Janubiy Koreya KXDRdan qanotli raketalar uchirilganini e’lon qildi
Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning bir nechta qanotli raketalari ochiq dengiz tomon uchirilgan hamda Koreya yarimoroli va Xitoy orasidagi suvlarga qulagan.
KXDR ochiq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalarni uchirdi, ular Koreya yarimoroli va Xitoy o‘rtasidagi suvlarga quladi, deb xabar berdi Janubiy Koreya qurolli kuchlari bosh shtabi 24 yanvar, chorshanba kuni ertalab. Janubiy Koreya harbiylari AQShdan kelgan mutaxassislar bilan birgalikda voqea tafsilotlarini tahlil qilmoqda.
Shimoliy Koreya tomonidan sinovdan o‘tkazilishi yadroviy va raketa dasturlari kabi xalqaro sanksiyalarga duchor bo‘lgan ballistik raketalardan farqli o‘laroq, qanotli raketalarning uchirilishi texnik jihatdan jazo choralariga sabab bo‘lmaydi. Biroq, bu raketalar yadro kallaklariga ham ega bo‘lishi mumkin, deya eslatadi dpa agentligi.
Shimoliy Koreyaning raketa va yadro sinovlari
Bundan bir necha kun oldin, 19 yanvarda Shimoliy Koreya «Xeil-5-23» suvosti yadro quroli tizimini - yadroviy kallak bilan jihozlanishi mumkin bo‘lgan suvosti dronini sinovdan o‘tkazayotganini e’lon qildi. «Xeil-5-23» tizimining mavjudligini mustaqil tasdiqlash imkoni yo‘q. Pxenyanga ko‘ra, suvosti droni ilk bor o‘tgan yilning mart oyida sinovdan o‘tkazilgan hamda dushman kemalari va muhim portlarga kutilmagan hujumlar uyushtirishga qodir.
15 yanvar kuni Shimoliy Koreya gipertovushli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi. Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketa ming kilometrga yaqin masofani bosib o‘tib, Yapon dengiziga qulagan.
14 yanvar kuni Shimoliy Koreya Yaponiya tomon ballistik raketa uchirdi - bu 2024 yilda bunday qurolning ilk sinovi bo‘ldi. Yaponiya sohilni qo‘riqlash xizmati va mamlakat mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, raketa sharqiy qirg‘oqdan otilgan va Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasi tashqarisida dengizga qulagan.
Koreya yarimorolida keskinlik kuchaymoqda
Yanvar oyi boshida Shimoliy Koreya Janubiy Koreya orollari tomon 200 tadan ortiq snaryad otgandi. Bunga javoban Janubiy Koreya qurolli kuchlari o‘q otish mashqlarini o‘tkazdi.
O‘tgan yil dekabr oyida Pxenyan bir necha sinovlardan so‘ng, Shimoliy Koreya tomoniga ko‘ra, parvoz masofasi 1002,3 kilometrni tashkil etgan qit’alararo raketani uchirdi. Noyabr oyida KXDR koinotga o‘zining birinchi harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini yubordi.
Mavzuga oid
14:22 / 13.11.2024
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
11:22 / 12.11.2024
Shimoliy Koreyadan qochganlar RFdagi KXDR kuchlari orasida dezertirlikka erishmoqchi
10:41 / 12.11.2024
KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
20:11 / 10.11.2024