Jahon | 15:36 / 24.01.2024
3172
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiyadan STG importini taqiqlashni taklif qildi

Yevropa Ittifoqida muhokama qilingan 13-sanksiya paketiga Rossiyadan suyultirilgan gaz importini taqiqlashni kiritish taklif etilmoqda.

Foto: Sergei Krasnoukhov/TASS/dpa/picture alliance

Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-to‘plamiga Rossiya Federatsiyasidan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) va alyuminiy importi bo‘yicha taqiqni kiritishni taklif qilmoqda, deb xabar berdi DW’ning Bryusseldagi muxbiri 23 yanvar, seshanba kuni Polsha rasmiysiga tayanib. Bundan tashqari, Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari ilmiy hamkorlik va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni taqiqlashni taklif etmoqda. To‘rt davlatning boshqa takliflari qatoriga sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi keyingi chora-tadbirlar, aviatsiya sohasida cheklovlarni kuchaytirish va dronlarni ishlab chiqarishda qo‘llanishi taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish kiradi.

2023 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyadan STG importini urushdan oldingi davrga nisbatan 40 foizga oshirdi, deb yozadi Reuters. Eng yirik importchilar Ispaniya va Belgiya bo‘ldi. Ispaniya energetika vaziri Tereza Ribera Reuters’ga bergan intervyusida Rossiyaning STG masalasi Yevropa Ittifoqida sanksiyalar bo‘yicha muzokaralar mavzusi bo‘lishini aytgan edi. 

13-sanksiyalar paketi muhokamasi

Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘tgan hafta Rossiyaning Ukrainaga hujumi uchun yangi sanksiyalar paketini muhokama qila boshladi, deb xabar berdi Bloomberg. Keyingi, 13-sanksiyalar to‘plami urush boshlanganining ikki yilligi - 24 fevralda qabul qilinishi rejalashtirilgan. Unga jismoniy va yuridik shaxslarning yangi ro‘yxati, yangi savdo cheklovlari va Yevropa Ittifoqidagi kompaniyalar orqali ham, uchinchi mamlakatlarda ham sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar kiritilishi kutilmoqda, deb yozadi Bloomberg. 

Yevropa Ittifoqi elchilarining uchrashuvida sanksiyalar muhokama qilindi. 24 fevralgacha kelishuvga erishish oson bo‘lmaydi, chunki avvalgi paketni tasdiqlash uchun bir necha haftalik muzokaralar kerak bo‘lgan, deya ta’kidlaydi agentlik. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid