Jahon | 23:20 / 24.01.2024
9570
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya aktivlarini musodara qilish va ularni Ukrainaga berish yo‘lida dastlabki qadamni tashladi 

Bu mablag‘lar Rossiya hujumi oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchiliklarni bartaraf qilish uchun sarflanishi kutilmoqda. 

Foto: EPA-EFE

AQSh Senati va Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo‘mitasi Rossiya aktivlarini musodara qilish va ularni Ukrainaga berishga yo‘l ochadigan qonun loyihasini ma’qulladi. Bu mablag‘lar Rossiya hujumi oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchiliklarni bartaraf qilish uchun sarflanadi. 

Agar qonun loyihasi Senat va Vakillar palatasida to‘liq ma’qullansa va prezident Jo Bayden tomonidan imzolansa, bu tarixda ilk bor AQSh bilan urushmayotgan davlat aktivlarini musodara qilishga imkon beradi. Qayd qilinishicha, Bayden ma’muriyati qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamoqda. 

AQSh hududida Rossiya Markaziy Bankining 5-6 milliard dollar qiymatdagi aktivlari bor. Ular 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng darhol muzlatib qo‘yilgan. Bu harakatlar Yevropa, Kanada va Yaponiyadagi hamkorlar bilan kelishilgan holda amalga oshirildi, ayni paytda Rossiya Markaziy Bankining xorijda muzlatilgan aktivlarining umumiy qiymati taxminan 300 milliard dollarni tashkil etadi. 

Shu bilan birga, G7 Ukrainani qayta tiklash uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha haligacha konsensusga erishgani yo‘q. Ammo AQSh tomonidan bu boradagi dastlabki qadamning tashlanishi boshqa davlatlarni jalb qilishda yordam berishi mumkin. 

22 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushadigan daromad solig‘ini joriy etishga siyosiy rozilik berdi. Shu bilan birga, Reuters agentligi rossiyalik rasmiylarga tayanib, Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarini musodara qilishi ehtimoli kamligi, chunki u moliyaviy va huquqiy xavflardan qo‘rqishi haqida yozdi. Shu bilan birga, G‘arb yetakchilari urush paytida Ukrainani Rossiya aktivlarini musodara qilish va naqd pulga aylantirish orqali moliyalashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid