AQShning Rossiyaga nisbatan siyosatini yumshatish niyati bo‘yicha mutlaqo murosasiz pozitsiyani egallaydi.

U Ukrainaning Rossiya bilan urushdagi g‘alabasini AQShning global va milliy xavfsizligi kafolati deb biladi hamda Kreml bilan muloqotga chaqiruvchi yoki AQSh bu mojaroda betaraf bo‘lishi lozimligini aytuvchi partiyadoshlarini tanqid qiladi.

«Sizga aytaman, Putin va Si shunday odam prezident bo‘lishi mumkin degan fikrdan so‘lagi oqmoqda», — degandi u 2023 yil noyabrida saylovoldi poygasidagi raqiblaridan biri Vivek Ramasvami bilan debat chog‘ida, u keyinroq o‘z nomzodini qaytarib olgandi.

Heyli Trampga qanday munosabatda?

Shu kunlarda Heyli ochiqchasiga Donald Trampning aqliy qobiliyatlari unga prezidentlik lavozimiga da’vogarlik qilishiga imkon berishiga shubha bildirgandi. Bunga Tramp tarafdorlari qarshisidagi so‘nggi chiqishlaridan birida  uni AQSh Vakillar palatasining sobiq spikeri, demokrat Nensi Pelosi bilan adashtirib yuborgani sabab bo‘lgandi.

Tramp bir necha bor aynan u — Nikki Heyli — Oq uyning harbiylar va qo‘riqchilar sonini oshirish to‘g‘risidagi taklifini rad etish orqali 2021 yil 6 yanvaridagi hujum vaqtida Kapitoliyning xavfsizligini kerakli darajada ta’minlay olmaganini takrorlagan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, aynan Kongressning o‘sha davrdagi rahbariyati va xususan Nikki Heyli hujum shunday oqibatlarga ega bo‘lganida aybdor, lekin u buni tan olishga jazm eta olmaydi.

Lekin Nikki Heyli respublikachi bo‘lishidan tashqari, 2021 yil yanvarida hech qanday rasmiy lavozimda bo‘lmagan, aynan 6 yanvar kuni esa Vashingtondan tashqarida bo‘lgan.

Keyinroq Trampning atrofidagilar nomzod shunchaki chalkashib ketgani va u o‘z nutqida Nensi Pelosini nazarda tutganini aytishdi.

Ammo Heyli faqat bir marta adashishni to‘g‘ri tushunish mumkinligi, uning ismi unga mutlaqo aloqasi yo‘q bo‘lgan kontekstga bog‘lanishi — xavotirli signal ekanini ta’kidlaydi.

«Bu meni tashvishga soladi — va men hech kimni kamsitmoqchi emasman, — ammo prezident bo‘lish bilan birga keladigan mas’uliyat va bosimning og‘irligi haqida gap ketganda, agar uning psixologik jihatdan loyiqligiga amin bo‘lmasak, bunday odamga buni qilishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — degandi Nikki Heyli 81 yoshli Bayden va 77 yoshli Trampga ishora qilgan holda.

Uning g‘alaba uchun imkoniyatlari qanday?

So‘nggi oylarda Nikki Heylini qo‘llash darajasi alohida shtatlarda ham, Respublikachilar partiyasining Vashingtondagi yadrosida ham kuchaydi.

Ko‘pchilik uchun u – partiyaning Trampgacha bo‘lgan davrini, matbuotdagi mojarolar bo‘lmagan, adoqsiz sud da’volarisiz, FQB jalb etilgan tekshiruvlar hamda Tramp davridagi boshqa iztiroblar yo‘q bo‘lgan davrni ifodalaydi.

Heyli – Donald Tramp Oq uyga qaytishini istamaydiganlar uchun murosa tanlovidir.

Lekin asosiy savol shundaki, ular uni saylovlarda Jo Baydenni mag‘lub etishga qodir deb hisoblashadimi, chunki ular Oq uyda demokratlarni ham ko‘rishni istashmaydi.

Ko‘plab tahlilchilar fikricha, shu yil sentabriga qadar davom etadigan praymeriz davomida u o‘zining Trampdan ustunligini emas, balki Baydenga qarshi kurash olib borish qobiliyatini isbotlashi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top