Belgorodda Il-76 halokati. Hozirgacha nimalar ma’lum?
Rossiya mudofaa vazirligi bortda 65 nafar ukrain harbiy asirlari bo‘lganini aytgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi va razvedkaning izohlari samolyot ukrainlar tomonidan urib tushirilganini tasdiqlashdek yangramoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi chorshanba kuni Belgorod oblastida ukrainalik harbiy asirlarni almashuv uchun olib ketayotgan Il-76 harbiy-transport samolyoti urib tushirilganini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, zarba Xarkiv oblastidan turib berilgan.
Moskvadagilar nimalar deyishmoqda?
Qulagan Il-76 bortida Ukraina qurolli kuchlarining Belgorod oblastiga almashuv jarayoni uchun olib kelingan asirlikdagi 65 harbiysi, samolyot ekipajining olti a’zosi hamda uch nafar qo‘riqchi bo‘lgan, deb xabar bergan Rossiya mudofaa vazirligi. Ya’ni 74 kishi. Ularning barchasi samolyot halokati oqibatida halok bo‘lgan.
Rossiya harbiy idorasiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastining Lipsi qishlog‘i hududida joylashtirilgan zenit-raketa kompleksidan ikkita raketa uchirilgan. Mudofaa vazirligi bu uchirishlar Rossiya radiolokatsion vositalari orqali qayd etilganini ma’lum qilgan.
RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, Il-76 samolyoti Moskva oblastidagi Chkalovskiy aerodromidan Belgorodga uchgan. TASS agentligi mahalliy ruhoniyga tayanib yozishicha, u Yablonovo qishlog‘idan besh-olti kilometr masofada qulagan, yerda vayrongarchiliklar qayd etilmagan.
Bungacha mahalliy telegram-kanallar va harbiy sohaga ixtisoslashgan blogerlar Il-76 Belgorod oblastining Korochanskiy rayoniga qulaganini aytib, samolyot qulashi va portlashi aks etgan videoni tarqatgandi.
Rossiya mudofaa vazirligi halokatni terakt deb atagan va bunda «Kiyev rejimi»ni ayblagan.
Vazirlik versiyasiga ko‘ra, Ukraina hukumati «mavjud amaliyot bo‘yicha bugun ukrainalik harbiy xizmatchilar Belgorod aerodromiga harbiy-transport samolyotlari orqali yetkazilishi kerak bo‘lgani»dan boxabar bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, asirlar almashinuvi 24 yanvar kuni kunning ikkinchi yarmida Kolotilovka nazorat-o‘tkazish punktida amalga oshirilishi kerak edi.
Vazirlikdagilarning hisoblashicha, «Kiyev rejimi bu qadamni Rossiyani ukrain harbiylarini yo‘q qilishda ayblash maqsadida tashlagan».
The Insider nashrining asirlar almashinuvi jarayonidan xabardor manbasi asirlar bungacha ham bir necha marta «samolyotlarda olib kelingani»ni tasdiqlagan. Ammo Rossiya bugun bu haqda ogohlantirish yubormagan.
Kreml samolyot halokati bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. «Bu yangi xabar. Endi bu ma’lumot o‘rganiladi. Hozircha hech narsa ayta olmayman», — degan jurnalistlarga RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Vladimir Putinning o‘zi hozircha bu borada hech narsa demagan.
Kun oxiriga kelib Rossiya tashqi ishlar vazirligi ham bayonot berib, Il-76 samolyoti halokatini terakt deb bahlodi va unda Ukraina hukumatini aybladi. Rossiyaning bu idorasi ham RF mudofaa vazirligining samolyotga Xarkiv oblastidan zenit raketalar bilan zarba berilgani haqidagi ma’lumotini takrorlagan .
«Kiyevdagilar asirlar almashinuviga tayyorgarlik haqida juda yaxshi bilishgan. Harbiy asirlar qanday va qaysi yo‘nalish bo‘ylab yetkazilishidan ham xabardor bo‘lishgan. Samolyotga hujum qasddan va ongli ravishda qilingan aksiya edi. Sodir etilgan terakt Kiyev rejimining muzokara olib borishga qodir emasligini yaqqol namoyish etadi», — deyilgan Rossiya TIV xabarida.
Vazirlik xalqaro tuzilmalar, milliy hukumatlar va jahon hamjamiyatini bu hodisani «qoralash»ga chaqirgan.
Kiyevdagilar nima demoqda?
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kun davomida vaziyat yuzasidan munosabat bildirmadi, uning ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak esa Reuters agentligi so‘roviga shunday javob qaytargan: «Izoh biroz keyinroq bo‘ladi. Barcha ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun vaqt kerak».
Ukrainadagi nashrlar avvaliga Ukraina qurolli kuchlaridagi manbaga asoslanib, Belgorod oblastidagi Il-76 halokati — «ularning ishi» ekani haqida xabar tarqatdi. Bunday iqtibos «Ukrainskaya pravda» va «RBK-Ukraina» nashrlari tomonidan keltirilgan. Manba versiyasiga ko‘ra, qulagan Il-76 harbiylarni emas, balki S-300 zenit-raketa kompleksi uchun raketalar tashiyotgan bo‘lgan.
Keyinroq ikki nashr ham o‘z xabarini tahrirlab, ukrain harbiylarining «ishi» haqidagi so‘zlarni o‘chirib yubordi. «Suspіlne» nashri esa Ukraina hukumati hozircha samolyot qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgani haqidagi xabarni tasdiqlay olmasligi, «vaziyatga oydinlik kiritilayotgani» haqida yozdi.
Ukraina QK bosh shtabi ukrain harbiylari Rossiya raketalarini uchirish nuqtalarini kuzatishda davom etayotgani va «ularni yetkazib berish vositalarini yo‘q qilish choralarini ko‘rayotgani» haqida bayonot berdi. Il-76 halokatidan bir necha soat o‘tib berilgan bu bayonotda to‘g‘ridan to‘g‘ri halokatning o‘zi haqida hech narsa deyilmagan. Ukrainalik harbiylar Xarkiv oblasti raketalardan o‘qqa tutilishi intensivligi va shu bilan bog‘liq ravishda Belgorodga uchayotgan harbiy-transport samolyotlari soni ortayotganini qayd etgan. «Shuni inobatga olgan holda, Ukraina qurolli kuchlari terrorchilik tahdidini bartaraf etish uchun, shu jumladan Belgorod-Xarkiv yo‘nalishida yetkazib berish vositalarini yo‘q qilish va havo hududini nazorat qilish choralarini ko‘rishda davom etadi», — deyilgan Bosh shtab bayonotida.
Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi 24 yanvar kuni Rossiya va Ukraina asirlarni almashtirishga hozirlik ko‘rganini tasdiqladi, ammo asirlar samolyotda bo‘lgan-bo‘lmagani aniq emas. Shu bilan birga, boshqarma Ukraina «muayyan vaqt davomida Belgorod shahri atrofida havo hududi xavfsizligini ta’minlash zarurati to‘g‘risida xabardor qilinmagani»ni ta’kidlagan. Idoraning qayd etishicha, Kiyevga transport vositalari soni, yo‘nalish va asirlarni yetkazish shakllari haqida ham ma’lumot berilmagan.
Razvedkadagilar Ukraina asirlarni almashishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha barcha kelishuvlarni bajargani va rossiyalik harbiy asirlar «almashish uchun kelishilgan nuqtaga yetkazilgani»ni ma’lum qilgan.
«Bu Rossiyaning asirlar hayoti va xavfsizligiga tahdid yaratishga qaratilgan qasddan qilingan harakatlaridan dalolat berishi mumkin, — degan razvedka boshqarmasi. — Shundan kelib chiqib, gap Rossiyaning Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirish va davlatimizni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlash darajasini zaiflashtirish maqsadida rejalashtirilgan va qasddan amalga oshirilgan harakatlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin».
NV nashrining Ukraina havo kuchlaridagi manbasi qulagan Il-76 samolyotida ukrain harbiy asirlari bo‘lmaganiga ishonchi komil ekanini aytgan. «Bu Il-76 samolyotlari bilan kuniga bir necha bor frontga o‘q-dori yetkazib beriladi. Bu ularning tasdiqlangan marshruti, bu yo‘nalish bo‘yicha ular kuniga kamida uch marta nafaqat o‘q-dorilar, balki S-300 tizimlarini ham yetkazib berishadi. Ishonchimiz komilki, u yerda asirlar bo‘lmagan», — degan jurnalistlar suhbatdoshi.
Asirlar ro‘yxati
Rossiyalik propagandachi Margarita Simonyan go‘yoki qulagan Il-76 bortida bo‘lgan ukrain harbiy asirlari ro‘yxatini e’lon qildi. Unda 65 kishining ismi, sharifi, familiyasi va tug‘ilgan sanalari keltiriladi. Bu ro‘yxat haqiqiyligi tasdiqlanmagan. Simonyanning ro‘yxatidagi odamlar asirlar almashuvida ishtirok etishi va samolyot bortida bo‘lishi kerak bo‘lgani haqida ham hech qanday tasdiq yo‘q.
Simonyanning ro‘yxatida asirlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘uvchi Wartears loyihasi saytida tilga olingan bir necha ukrain harbiy asirlarini ko‘rish mumkin. Ro‘yxatdagi kamida 11 kishining ma’lumotlari 2023 yil dekabr oyi oxirida ukrainlarning «Poisk plennyx i propavshix bez vesti ukrainsev» telegram-kanalida e’lon qilingan ma’lumotlarga to‘g‘ri keladi. BBC rus xizmati ro‘yxatdagi 20 kishini tekshirib ko‘rgan — ularning barchasi ijtimoiy tarmoqlarda va maxsus saytlarda ukrain harbiy asirlari sifatida keltirilgan. Shu bilan birga, ro‘yxatdagi kamida bir kishi — Konovalenko Maksim Anatolevich — Wartears ma’lumotiga ko‘ra 2024 yil 3 yanvarida almashtirilgan.
Baza manbasi tasdiqlashicha, ro‘yxatdagi ukrain harbiy asirlarining ayrimlari Mariupolda, ayrimlari — keng ko‘lamli bosqinning ilk haftalarida, 2022 yil martida asir tushgandi.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024